
2019 yil 25 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rasmiy ish qog‘osi nusxasiga yozilgan bir nechta shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar soxtadir. Unda keltirilgan ma’lumotlar va yozuvlar qalbakidir.
Bu kabi asossiz uydirma xabarlarni tarqatishdan maqsad O‘zbekistondagi diniy sohada olib borilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni yomonlab ko‘rsatish va mo‘min-musulmonlar orasiga ishonchsizlik urug‘ini sochishdan o‘zga narsa emas.
Inson dunyoga mukkasidan ketib, oxiratini unutib, har qanday qabih ishga qo‘l urmasligi kerak. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Yolg‘on guvohlik beruvchining ikki oyog‘i qo‘zg‘almay turib, Alloh unga do‘zaxni vojib qiladi”, deganlar. Yana bir hadisda "Kim bizni aldasa, bizdan emas" deyilgan.
Aziz yurtdoshlar, har bir mo‘min-musulmon kishi bunday yolg‘on-yashiqlarga, mish-mish gaplarga uchmasligi, fitnalardan ogoh bo‘lishi darkor. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Mo‘min kishi ziyrak, hushyor va oqil bo‘ladi”, degan hadislari mohiyatini chuqur tushunish lozim.
Ba’zi bir hasadgo‘y kimsalar xalqimiz orasida norozilik kayfiyatini uyg‘otish maqsadida, fitna chiqarish ilinjida turli uydirmalarni ommaviy axborot vositalari orqali tarqatishdan tap tortishmayapti. Bularga aldanib qolmasligimiz kerak. Shunday yolg‘on xabarlarni tayyorlash va tarqatish qonun bilan taqiqlanadi, Islom dinida esa qattiq qoralanadi.
Alloh taolo hammamizni to‘g‘ri yo‘lga boshlasin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 10 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida xayrli va saxovatpesha tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili munosabati bilan Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla va saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.
Tadbir doirasida maktab yoshidagi o‘quvchilarga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan maktab formasi, sumka va to‘liq o‘quv qurollari to‘plamlari tantanali ravishda topshirildi.
Marosim yakunida yurtimiz tinchligi, xonadonlar fayzu barakasi va xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati