Hadis sharhi
Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilar: “Albatta, surmalaringizning yaxshisi ismiddir.Ko'zni ravshan qilib, kipriklarni o'stiradi” (Sunan egalari va Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Abdulloh Ibn Umardan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “O'zingizga ismidni lozim tuting. Zero, u ko'zni ravshan qiladi va kipriklarni o'stiradi”, deb marhamat qildilar. Jobir ibn Abdullohning rivoyatida “Uxlash oldidan...”, degan ziyodasi bor (IkkisiniImom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyat qilgan).
Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim surma qo'ysa, toq qo'ysin. Kim shunday qilsa, yaxshi qilgan bo'ladi, kim qilmasa, haraj yo'q”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Anas ibn Molikdan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam surmani toq qo'yardilar” (Imom Bazzor rivoyati).
Abdulloh ibn Abbosdan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ismid bilan surma qo'yinglar. Albatta, u ko'zni ravshan qiladi va kipriklarni o'stiradi”, dedilar.
U aytadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallamning bir surmadonlari bo'lib, undan har kecha bunisi (o'ng ko'zlari)ga uchta, bunisi (chap ko'zlari)ga uchta surma qo'yardilar”» (Imom Termiziy rivoyati).
Ismid surmaning eng yaxshi na'vi bo'lib, rangi qizillikka moyil bir toshdir. Hijoz o'lkalarida bo'ladi. Uning eng sifatlisi Asbahondan keltiriladi. Surma ko'zni muhofaza qiladi, ko'zdagi xiralikni aritib, chirkinlarni chiqarib tashlaydi, quvvatlantiradi, ko'rish qobiliyatini oshiradi, kipriklarni o'stiradi. Bu xususiyat, ayniqsa, ismidda ko'proq bo'lib, keksa yoshdagi kishilar uchun foydaliroqdir.
Yuqoridagi hadislardan Nabiy sollallohu alayhi va sallam shaxsiy gigenaga a'lo darajada e'tibor qilganlarini ko'rishimiz mumkin. U zot muborak ko'zlarining parvarishi uchun surmadan foydalanganlar. Uning foydalari haqida aytib, ummatlariga ham tavsiya qilganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning surma qo'yishlarini diqqat bilan o'rganadigan bo'lsak, u zot surmani kechasi, uxlashdan oldin qo'yganlari va uni o'ng ko'zlariga uchta, chap ko'zlariga uchta (yoki o'ng ko'zlariga ikkita, chap ko'zlariga ikkita va yana bittani ikki ko'zlariga yoki o'ng ko'zlariga uchta, chap ko'zlariga ikkita) qilib toq qo'yganlari ma'lum bo'ladi. Ummatlariga ham uni kechasi qo'yishni va toq qilishni buyurganlar.
Surmaning kechasi qo'yilishida foydalar ko'p. Ko'zlar yumilgan holda surmadan uzoq vaqt – tonggacha oziqlanadi va surmadan ko'zlangan maqsad yuzaga chiqadi. Kunduzi esa bunday natijaga erishib bo'lmaydi.
Hanbaliylar, ba'zi shofe'iylar va ahli hadislar Nabiy sollallohu alayhi va sallam fe'llarining zohiriga e'tiboran erkaklar uchun surma qo'yish (zarurat bo'lish-bo'lmasligidan qat'i nazar) mustahab degan yo'lni tutganlar.
Hanafiylar esa, modomiki, u bilan ziynat ko'zlanmas ekan, erkaklarning ham surma qo'yishi joiz, deydilar. Hanafiylarning ba'zilari man qilingan holatdan takabburlik uchun ziynatlanish nazarda tutilgan, jamol va viqor uchun ziynatlanish emas, deb izohlashgan.
Imom Molikdan ham ikki qavl bo'lib, birida joiz degan bo'lsa, ikkinchisida ayollarga o'xshab qolishi e'tiboridan makruh degan.
Demak, erkaklar uchun surmadan da'vo sifatida, ko'zning parvarishi uchun foydalanish bilittifoq joiz. Ziynat uchun bo'lsa, hanafiylar va molikiylar nazdida makruhdir.
Agar sobit bo'lgan hadislar taammul qilib ko'rilsa, Nabiy sollallohu alayhi va sallamning surmani ziynat uchun emas, balki ko'z va kipriklar parvarishi uchun qo'yganlari ayon bo'ladi. Surmani kechasi, uxlashdan oldin qo'yganlari ham bu ishning ziynat uchun bo'lmaganini ta'kidlaydi.
Qolaversa, uni ziynat uchun qo'yish kerakligi borasida fiqh jihatidan buyruq sobit bo'lmagan. Shuning uchun u odatiy ishlardan deb e'tibor qilinadi. U zamon, makon va ahvollarning o'zgarishiga qarab hukmi o'zgarib turadigan tashabbuh (erkakning ayolga o'xshab qolishi va aksincha) qoidasiga ham aloqadordir. Shunga ko'ra, surma qo'yishning hukmi aslida muboh ekani kelib chiqadi.
Surmadan ziynatlanish maqsadida foydalanish faqat ayollar uchun mustahabdir. Chunki ular erlariga chiroyli suratda ko'rinishlari lozim. Ammo eridan boshqasi uchun ziynatlanishi joiz emas.
Erkaklarning surmadan ziynat maqsadida foydalanishlari esa, agar o'sha jamiyatda bu ish odat tarziga aylangan bo'lsa, u holda zarari yo'q. Qadimda arablar cho'lning jazirama issig'ida ko'zning xiralashib, shikastlanmasligi uchun surmadan foydalanishgan va uni kunduzi ham qo'yib yurishgan. Shu bois ularda erkaklarning ham surmadan foydalanishlari oddiy hol bo'lgan. Ammo boshqa xalqlarda, masalan, bizning mintaqalarda bu holat o'zini ayollarga o'xshatish qabilidagi xatti-harakat deb baholanadi.
“Fatavoi hindiyya”da: “Mashoyixlar ittifoqiga ko'ra, erkaklarning ismid (surmasi)dan foydalanishlarida zarar yo'q. Ziynat uchun qora surma qo'yish bilittifoq makruhdir”, deyilgan.
Erkaklarning surmadan ziynat uchun foydalanishlari sunnat emasligiga Imom Molik rahimahulloh zamonlarida madinaliklar o'rtasida bu ish joriy bo'lmagani ham dalolat qiladi. U zot aytadi: “Erkaklarning kechasi ham, kunduzi ham surma qo'yishlarini karih (yomon) ko'raman. Faqat unga ehtiyoji borlargina bundan mustasno. Zero, zaruratsiz surma qo'yganlarni ko'rmadim” (“Al-fajrus sati'”).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hadislarini salafi solihlarning manhajlari bilan tushunish mana shunday bo'ladi. Zotan, sahobalar va tobeinlarning sunnatlarga va ularni rivoyat qilishga haris bo'lishlariga qaramay, saodat asrining o'zidayoq mazkur ishning tark qilinishi erkaklarning surma bilan ziynatlanishlari mustahab emasligiga dalil bo'ladi.
Erkaklar uchun surma qo'yish tartibi: kechasi uxlashdan oldin qo'yib, ertalab yuvib tashlanadi.
Ta'kidlash lozimki, surma salomat ko'zlar uchun foydali bo'ladi, ya'ni uning salomatligini saqlab turish uchun xizmat qiladi. Kasali bor ko'zlar uchun surma zarar bo'lishi mumkin. Shifokor bilan bilan maslahatlashish kerak.
Manbalar asosida
Azizbek HOLNAZAROV
tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Misr Bosh imomi, “Al-Azhar” majmuasi rahbari Shayx Ahmad Toyyib bunday deydi:
So‘nggi yillarda “Ka’bani tavof qilishdan ko‘ra, kambag‘allarni tavof qiling”, “Qurbonlik uchun sarflanadigan mablag‘ni sadaqa qilish uni so‘yishdan yaxshiroq”, “Och insonning og‘zidagi bir luqma mingta masjid qurishdan afzal” kabi noto‘g‘ri tushunchalar keng tarqalmoqda.
Bu kabi chaqiriqlar Islom shiorlaridan bo‘lgan amallarni kamsitish va odamlarni ulardan qaytarishga qaratilgan harakatdir. Ehtimol, bunday fikrlarni ilgari surayotgan kishilar dinning asl mohiyati va uning ahkomlaridan yetarlicha xabardor emasdirlar.
Faqir, miskin va muhtoj insonlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlarida ham bo‘lgan, bugun ham bor. Ammo o‘tgan asrlar davomida ulamolardan yoki solih zotlardan hech kim bunday gaplarni aytmagan.
Nega:
– haftada ikki marta go‘sht sotib olmang, oyda bir marta olib, qolgan mablag‘ni kambag‘allarga bering, deyilmaydi?
Nega:
– sigaret chekmang, uning pulini muhtojlarga ehson qiling, deyilmaydi?
Nega:
– to‘y va marosimlarni ixchamlashtirib, ortiqcha xarajatlarni kambag‘allarga sarflang, deyilmaydi?
Nega:
– yozgi dam olish maskanlariga bormang, o‘sha mablag‘ni muhtojlarga ajrating, deyilmaydi?
Nega aynan ikkisi ham fazilatli va savobli bo‘lgan amallar o‘zaro taqqoslanadi?
Bunday da’volar ko‘pincha dinning qadriyatlariga putur yetkazishni maqsad qilgan kimsalar tomonidan o‘ylab topiladi. Eng achinarlisi esa, aksariyat hollarda bu kabi gaplarni aytayotganlarning o‘zlari muhtojlarga g‘amxo‘rlik qilishda faol emaslar.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Kim Allohning shiorlarini ulug‘lasa, bas, albatta, bu qalblar taqvosidandir” (Haj surasi, 32-oyat).
Davron NURMUHAMMAD