Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

Termiz kimlar sabab “Madinat ar-rijol” nomini olgan?

18.04.2019   6509   9 min.
Termiz kimlar sabab “Madinat ar-rijol” nomini olgan?

Termiz shahridan 3 km. shimoliy-sharqda joylashgan “Sulton Saodat” majmuasi,  musulmon Sharqida Payg‘ambarimiz Nabiy sollallohu alayhi vasallamning avlodlari (“ahl ul-bayt” ya’ni sayyidlar) daxmasi sifatida tanilgan. Ular payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning qizlari Fotima roziyallohu anho va xalifa Ali roziyallohu anhularning farzandi Imom Xusayn roziyallohu anhumning avlodlaridir. Ushbu yodgorlik xalq orasida Termiz sayyidlari daxmasi ham deb ataladi. Bu o‘ziga xos yodgorlik majmuasi me’moriy nuqtayi nazardan bir necha yuz yillar davomida shakllangan. Binoning boshlanishi, alohida maqbaralarda ishlatilgan g‘ishtlarning naqshlariga ko‘ra, X-XI asrlarga borib taqaladi. Majmua ayvon turidagi ravoqli qurilmaga ega masjid, Darvozaxona, XI asrda, ayrimlari — XIV va XVII asrlarda qurilgai 16 maqbara, xonaqoh va boshqa xo‘jalik binolaridan iborat. Me’moriy yodgorliklar majmuasining shakllanishi — Movarounnahr va Xurosonda muhim mavqega ega bo‘lgan Termiz sayyidlarining tarixi bilan bevosita bog‘liq. Daxmaning xonalarida sayyidlar sulolasi vakillari uchun suvoqlangan sag‘analar joylashgan. Masjidning koshinli bezatilgan peshtoqi bitiklar bilan o‘ralgan bo‘lib, uni XIX asr oxirida rus tadqiqotchilari tomonidan ko‘chirib olingan va katta qismi olib ketilgan. O‘sha vaqtda o‘ng tomondan bino ravoqi va peshtoqning chap chekkasi bo‘ylab asosiy matnning saqlanib qolgan qismlari e’tiborga olingan.

Bizgacha peshtoqning chap qismida ketma-ket  tarzda ishlangan bezaklar o‘rta hoshiyasida Termiz sayyidlarining nasabnomasiga tegishli parcha saqlanib qolgan. Matn suls yozuvida oq harflar bilap ko‘k rangli manzarada bitilgan. Tarjimasi: ...(Alloh) ibn  Abul Hasan Muhammad ibn Abul Qosim Ali ibn Ubaydulloh ibn Abul Qosim Ali ibn Abu... Chamasi matndagi “Alloh” so‘zi Abdulloh yoki Ubaydulloh bo‘lgan. Chunki Alloh so‘zidan oldingi yozuvlar ko‘chirib tashlangan.

Davrimizgacha Termiz sayyidlari xonadoniga doir ma’lumotlar sharq yozma merosining mashhur namunalari orqali yetib kelgan. Jumladan, Termiz sayyidlari xususida Ota Malik Juvayniy, Hamidullo Qazviniy, ibn Battuta, G‘iyosiddin Ali, Sharafiddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh, Zahiriddin Muhammad Bobur, Hofiz Tanish Buxoriy va boshqa allomalarning durdona asarlarida qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. Termiz sayyidlari xonadoni tarixini o‘rganishdagi asosiy manba ularning oilaviy shajarasidir, unda musulmon dunyosining tarixiga doir ayrim ma’lumotlarni uchratish mumkin. Ana shu shajara asosida 1914 yili akademik A. A. Semyonov “Termiz sayyidlarining kelib chiqishi va ularning qadimiy maqbarasi Sulton Saodat” maqolasini chop ettirgan.         XIX asr oxiri - XX asr boshlarida rus sharqshunoslari V.V.Bartold, A.Kun, M.S.Andreev va boshqalar o‘zlarining ilmiy tadqiqotlarida Termiz sayyidlari xonadoni to‘g‘risida to‘xtalib o‘tadilar. Manbalarda keltirilishicha Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning onamiz Fotima roziyallohu anhodan tug‘ilgan o‘g‘li Husayn roziyallohu anhum so‘nggi sosoniy shoh Yazdigirdning qiziga uylangan ekan. Ularning o‘g‘illari Alidan Husayn al-Asqar, undan esa Ubaydulloh dunyoga kelgan ekan. Xalifa al-Mansur davrida (754-755) Amir Ubaydulloh xalifa deb e’lon qilinadi. Uning o‘g‘li Ja’far al-Hujjat Madina hokimi etib tayinlanadi, Termiz sayyidlari xonadonining asoschisi Hasan al-Amir Ja’far al-Hujjatning o‘g‘li Amir Husaynning farzandi ekan. Tarixchilarning ta’kidlashicha ushbu keltirilgan shajara musulmon dunyosida keng tarqalgan bo‘lib, ko‘p manbalarda uchrar ekan. Hasan al-Amir o‘zining yaqinlari bilan 850 yilda Samarqandga keladi va u yerda 11 yil yashab, 861 yilda Balxga ko‘chadi. Taxminan 865 yildan Hasan al-Amir Termizga tashrif buyuradi va shu yerda butunlay o‘rnashib qoladi. Hasan al-Amir va uning yaqinlari Movarounnahrga kelgan paytda Somoniylar sulolasining yuksalishi boshlangan edi. Sayyid Amir Abdullo mamlakat hukmdori Ismoil Somoniyning Maxsuma (yoki Mohisiymo) ismli qiziga uylanadi. Ularning farzandlaridan boshlab Termiz sayyidlari ismiga Xudovandzoda so‘zi qo‘shilib aytilgan. Sulton Saodat maqbara majmuasining ilk poydevori ham aynan Somoniylar davrida qurila boshlangan. 

Manbalarda keltirilishicha Termiz sayyidlari orasida eng mashhurlaridan biri naqib, Ali ibn Ja’far al-Musaviy bo‘lgan. Bu haqda musulmon dunyosining mashhur olimi Abul Fath Muhammad ash-Shahristoniy o‘zining Termiz naqiblariga bag‘ishlangan asarida keltirib o‘tgan.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki asrlar osha Termiz sayyidlari tasavvuf targ‘ibotchilari va Termiz shahri tasavvuf ta’limotining markazlaridan biri bo‘lgan. Abdurahmon Jomiy o‘zining “Nafohat ul-uns min hazorat al-quds” asarida mavlaviya tariqatining asoschisi Jaloliddin Rumiyning ustozi “Sayyidi Sirdon” taxallusli Sayyid Burhoniddin to‘g‘risida: “U sayyidlardan, Husayn roziyallohu anhum avlodidan, Termizdandir” deb yozgan. Aynan mana shu vaqtda sayyidlar avlodining yana bir vakili, “Shams ul-millat vad-din” unvonini olgan musulmon olamida Shamsiddin Muhaddis ismi bilan tanilgan Abu Ja’far Tohir ibn Nizomiddin Xudovandzodai Ziyo ul-muluk tasavvuf targ‘ibotchisi va Termiz sayyidlari sulolasining ilk shajara tuzuvchisi bo‘lganligi haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Ibn Battutaning yozishicha, sayyidlar orasida Termiz hukmdori A’lo ul-Muluk Xudovandzodaning o‘rni o‘zgacha bo‘lgan. Ibn Battuta uni  “mard, jasur va shijoatli inson” deya ta’riflagan. Ammo, sayyidlarning shajara kitobida A’lo ul-Muluk  “shahid” deya tilga olingan. Aynan A’lo ul-Muluk davrida Termizga nisbatan “Madinat ar-rijol”, ya’ni “mardlar shahri” atamasi keng qo‘llanila boshlanadi.

Termiz sayyidlari xonadoni tarixidagi eng yorqin sahifalar Amir Temur va uning avlodlari bilan bog‘liqdir. Buning sababi, fikrimizcha, Sohibqironning piri Shamsiddin Sayyid Amir Kulol ayni A’lo ul-Muluk Xudovandzodaning o‘g‘li bo‘lishi mumkin. Sayyid Amir Kulolning barcha nomlari sayyidlar xonadoniga mansubligidan dalolat beradi. Shuningdek, uning maqbarasi Termiz sayyidlarining Shahrisabzdagi maqbarasi Gumbazi Sayyidon bilan qo‘shilib ketgan. Amir Temur butun umri davomida sayyidlar xonadonining vakillari bilan chambarchas aloqada bo‘lgan. Sohibqiron hokimiyat uchun kurash boshlaganda ham, eng zafarli kunlarida ham Termiz sayyidlari jahongirning hamrohlari bo‘lgan. “Temur tuzuklari”da A’lo ul-Mulukning jiyanlari aka-uka Hasan va Ziyoviddinlar bir necha bor tilga olinadi. 1370 yilda Amir Temur Balxga ketayotib, Termizda Sayyid Baraka qo‘lidan hokimiyat ramzi nog‘ora va bayroqni olishga muyassar bo‘ladi. Shayxning duosini olib, Amir Temur Balxni o‘z tasarrufiga oladi va Movarounnahrning yagona hukmdoriga aylanadi. Amir Temurning taxtga chiqish marosimida A’lo ul-Mulukning yettinchi va sakkizinchi o‘g‘illari Abul  Ma’oli va Ali Akbar ishtirok etganlar. 1371 yilda Temurga qarshi uyushtirilgan fitnada Abul Ma’oli ham ishtirok etadi. Fitna mag‘lubiyatga uchragach, uning qatnashchilari qatl qilinadi, Abul Ma’oli esa davlat ishlaridan chetlashtirilib, shahrisabzga ko‘chiriladi. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida qayd etilishicha, Sohibqiron Temur Abul Ma’oliga quyidagicha murojaat qilgan: “Nasabing silsilasi payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ahli baytiga ulanganligi uchun hech qachon biror zahmat g‘ubori sening hayoting etagiga qo‘nishini ravo ko‘rmasin. Lekin sen noloyiq ishlarni tark etmayapsan, maslahatim shu tururki, bu viloyatdan chiqib ketsang”. Taxminimizcha sayyid Abul Ma’oli tezda kechirilgan, negaki bir yildan so‘ng u Amir Temurning Xorazmga yurishida qatnashadi. Shundan so‘ng Termiz sayyidlari avlodlarining Qashqadaryodagi xonadoni vujudga keladi, yuqorida eslatilgan Gumbazi Sayyidon ularning oilaviy maqbarasiga aylanadi. Ba’zi manbalarga ko‘ra Amir Temurning qizi Sulton Baxtbegim Termiz sayyidlaridan bo‘lmish Abul Hasanga nikohlangan hamda Qashqadaryo vohasidagi bir qancha yer-suvlarni kuyoviga hadya qiladi. Abul Hasan bu joyda o‘z langariga asos soladi, langar so‘filar makoni bo‘lib, Termiz sayyidlari nafaqat Movarounnahrning barcha hududlarida va boshqa joylarda ham langarlar tashkil qilishgan. 

Termiz sayyidlari haqida yana bir ma’lumot 1359 yilda Toshkentda mo‘tabar shayx Xovand Tohur vafot etadi. Muhammad qozining Xo‘ja Ahror Vali hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan asarida keltirilishicha, shayx Termiz sayyidlaridan bo‘lib, Xovand so‘zi Xudovandzodaning qisqargani ekan. Bu borada musulmon dunyosida mashhur Xo‘ja Ahrori Vali ayni shu shayx Xovand Tohurning jiyani ekanligini alohida ta’kidlash lozim.

Amir Temur har safar Termiz orqali o‘tganida sayyidlarning uyida mehmon bo‘lishni kanda qilmagan, Sharafiddin Ali Yazdiyning yozishicha, 1399 yil 11 sentabrda va 1404 yil yozida Temur A’lo ul-Mulukning uyida mehmon bo‘ladi. G‘iyosiddin Ali tomonidan yozilgan Temurning Hindistonga yurishiga bag‘ishlangan asarida A’lo ul-Mulukning oltinchi o‘g‘li Alouddin ham tilga olib o‘tiladi. Termiz Arxeologiya muzeyida saqlanayotgan mazkur asarning 1915 yildagi forscha nashrida Termiz Xudovandzodalari Amir Temur va uning qo‘shiniga ikki kun to‘y berdi, deya bitib qo‘yilgan.

 

Manbalar asosida Saidabror Umarov tayyorladi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

14.08.2026   51689   3 min.
Mehr-saxovat va inson qadri — ezgulikka yo‘g‘rilgan xayrli tashabbus

Insonga mehr ko‘rsatish, muhtojning holidan xabar olish, bemorga tasalli berish va ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini cho‘zish xalqimiz ma’naviyatining azaliy fazilatlaridandir. Islom ta’limotida ham saxovat, mehr-oqibat va inson qadrini ulug‘lash eng ulug‘ amallardan biri sifatida e’tirof etilgan. Chunki bir insonning ko‘nglini ko‘tarish, uning qalbiga umid va ishonch bag‘ishlash jamiyatda mehr-muhabbat, hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlaydi.

Shu ezgu qadriyatlarni hayotga tatbiq etish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va yurtdoshlarimiz qalbida mehr-shafqat tuyg‘ularini yanada kuchaytirish maqsadida 2026 yil 13 avgust kuni Samarqand viloyati Urgut tumanida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy hamda xayr-saxovat tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tadbirlarda Samarqand viloyati bosh imom-xatibi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Nursultonxon domla Abdumannonov, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Xayrullo domla Sattarov, VAQF xayriya jamoat fondi Samarqand viloyati filiali rahbari Yoqubjon domla Mansurov, uning o‘rinbosari A.Sultonov, shahar va tuman bosh imom-xatiblari, «Haj–2026» ziyoratchilari, mahalla faollari va nuroniylar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu xayrli aksiya doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta’minlangan va boquvchisidan ayrilgan 300 ta oila holidan xabar olindi. Ularning xonadonlariga tashrif buyurilib, turmush sharoitlari o‘rganildi, oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Tashriflar davomida bemor va keksalarning holidan xabar olinib, ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularning haqqiga shifo, xonadonlariga fayzu baraka, yurtimizga tinchlik-xotirjamlik tilab duolar qilindi. Zero, muhtojning ko‘nglini ko‘tarish va uni yolg‘iz emasligini his ettirish ham insonparvarlikning yuksak ko‘rinishidir.

Shu bilan birga, hayotida turli ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelgan hamda yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolish xavfi mavjud bo‘lgan ayrim fuqarolar bilan yakka tartibda muloqotlar tashkil etildi. Suhbatlarda sof e’tiqod, oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, halol mehnat, Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat, shuningdek, turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan ma’naviy immunitetni mustahkamlash masalalari hayotiy misollar asosida tushuntirildi.

Tadbirlar doirasida Urgut tumanidagi jome masjidlarda peshin namozidan so‘ng ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Ularda mehr-oqibat, qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, yoshlarni milliy va diniy qadriyatlarga sodiqlik ruhida tarbiyalash, oila tinchligini asrash, jamiyatda o‘zaro hurmat va ahillik muhitini qaror toptirish kabi dolzarb mavzular atroflicha yoritildi.

Uchrashuvlar yakunida mamlakatimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi, Vatanimiz ravnaqi va yosh avlodning ilmli, odobli hamda vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishi haqida xayrli duolar qilindi.

Bugun yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda mehr-saxovat va o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Urgut tumanida o‘tkazilgan mazkur xayrli tadbirlar ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, aholi o‘rtasida hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.

Mehr bor joyda ishonch, saxovat bor joyda baraka, inson qadri ulug‘langan jamiyatda esa tinchlik va farovonlik qaror topadi. Ana shunday ezgu amallar xalqimiz o‘rtasidagi birdamlik rishtalarini mustahkamlab, yurtimizning yanada obod va fayzli bo‘lishiga xizmat qiladi.

Samarqand viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari