Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan kitobxonlik madaniyati va mutolaasini oshirish tashabbusi o‘sib kelayotgan yoshlarda bolalik chog‘idan kitobga mehr uyg‘otish, mustaqil fikr va keng dunyoqarashni shakllantirish, ularning hayot yo‘llarida mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.
Shunday savobli ishlarga hissa qo‘shishni o‘ziga maqsad qilgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimlari ushbu ishlarda jonbozlik ko‘rsatmoqdalar. Jumladan, Diniy idora bo‘lim mudiri Rustam Jamilov Toshkent shahri Yunusobod tumanida joylashgan 274 -sonli maktabga badiiy va ilmiy kitoblar jamlanmasini hadya qildi. Kutubxona mudiri Kamoliddin Mahkamov esa Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 122-sonli maktabga diniy-ma’rifiy kitoblar jamlanmasini taqdim etdi.
Biz farzandlarimizni kitob mutolaasiga jalb etish orqali ularning fikrlash doirasini kengaytiramiz hamda kelajagi porloq bo‘lishiga zamin yaratamiz, - deydi R.Jamilov.
Eslatib o‘tamiz, shu yil 19 mart kuni Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlar ma’naviyatini yaxshilash va kitobxonlikni targ‘ib qilish masalalari muhokama qilingan edi.
Maktab ma’muriyati sovg‘alar uchun chuqur minnatdorchilik bildirdi, qilingan muruvvat yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga katta turtki bo‘lishini ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Rossiya Federatsiyasida vaqtincha mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan va boshqa maqsadlarda borgan yurtdoshlarimiz bilan samimiy muloqot qilish, ular bilan dildan gaplashish, ma’rifiy suhbatlar qilib berish maqsadida ayni kunlarda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov mazkur mamlakatda bo‘lib turibdi.
Dastlab Moskva viloyati Odinsovo shahridagi "Monotek" mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish shirkatida ishlayotgan vatandoshlarimiz bilan, so‘ngra Moskva shahridagi "AntYapi" mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish firmasida mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan samimiy muloqot qildi.
Vatandoshlarimiz ma’rifiy suhbatlar asnosida Abduqahhor domladan o‘zlarini qiziqtirgan diniy va boshqa mavzulardagi savollarga atroflicha javoblar oldi.
Bosh imom vatandoshlarimizga qayerda bo‘lsa ham yurtimiz sha’nini baland tutishni, aqidasi buzuq har xil oqimlarga qo‘shilib qolmaslik zarurligini alohida ta’kidladi.
Xizmat safari Sankt-Peterburg shahrida davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati