O‘tgan kuni, kitob mutolaasi orqali yoshlar ta’lim-tarbiyasini yaxshilash va ilm-ma’rifatini oshirishga oid tashabbusga mos ravishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim mudirlari Muhammad Ayubxon Homidov va Kamoliddin Mahkamov Samarqand viloyatidagi oliy diniy ta’lim muassasasi hisoblangan – Hadis ilmi maktabiga o‘zlarining shaxsiy kutubxonalaridan eng nodir va noyob asarlarni sovg‘a qildilar.
Taqdim etilgan kitoblar orasidagi Abu Lays Samarqandiyning “Tafsiru Samarqandiy”, Imom Molikning “Muvatto”, Badruddin Ayniyning “Al-Banaya Sharhul Hidoya”, Mulla Ali Qoriyning “Fathu babil Inoya” va Ibn Manzur Misriyning “Lisanul Arab” nomli asarlar talabalar uchun muhim qo‘llanma bo‘ladi, insho Alloh.
Muhammad Ayubxon Homidov ilmu ma’rifatli inson bo‘lish uchun, avvalo, puxta bilim olish zarurligi, ko‘p kitob mutolaa qilish muhimligini aytib, kitob va uning mutolaasining foydalari haqida so‘zladi.
Zabardast ulamolar va mutafakkirlar kitobga shu qadar mehr qo‘ygan edilarki, hatto tunlari sham yorug‘ida bo‘lsa ham kitob mutolaa qilganlar. Buyuk muhaddis Imom al-Buxoriy hazratlari 12 yoshlarida Qur’oni karimni yod olganlar, umrlari davomida olti mingdan ziyod hadisni hifz qilganlar. Mutafakkir Alisher Navoiy hazratlari esa 7 yoshida Farididdin Attorning «Mantiqut-tayr» asarini yod bilgan.
So‘zimizni Abdurahmon Jomiyning quyidagi to‘rtligi bilan yakunlaymiz.
Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q jahonda
G‘amxo‘ring bo‘lgay u g‘amgin zamonda.
U bilan qol tanho hech bermas ozor,
Joningga yuz rohat beradi takror.






O‘MI Matbuot xizmati
#taziya
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Diniy idorada uzoq yillar faoliyat yuritgan Zarifa hoji onaga turmush o‘rtoqlari Mirkomil otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhumning oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz