Alloh taolo insonga ato etgan katta ne’matlardan biri – farzand ne’matidir. har bir ne’matning shukri vojib bo‘lganidek, bu farzand ne’matining ham shukri vojibdir. Bu ne’matning shukri – Alloh taologa til bilan shukr qilish va o‘sha farzandni solih, barkamol inson etib tarbiya qilishdir.
Hammamiz erta tongdan ishga, o‘qishga yo‘l olamiz. Kechqurun ishdan charchab kelamiz. Ovqatlanamiz, dam olamiz. Kunimiz shu tarzda o‘tadi. Afsuski, farzandimizning o‘qishi, ahvoli bilan qiziqmaymiz yoki qiziqishga vaqtimiz yetmaydi. Ba’zan bu narsa esimizga ham kelmaydi. Ammo qiyomat kuni o‘zimiz uchun ham, farzandlarimiz, qo‘l ostidagilarimiz uchun ham javob berishimizni unutmaylik!
وَعَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: سَمِعْتُ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ: «كُلُّكُمْ رَاعٍ، وَكُلُّكُمْ مَسْؤُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ: الإِمَامُ رَاعٍ وَمَسْؤُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ، وَالرَّجُلُ رَاعٍ فِي أَهْلِهِ وَمَسْؤُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ، وَالْمَرْأَةُ رَاعِيَةٌ فِي بَيْتِ زَوجِهَا وَمَسْؤُولَةًّ عَنْ رَعِيَّتِهَا، وَالخَادِمُ رَاعٍ فِي مَالِ سَيِّدِهِ وَمَسْؤُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ، وَكُلُّكُمْ رَاعٍ وَمَسْؤُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ»
مُتَّفَقٌ عَلَيهِ
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Har biringiz mutasaddidir va har biringiz qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir. Imom mutasaddidir va qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir. Erkak o‘z oilasida mutasaddidir va qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir. Ayol erining uyida mutasaddidir va qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir. Xodim o‘z xojasining mol-mulkida mutasaddidir va qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir. Har biringiz mutasaddidir va har biringiz qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir», deyayotganlarini eshitdim». Muttafaqun alayh.
Ushbu muborak hadisga ko‘ra, har bir inson bu dunyoda ham, oxiratda ham qo‘l ostidagilari uchun mas’uldir.
Bolamiz bugun maktabdan yangi bir vazifa bilan uyga keldi. Rosa urinyaptiyu ammo o‘sha vazifani bajarishga qiynalyapti. Oxiri bizning oldimizga kelib, “Dadajon, mana shu misolning javobini yecholmayapman. Qarashib yuboring, o‘rgatib qo‘ying” deydi.
Shunda biz nima deymiz?
“Bor, onangga ayt, men charchaganman, boshimni qotirma” deymiz. Ammo televizor ko‘rishga, serial va kinolarni tomosha qilishga charchamaymiz, boshimiz qotmaydi. Ammo o‘zimizning muhim vazifamiz va mas’uliyatimiz bo‘lgan farzandimizning tarbiyasiga, o‘qishiga beparvomiz.
“Dadajon, bugun maktabda ota-onalar majlisi bo‘lar ekan. Iltimos, borib keling” desa, “Nimalar deyapsan?! Qanaqa majlis?! Majlis-pajlisga vaqtim yo‘q. Ana, onang borib kelsin!” deymiz.
Shu kabi majlislarga borib, bolamizning o‘qituvchilari, murabbiylari bilan gaplashib, ulardan bolamiz qanday o‘qiyotgani, nimalarni o‘zlashtirayotgani, nimalarda oqsayotgani, qanday yordam kerakligi haqida so‘rash esimizga ham kelmaydi. Axir bolamizning nima o‘qiyotgani, qanday o‘zlashtirayotgani biz uchun qiziqmasmi?! Shunchaki hamma qatori maktabga borib kelsa bo‘ldimi?! Kelajakda qanday inson bo‘lishining bizga qizig‘i yo‘qmi?!
Ba’zi otalar borki, har kuni farzandlarining bugun nima dars o‘tganini, nimalarni o‘rganganini so‘raydi. Ularni qiynagan masalada yordamlashadi. Doim ularning tarbiyasi, o‘qishini nazorat qilib borishadi.
O‘g‘illarimiz kimlar bilan do‘st bo‘lyapti, kimlar bilan nimalarni gaplashyapti, yomon odatlarga, ichish, chekish kabi illatlarga o‘rganmayaptimi, telefonida nimalarni saqlab, qanday videorolik va fotolarni ko‘rib yuribdi, mana bularni nazorat qilish, so‘rab-surishtirish, doim shu narsalarga qiziqib, mas’uliyatni his qilishimiz bizning eng muhim vazifalarimizdandir.
Ertaga o‘g‘limiz yoki qizimiz biror nojo‘ya ish qilsa, “Nega o‘g‘lim bunday qildi ekan?”, “Nima uchun qizim bunday bo‘lib o‘sdi ekan?” deya zorlanamiz. Vaholanki, bir paytlari yomon o‘rtoqlari va axloqsiz dugonalari bilan yurganini bilib tursak ham indamadik yoki bu haqida surishtirmadik. Endi boshimizni changallab o‘tiribmiz.
Azizlar, farzand bizga berilgan ne’mat bo‘lishi bilan birga omonat ham ekanini esimizdan chiqarmaylik! Farzandining tarbiyasi, o‘qishi, yurish-turishi haqida qiziqmagan ota-ona ushbu omonatga xiyonat qilgan hisoblanadi. Xiyonat esa hadislarda munofiqlikning alomatlaridan biri deyilgan.
Alloh taolo barchamizni farzandlarni tarbiya qilishda mas’uliyatli va jonkuyar ota-onalar bo‘lishimizni, ular bu dunyoda bizga ko‘z quvonchi bo‘lishini va oxiratda boshimizga izzat tojini, egnimizga karomat sarposini kiydirishini nasib etsin, omin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Bugun, hayotda ham, ijtimoiy tarmoqlarda ham, tushunarsiz mantiqqa guvohi bo‘lasiz. Qo‘lida eng so‘nggi modeldagi smartfon hamda sputnik orqali video ulashayotgan “ekspert”, bizga zamonaviy ilmlar kerak emas, faqat nargi dunyomizga oid ilmini o‘rganing, qolgan hammasi vaqtni behuda sarflash, dushmanlarning o‘yini, deb bong uradi.
Eng achinarlisi, bunday chiqishlar ostida minglab “layk”lar va “to‘g‘ri aytdingiz, bolalarni boshqa ilmlarga beraylik” qabilidagi soddadil zamondoshlarimizning izohlari paydo bo‘ladi.
Xo‘sh, aslida-chi? Zamonaviy ilmlarni inkor etish, tibbiyot, IT, astronomiya yoki fizikani “begona ilm” deb bilish qadriyatlarga to‘g‘ri keladimi yoki bu mutaassiblikmi yoki axborot xurujining mahsulimi?
E’tibor bergan bo‘lsak, zehniyatimizga zamonaviy ilmlarni inkor qiluvchi miflar o‘rnashib qolgan.
1-mif: “Dunyoviy ilmlar dindan uzoqlashtiradi”. Bu da’vo – ilmsizlikning oliy ko‘rinishidir. Tarixga nazar solaylik, bugun dunyo tan olgan Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Al-Beruniy kabi bobolarimiz diniy ilmlarni ham, zamonaviy fanlarni ham birdek mukammal egallashgan. Ular matematika va astronomiyani o‘rganib, dindan uzoqlashib ketmaganlar. Aksincha, koinot qonuniyatlarini matematik hisob-kitoblar orqali anglash ularning Yaratuvchining qudratiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlagan.
Bugun tibbiyotni inkor etib, “tabib”lik da’vo qilayotgan, farzandlarini ta’limdan uzib, faqat bir tomonlama o‘qitmoqchi bo‘layotganlar aslida jamiyatni zaiflashtirishga xizmat qilmoqda. Kuchsiz, qaram va nosog‘lom jamiyat esa har qanday tashqi kuchning oson o‘ljasiga aylanadi.
2-mif: “Zamonaviy texnologiyalar, IT va ijtimoiy tarmoqlar –buzg‘unchilik quroli”. Texnologiya bu, shunchaki vosita. Pichoq bilan non ham kesish mumkin, inson hayotiga suiqasd qilish ham. Muammo pichoqda emas, uni ushlagan qo‘lda.
Bugun sun’iy intellekt (AI), dasturlash va kosmik texnologiyalar asrida yashayapmiz. Agar biz o‘z yoshlarimizni ushbu sohalardan uzoqlashtirsak, ularni “zararli” deb e’lon qilsak, yaqin kelajakda o‘zgalarga qaram bo‘lib qolamiz. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirib, “texnologiyadan uzoq bo‘ling” deyishning o‘zi ikkiyuzlamachilikdir. Asl ma’rifat zamonaviy vositalarni egallab, ularni jamiyat va insoniyat foydasiga ishlata olishdir.
Axborot xurujlarini tashkil etuvchi tashqi kuchlar va mutaassib oqimlarning bosh maqsadi bitta: jamiyatni fikrlashdan to‘xtatish. Savodsiz, tahlil qila olmaydigan, kimyo va fizika qonunlarini tushunmaydigan, tibbiyotga ishonmaydigan odamni boshqarish juda oson.
Zamonaviy ilmlardan mahrum odamda tanqidiy fikrlash shakllanmaydi. U har qanday soxta da’vatga, diniy tus berilgan yolg‘on axborotga osongina ishonadi.
Ilm-fan va texnologiyadan orqada qolgan millat hamisha qashshoqlikka va boshqalarga muhtojlikka mahkum. Bu esa mutaassiblik tuzog‘iga tushish uchun eng qulay sharoitdir.
Sog‘lom tafakkur ilmni “diniy” va “dunyoviy”ga ajratmaydi. Insoniyatga, jamiyatga nafi tegadigan har qandan foydali bilim – sharaflidir.
Kasallarni davolayotgan shifokorning mehnati, murakkab dasturlarni yaratib, odamlarning og‘irini yengil qilayotgan IT mutaxassisining ishi, yurtni zamonaviy texnikalar bilan obod qilayotgan muhandisning izlanishi – bularning barchasi savobli va daromadli yo‘nalishlardir.
Qur’oni karimda dunyo va oxiratdagi barcha yaxshiliklarni o‘zida jamlagan go‘zal duolardan biri bor.
Baqara surasi 201-oyatida: “Parvardigoro, bizga bu dunyoda ham, oxiratda ham yaxshilik bergin va bizni do‘zax azobidan asragin”.
Bu duo nafaqat oxiratni, balki bu dunyodagi sog‘liq, halol rizq, baxtli oila, foydali ilm va tinchlik-xotirjamlik kabi barcha yaxshiliklarni so‘rashni o‘z ichiga oladi.
Tarmoqlarda sizni zamonaviy ilmlardan, til o‘rganishdan va taraqqiyotdan to‘smoqchi bo‘lgan virtual “donishmand”larning gaplariga tanqidiy munosabatda bo‘ling. Zero, millatni yengish uchun uni qurol bilan vayron qilish shart emas, uni ilmdan, kitobdan va tafakkurdan ayirishning o‘zi kifoya.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo
masjidi imom-xatibi