Bugun, 12 aprel kuni Qozog‘iston musulmonlari idorasining yangi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari, Qirg‘iziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Maksatbek Toktomushev, shuningdek, Rossiya, Xitoy, Moldova va Finlyandiya musulmonlari yetakchilari qatnashdi.
Marosimda musulmonlar idorasining yangi binosining tarkibiy tuzilmasi, yaratilgan shart-sharoitlar, mehmonlar bilan muloqot qilish xonalari, ko‘rgazma zallari va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar haqida ma’lumotlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ochilish marosimida so‘zga chiqib, ushbu muhtasham va fayzli bino bilan Qozog‘iston musulmonlari idorasi rahbariyatini qutlab, ko‘p yillar mo‘min-musulmonlar xizmatida bo‘lishini va Islom dini ravnaqi yo‘lida samarali ishlar olib borilishini Alloh taboraka va taolodan duo qilib so‘radilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Insonlarning Allohga eng sevimlisi - ularga eng ko‘p foyda keltiruvchisidir”.
Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh aytdilar: “Haqiqiy inson o‘zgalarga shodlikda ham, qiyinchilikda ham vafo ila mudom yordam berganidir.
Insonlar orasida eng karamlisi – boshqalarning ehtiyojlarini qondirgan kishidir.
Ehson qo‘lini hojatmand kimsadan uzma. Zero, ma’lumdirki, kim insonlarning ehtiyojini qondirishda davom etsa, kunlar uning sharafini qayta-qayta tasdiqlaydi. Allohning senga bergan ushbu fazliga shukr qil. Zero, seni o‘zgalar uchun hojatbaror qildi, seni o‘zgalarga muhtoj etmadi.
Ko‘pchilik odamlar o‘tdilar, ammo ularning fazilatlari halizamon barhayot, yana kimlardir hayot, ammo ular odamlar orasida go‘yoki o‘lik kabi”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV