Alloh taolo har bir erkakka oila rahbarligini bergan. U Zot Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
الرِّجَالُ قَوَّامُونَ عَلَى النِّسَاء بِمَا فَضَّلَ اللّهُ بَعْضَهُمْ عَلَى بَعْضٍ وَبِمَا أَنفَقُواْ مِنْ أَمْوَالِهِمْ
“Alloh ba’zilarini ba’zilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflaganlari uchun erkaklar ayollarga rahbardirlar” (Niso surasi, 34-oyat).
Ulamolarimiz aytishadiki, bu rahbarlik zulm rahbarligi emas, istagan paytda istagan buyruq berish, ayoli va farzandlarining xohlagan joyiga urish rahbarligi emas, balki xizmat, ustozlik, sharoit qilib berish va himoya rahbarligidir. Zero Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflaridan birida: «Qavmning sayyidi (boshlig‘i) ularning xizmatchisidir» deganlar. Abu Abdurrohman as-Sulamiy rivoyati.
Masjid imomi masjid qavmiga xizmat qiladi. Namozxonlarning tahorat olishlari, xotirjam namoz o‘qishlari uchun zarur bo‘lgan sharoitlarni tayyorlaydi, shu ishga bosh bo‘ladi. Masjidning issiq-sovuq suvlariga, xonaqohdagi gilamlarning tozaligiga e’tibor beradi.
Korxona rahbari xodimlariga xizmat qiladi, ularning qulay mehnat qilishlariga sharoit qilib berib, texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilishlarini nazorat qiladi. Ularga halollikni, omonatdorlikni, sadoqatni eslatib, ular uchun qayg‘uradi.
Xonadon boshlig‘i bo‘lgan erkak oila a’zolariga xizmat qiladi. Ularning ehtiyojlarini qondirishga, kerakli narsalarini olib berishga urinadi. Dunyo va oxirati uchun zarur narsalar bilan ta’minlaydi. Ayoli va farzandlari bemor bo‘lsalar, ularni shifokorga ko‘rsatib, dori-darmon olib berib, muolajasi uchun yelib-yuguradi. Ilm-ma’rifatli bo‘lishlari, Allohni, Payg‘ambarni, Qur’onni, Dinni tanishlari, o‘rganishlari uchun barcha kerakli kitoblarni, ta’limga yo‘naltirilgan disklarni olib beradi. Bilmagan narsalarini o‘rgatadi. Oiladagi rahbarlik mana shunday bo‘ladi. Shuningdek, oila a’zolarining diniy ko‘rsatmalarga muvofiq hayot kechirishlarini nazorat qilish, buni yo‘lga qo‘yib borish ham oila rahbarining vazifasi hisoblanadi.
Chunki, Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qilgan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا قُوا أَنفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَاراً وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ عَلَيْهَا مَلَائِكَةٌ غِلَاظٌ شِدَادٌ لَا يَعْصُونَ اللَّهَ مَا أَمَرَهُمْ وَيَفْعَلُونَ مَا يُؤْمَرُونَ
“Ey iymon keltirganlar! O‘zingizni va ahli ayolingizni yoqilg‘isi odamlaru toshdan bo‘lgan o‘tdan saqlang. Uning tepasida qo‘pol, darg‘azab farishtalar bo‘lib, ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qilurlar” (Tahrim surasi, 6-oyat).
Xo‘sh, do‘zax olovidan o‘zni ham, ularni ham saqlash qanday bo‘ladi? Albatta, do‘zaxdan uzoqlashtiradigan va jannatga yaqinlashtiradigan amallarni o‘rgatish, shularni o‘rganishga sharoit qilib berish bilan va o‘rganganlariga qanchalik amal qilishlarini nazorat qilish bilan bo‘ladi.
Ayolimizning avratlari ochiq-yopiqligiga javob beruvchi ham, farzandlarimizning xulqu atvoriga hisob beruvchi ham oilaning rahbari bo‘lgan biz erkaklardir.
Ushbu oyatda Alloh taolo do‘zaxning yoqilg‘isi odamlar va toshlardan iborat ekanligini bayon qilmoqda. Demak, o‘sha yoqilg‘ilarning biri bo‘lib qolmaslik uchun o‘zimiz ham do‘zaxdan uzoqlashtiradigan va jannatga yaqinlashtiradigan amallarni qilib borib, farzandlarimizga ham shularni ta’lim beraylik!
O‘g‘limizdan: “Usoma ibn Zaydni taniysanmi?” deb so‘raylik. Agar o‘g‘limiz “U odam qaysi futbol komandasida o‘ynaydi, dada?” desa, o‘zimizga qabr kavlasak ham bo‘ladi.
“Usoma ibn Zayd buyuk sahobiy Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuning o‘g‘li bo‘lganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Zaydni ham, uning o‘g‘li Usomani ham juda qattiq yaxshi ko‘rganlar. Uning onasi Ummu Ayman Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning enagalari bo‘lgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam u ayolni taqdirlab, «U onamdan keyingi onam. Ahli baytimning qolgani», der edilar. U zot alayhissalom Usoma haqida «Ahlimning menga eng mahbubi, batahqiq, Alloh unga in’om bergan va men ham unga in’om bergan shaxs, Usoma ibn Zayddir», deganlar” deb farzandlarimizga o‘rgataylik!
O‘zimiz bilmasak, shu kabi tarixiy voqealar yozilgan Islom tarixiga oid kitoblarni sotib olib beraylik! Masalan, “Olamlarga rahmat Payg‘ambar”, “Tarixi Muhammadiy”, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam”, “Siz Payg‘ambarni ko‘rganmisiz?”, “Islom tarixi”, shuningdek, namozga oid “Mo‘minning me’roji”, “Men ham namoz o‘qiyman”, tarbiyaga oid “Oilada farzand tarbiyasi” kabi kitoblarni olib berib, namozni, dinimiz tarixini, tarbiya borasidagi qimmatli ma’lumotlarni, bu din bizgacha yetib kelgunicha kimlar jon fido etganini o‘zimiz o‘rganib, farzandlarimizga ham o‘rgataylik! Shu kabi ilmiy-ma’rifiy kitoblarni olib bersak ulkan savobga erishamiz, bordiyu olib bermasak, Alloh taoloning oldida gunohkor, farzandlarimiz oldida jinoyatchi bo‘lamiz.
Do‘stu ulfatlar bilan 20-30 ming so‘mga ovqatlanishni bilamiz. Ammo 15-20 ming so‘m turadigan bu kitoblarni olib berishga kelganda o‘ylanib qolamiz, pulimiz ko‘zimizga ko‘rinib ketadi. Vaholanki, shu kitoblar o‘zimizning ham, oila a’zolarimizning ham dunyoyu oxiratlariga foydadir. Qilingan tushlikning foydasi esa ikki-uch soatdan u yog‘iga o‘tmay hazm bo‘lib ketadi.
Biz shu yeyilgan taomning quvvatini gunoh, ma’siyatlarga ishlatib qo‘yishimiz ham mumkin. Ammo kitoblar hech qachon gunohga ishlamaydi. Aksincha, farzandlarimizning baxtu saodati, kelajakda barkamol inson bo‘lishi uchun xizmat qiladi. Olib berilgan kitoblar toki o‘qib, foydalanib turilar ekan, sizu bizning vafotimizdan keyin ham qabrimizga uning ajridan kelib turadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Agar inson vafot etsa, amallari to‘xtaydi. Faqatgina uchta ishdan, sadaqai joriyadan yoki foydali ilmdan yoki uning haqqiga duo qiladigan solih farzanddan unga savob borib turadi” (Imom Muslim rivoyati).
Biz olib bergan kitoblar bu hadisdagi uchta ishni ham o‘z ichiga oladi. Avvalo u sizdan sadaqai joriya bo‘ladi, qolaversa, u sizning qoldirgan ilmingiz bo‘ladi. So‘nggida esa o‘sha kitoblarni o‘qigan farzandlaringiz duo qilishni, vafot etganlar haqiga istig‘for aytishni o‘rganadi. Ular sizu bizning ham haqimizga duoyi xayrlar qiladi.
Azizlar, shuning uchun farzandlarimizga kitob olib beraylik, oiladagi rahbarligimizni unutib qo‘ymaylik, oxiratda o‘zimiz uchun ham, ular uchun ham javob berishimiz esimizdan chiqib qolmasin!
Alloh taolo bu borada barchamizga O‘zi kuch-quvvat, yordam, himmat, g‘ayrat va yengillik bersin, omin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Yomonlikdan qaytarish
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu Raslulloh sollallohu alayhi vasallamning shaklu shamoyillarini, suratlariyu siyratlarini ta’riflab: «Birinchi bor ko‘rgan kishi u zotdan haybatlanar edi. U zot bilan aralashib, tanigan kishi esa yaxshi ko‘rib qolardi. U zotni sifatlagan kishi: “Undan oldin ham, keyin ham u zotdek biror kishini ko‘rmadim”, deydi, degan» (Imom Termiziy, “Shamoili Muhammadiya”).
Haqiqatan, Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamda salobat ham, viqor, marhamatu shafqat ham – xullas, hamma go‘zal sifatlar, fazilatlar jamlangan edi. U zotni ilk marta ko‘rgan har qanday kishi sergak tortar, viqorlaridan, salobatlaridan haybatlanar edi. Lekin Nabiy alayhissalom bilan gaplashgan, suhbatda bo‘lgan odam u zotning halimliklari, go‘zal so‘zlari, mukammal odob va axloqlariga mahliyo bo‘lib qolardi...
Bugun o‘zini Payg‘ambarimiz alayhissalomning ummatiman deb hisoblab, u zotning sunnatlariga mos tarzda do‘ppi kiygan, soqol qo‘ygan ayrim kishilarning, ayniqsa, yoshlarning oldiga borib, ular bilan tanishsangiz, dastlab xursand bo‘lasiz. Biroq biroz o‘tib ularning xatti-haraktalaridan yoqa ushlaysiz.
“Albatta, jasading (tanang)ning ham senda haqqi bor” (Imom Buxoriy rivoyati) hadisiga muvofiq har chorshanba sport bilan shug‘ullanamiz. Maydonga borsak, bizlar bilan bir vaqtda yonimizdagi maydonga ham yigitlar yig‘ilishdi. Soqol qo‘ygan, ayrimlarining boshida do‘ppi ham bor. Salom berishdi, alik oldik.
Chamasi yarim soatlar o‘tib, ulardan biri so‘kina ketdi. Yigitlarga qilgan havasimiz nafratga aylandi. Og‘zidan bodi kirib-shodi chiqavergach, oxiri ularga tanbeh berishga majbur bo‘ldim. Bir-ikki nafari tamaki ham tutata ketdi.
“Yoshlar qiziqqon bo‘ladi-da”, deya ularni oqlashga shoshmasligimiz kerak. Milliy va diniy qadriyatlarimizga putur yetkazadigan, butun bir avlodga salbiy ta’sir qilayotgan illat – yoshlarning soqol qo‘yib, do‘ppi kiyib, tamaki tutatgancha so‘kinayotganini hech ham tushunib bo‘lmaydi.
Yana bir holat. Ertalab ishga shoshib ketayotsam, chamasi 55-60 yoshni qoralab qolgan bir otaxonning ulovini bir yigit mashinasi bilan biroz siqib qo‘ydi. Shunda soqolli, boshida do‘ppisi yarashib turgan kishi ulovining oynasidan haligi yigitni bo‘ralatib so‘kib ketdi.
Shu voqeani ko‘rib, soqol qo‘yib, do‘ppi kiyib olgan, biroq og‘zidan bodi kirib-shodi chiqayotgan yoshlar osmondan tushmaganiga, ular ham bizning oramizda, o‘zbek oilalarida yashab ulg‘ayayotganiga amin bo‘ldim.
Yoshlarning aynib ketayotganiga internet va ijtimoiy tarmoqlarga soqolli blogerlar, do‘ppi kiyib olgan vaynerlar va yana allakimlar joylayotgan bema’ni, tuturuqsiz lavhalar ham sabab bo‘layapti. Yoshlar taqlidga o‘ch bo‘ladi. Shu bois ular oilada, ko‘cha-ko‘yda ko‘rgan narsalarini amalda qo‘llashni istaydilar.
Ko‘chada do‘ppi kiyib, soqol qo‘yib yurgan yoshni ko‘rgan odam uni odobli, tarbiyali yoki taqvodor deb o‘ylashi mumkin. Ammo tashqi ko‘rinish insonning ichki dunyosiga kafil bo‘la olmaydi. Insonni kiyimi bilan emas, xulqi bilan tanish kerak. Do‘ppi kiyish yaxshi fazilatlarning o‘rnini bosmaydi, soqol qo‘yish odobning kafolati emas. Agar inson tashqi qiyofasidagi ma’naviy da’voni ichki tarbiyasi bilan uyg‘unlashtirsa, shunda uning ko‘rinishi ham, so‘zi ham, amali ham bir-biriga mos keladi.
Imom Shofe’iy rahimahulloh: “Ikki yil ilm oldim. Odob-axloqni o‘n sakkiz yil o‘rgandim. Qaniydi, yigirma yil ham odob-axloqni o‘rganganimda edi”, deb bejiz aytmagan.
Abdulloh ibn Muborak rahimahulloh: “Odobni o‘ttiz yil o‘rgandim, ilmni yigirma yil o‘rgandim”, degan.
Biz yuqorida tasvirlagan yoshlarda aynan odob-axloq yetishmayapti, deya olamiz. Bunday kimsalarga kiygan do‘ppisi aqlini ishlatishga monelik qilyapti, iyagida soqol o‘sibdi-yu, ammo ongi o‘smabdi, deyish mumkin.
Yoshlik – jo‘shqin davr. Shu bilan birga, bu davrda yoshlar kattalarga taqlid qilib ulg‘ayadilar. Shunday ekan, kattalar ham odob-axloqda barchaga namuna bo‘lsalar, yoshlar ulardan ibrat olib, milliy qa diniy qadriyatlarimizga putur yetkazadigan har xil holatlardan yiroq bo‘ladilar.
Sodiqul masduq zot – Muhammal sollallohu alayhi vasallam Alloh taolo O‘z soyasiga oladigan yetti toifaning ikkinchisi “...Alloh taoloning ibodatida unib-o‘sgan yigit...”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Xo‘sh, Alloh taoloning ibodatida unib-o‘sgan yigit kim, u qanday bo‘ladi?
Avvalo, u so‘zi va amali uyg‘un bo‘lgan, Rasulullohning suratlariyu siyratlarini o‘zida mujassam etgan navqiron avlod vakili bo‘ladi. U har bir ishini Alloh uchun qiladi, xatti-harakatlari, muomala-munosabatlari Islomnng zilol chashmasidan sug‘orilgan, milliy qadriyatlarimizda belgilangan mezonlarga asoslanadi.
U o‘ziga Nabiy alayhisalomning: “Qiyomat kuni mo‘minning mezonida husni xulqdan og‘irroq narsa bo‘lmaydi. Alloh fahsh va iflos so‘z aytuvchini yomon ko‘radi” (Imom Termiziy rivoyati), degan muborak hadislarini mezon qilib oladi.
U, hadisi sharifda aytilganidek, dunyosini deb oxiratini, oxiratini deb dunyosini tashlab qo‘ymaydi (Imom Ibn Abu Dunyo rivoyati).
“Alloh taoloning ibodatida unib-o‘sgan yigit” maktabu madrasada Imom Buxoriy, Xorazmiydek “a’lochi”, oliy ta’lim muasssasida Abu Hafs Kabir Buxoriydek tirishqoq, peshqadam, Vatan sarhadlarini qo‘riqlashda Xolid ibn Validdek, Najmiddin Kubrodek mohir askar, tijoratda Abdurahmon ibn Avfdek uddaburon, ziroatda Sa’d ibn Abu Vaqqosdek mirishkor dehqon, tibbiyotda Abu Ali ibn Sinodek hoziq tabib, handasada Ahmad al-Farg‘oniydek kuchli muhandis, xullas, hayotning har jabhasida barchaga ibrat bo‘lishi kerak. Ana shunda unga aytgan gaplari, kiygan kiyimlari, shaklu shamoyili yarashib tushadi. Hamma unga va ota-onasisiga rahmat aytadi.
Tolibjon NIZOM