
Kuni kecha, 11 aprel kuni Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston hamda Qirg‘iziston ulamolari ishtirokida Ramazon oyi va hayitining birinchi kunini aniqlash bo‘yicha davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mudiri Xomidjon Ishmatbekov, Qozog‘iston musulmonlari idorasi Shariat ishlari bo‘limi mudiri Chuxanov Sansibay, mudir o‘rinbosari Amanqulov Hasan, Qirg‘iziston musulmonlari idorasi apparati boshlig‘i Kadirberdiyev Abibulla ishtirok etdi.
Muloqotda qo‘shni mamlakatlar diniy idoralari bilan hamkorlik aloqalari o‘zining ijobiy samaralarini berib kelayotganiga alohida e’tibor qaratildi. Mintaqadagi mo‘min-musulmonlar birdamligini ta’minlash, shar’iy ehtiyojlarini qondirish va ulamolar hamfikrliligini yo‘lga qo‘yishda bo‘yicha yaxshi natijalarga erishilmoqda. Masalan, o‘tgan Ramazon oyi va hayitining birinchi kunini aniqlashda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston musulmonlari idoralari hamkorlikda ishlashlari o‘zining juda yaxshi natijalarini berdi.
Ulamolar Islom dini manbalari va astronomik ma’lumotlarga tayangan holda 2019 yilda Ramazon oyi va hayitining birinchi kuni qaysi kunga to‘g‘ri kelishi mumkinligi haqidagi fikr-mulohazalarni ma’lum qildilar. Shuningdek, Sha’bon oyini kuzatib borish va Ramazon oyi hilolini aniqlash bo‘yicha kelgusida yana bir bor kengashib olishga kelishildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati