Shu yilning mart oyida 16 gektar yer maydon va binolar O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan "Vaqf" fondiga beg‘araz berilgani haqida xabar bergan edik. Ushbu hududda qisqa muddat ichida non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish sexi barpo etildi.
15 aprel kuni non sexi o‘z faoliyatini boshladi va dastlabki non mahsulotlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining duoi xayrlari ila xalqimizga tortiq qilindi.
Shubhasiz, non — xalqimiz uchun eng aziz va laziz ne’mat. Dasturxonimiz to‘kisligi ham, ro‘zg‘orimiz fayzu barakasi ham uning serobligi bilan o‘lchanadi. Uyga mehmon kelsa, albatta, non ushatiladi. Sodda qilib aytganda, non odamlarning kayfiyatiga ta’sir qiladigan eng muhim mahsulotlar sirasiga kiradi, – deydi Fond rahbari Iskandar Xalilov. Fond rahbari ushbu sexning dastlabki xushta’m non mahsulotlari, oliy maqsadga mos ravishda xayriya tariqasida ishchi-xizmatchilarga, mirishkor dehqonlarga va uzoq-yaqindan kelgan mehmonlarga xayriya tariqasida tarqatilganini bildirdi.
Mutaxassis Luqmon Ablaqulovning aytishicha, sexda to‘qqiz turdagi non mahsulotlari ishlab chiqarilib, ular do‘konlar orqali sotiladi hamda tushgan foyda hisobidan mehribonlik, qariyalar va nogironlar uylariga xayriya tariqasida ham ulashiladi. Shuningdek, nonning tarkibida inson uchun nihoyatda zarur va foydali bo‘lgan 30-35 foiz oqsil, 60-70 foiz uglevod, turli vitaminlar, mineral tuzlar, shuningdek, temir, kalsiy, fosfor va boshqa moddalar borligini mutaxassis o‘z so‘zida izohlab berdi.













"Vaqf" xayriya jamoat fondi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati