Islom dini qadriyatlarini keng yoyish, diniy ehtiyojlarni qondirish va jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish yo‘lida muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida juda katta ishlar qilinmoqda. Shunday ulug‘vor ishlarning davomi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarligida “Qur’oni karim ma’nolarining tarjimasi va tafsiri” kitobi qoraqalpoq tilida chop etildi.
Darhaqiqat, Qur’on mo‘min-musulmonlar uchun muqaddas kitobdir. Qur’oni karim ma’nolarini arabchadan boshqa tillarga tarjima qilish va o‘zga xalqlarni ham Alloh taolo So‘zining mazmunidan bahramand qilish ulug‘ savobli ishlardan hisoblanadi. Alloh taoloning fazlu marhamati ila Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Shamsiddin Bahouddinov tamonidan Qur’on ma’nolarini arabchadan qoraqalpoq tiliga tarjima qilish va unga izohlar yozishdek ulug‘ ish ado etildi.
Qur’oni karim o‘ta teran mazmunli kitob ekanini nazarda tutib, ushbu tarjimani imkon qadar o‘quvchiga tushunarli qilishga harakat qilindi. Buning uchun ilgari o‘tgan tafsirchi ulamolar izidan borib, ushbu Ulug‘ Kitobning har bir oyati ma’nosini tarjima qilishdan tashqari unga izoh ham qo‘shildi. Dastlab har bir sura oldida o‘sha suraning qisqacha mazmuni yozildi, so‘ng oyatlar tarjimasi orasida qavs ichida qisqacha izohlar ham berildi.
Qur’oni karimni arab tilida o‘qish va uning mazmunini anglash hammaning ham imkoniyat darajasida emas. Hatto arablarning o‘zlari ham Qur’on oyatlarini to‘liq tushunish uchun alohida e’tibor qiladi. Sahobai kiromlar ham ba’zi oyatlar mazmuni haqida Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o‘zlaridan so‘rab, ularning mazmun-mohiyatini aniqlab olganlari Islom tarixidan ma’lum.
“Qur’oni karim ma’nolarining qoraqalpoq tilidagi tarjimasi va tafsiri” kitobi Qur’oni karimning qoraqalpoq tilidagi ilk tarjimasi va birinchi nashri bo‘lib, qoraqalpoq xalqi uchun uzoq kutilgan tarixiy voqea bo‘ldi. Shu tariqa qoraqalpoq xalqi asrlar osha e’tiqod qilib kelgan Islom dinining birlamchi manbaini o‘z ona tilida o‘qishga, ma’nolarini tafakkur kilishga muyassar bo‘ldi. O‘zbekiston musulmonlari idorasida tuzilgan “Qur’oni karimni nashr etish bo‘yicha hay’at” tomonidan “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”ni qoraqalpoq tilidagi tarjimasi qo‘lyozmasi atroflicha o‘rganib chiqilib, ijobiy xulosa berilgan.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi Shamsiddin Bahouddinov “Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri”ni qoraqalpoq tiliga tarjima qilish ustida yetti yil davomida mehnat qildi. Ushbu tarjima ishida diniy ulamo va ustozlarning tavsiyalari, fikr-mulohazalari muntazam ravishda inobatga olinji. Jumladan, har bir oyatning mazmuni va tafsirini yozishda Shayx Abdulaziz Mansur va boshqa ulamolar bilan maslahatlashib, ularning tavsiyalar va fikrlari qabul qilindi.
Tarjima arab tilidagi mo‘tabar tafsir kitoblariga ham qiyosan olib borildi. Jumladan, ikki ulug‘ mufassir Jaloliddin As-Suyutiy va Jaloliddin al-Mahalliyning “Tafsiri Jalolayn”, Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at-Tobariyning “Tafsiri Tabariy”, Abu Lays Samarqandiyning “Bahrul-ulum”, Abu Mansur al-Moturidiyning “Ta’vilotu ahli sunna”, Abu Barokat an-Nasafiyning “Madorikut-tanzil va hakoiqut-ta’vil”, Abdulloh ibn Ahmad an-Nafasiyning “Tafsirun Nasafiy”, Ismoil Haqqiy ibn Mustafo al-Hanafiyning “Ruhul-bayon” asarlaridan keng foydalanildi.
Shuningdek, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan tarjimani qoraqalpoq tili nuqtayi nazaridan ham ko‘rib chiqildi.
Qur’oni karimni tarjima qilish mobaynida qoraqalpoq tilida har bir gap, so‘zlarning tarkib topishi va so‘zlarni o‘z o‘rnida ishlatilishiga ham katta e’tibor berildi. Shuningdek, qoraqalpoq tilining o‘ziga hos fonetik, grammatik, leksik qoidalariga ham amal qilgan holda har bir so‘zning to‘g‘ri tarjima qilinishiga va o‘rinli qo‘llanilishiga alohida ahamiyat qaratildi.
Qoraqalpoq davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori Sh.Abdinazimov, “Yerkin Qaraqalpakstan” gazetasi bosh muharriri K.Reymov va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori, filologiya fanlari nomzodi A.Alniyazov kabilardan iborat ekspertlar guruhi ushbu kitob bo‘yicha ijobiy fikr-mulohaza bildirdilar.
Hozirgi paytda aholini Qur’oni karim ma’nolari bilan yaqindan tanishtirish va unga bag‘ishlangan asarlarni yanada ko‘proq targ‘ib qilish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qur’oni karim insonlarni mustahkam e’tiqod egasi bo‘lishga, yaxshilik qilishga, tinch-totuv yashashga, halol va haromni ajratishga hamda odamlar bilan mehr-oqibatli bo‘lishga chorlaydi.
Alloh taolo Qur’oni karimning ushbu tarjima va tafsirini Qoraqalpoq eliga muborak qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.
«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.
«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.
Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.
«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.
Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati