Xabaringiz bor, 18 mart kuni poytaxtning Shayxontohur tumani “Oqlon” mahallasidagi “Ko‘kcha Darvoza”, “Fuzuliy” va “Omon Muxtorov” ko‘chalarida joylashgan oltita xonadonda kuchli yong‘in bo‘lib, uylarning hammasi barcha jihozlari bilan yonib ketgan va 65 kishi boshpanasiz qolgan edi. Jami 380 kv.metr maydonda uylarning tom qismilari va ichki jihozlari butunlay yonib ketgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar tomonidan xonadon sohiblariga moddiy yordam mablag‘lari yetkazib berilgan edi. Shundan so‘ng, otinoyilar ham talofat yetgan xonadonlarga o‘z imkonlari qadar yordam ko‘rsatishni maqsad qildilar.
“Musibatdan xabardor bo‘lgan hududdagi sahovatli kishilar jabr ko‘rgan xonadon egalariga yordamlarini ayamayaptilar. Bizchi? Axir biz otinoyilar ham bir chetda qarab turishimiz kerak emas. Zero mo‘minalar bir-birlariga aynan musibat onlarida suyanch bo‘lishlari, qo‘llaridan kelgan yordamlarini berishlari dinimiz ko‘rsatmasidir.

Shuning uchun tuman bosh otinoyilariga biz ham yong‘indan aziyat ko‘rgan xonadonlarga imkonimiz boricha yordam berishimiz kerakligini aytdik. Tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan otinoyilar bir zumda o‘zlari va savobi ulug‘ amalga hissalarini qo‘shish istagida bo‘lgan ko‘plab sahovatli ayollarning yordamlarini olib kelishdi. Hamma topganini keltirdi. Kimdir naqd pul, kimdir, oziq-ovqat mahsulotlari, kimdir zaruriy xo‘jalik anjomlari, ko‘rpa-to‘shak va boshqalarni ehson qildi. Yig‘ilgan jami 5.500.00 miqdordagi xayriyalarimizni “Oqlon” mahallasidagi yong‘in sodir bo‘lgan xonadonlarga ko‘mak berish maqsadida tuzilgan maxsus shtab raisiga ko‘pchilik guvohligida topshirdik”, deydi Toshkent shahar bosh otinoyisi Dilbar Otaboyeva.

Bundan tashqari, Shayxontohur tumani bosh otinoyisi Feruza Sulaymonova boshliq otinoyilar xonadonlar ahlidan muntazam xabar olib, ko‘ngil so‘rab turishibdi.
Albatta, otinoyilarning ayol boshlari bilan ko‘rsatayotgan bu kabi xayriyalari, muruvvat tadbirlari tahsinga loyiqdir. Biz bu bilan yaxshilikni maqtash yoki ko‘z-ko‘z qilish niyatidan yiroqmiz. Amallardagi riyodan Alloh taoloning O‘zi saqlasin. Faqatgina ibrat uchun, boshqalarni ham ezgu amallarga dalolat qilish uchun yetkazdik xolos.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo‘limi
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati