بسم الله الرحمن الرحيم
اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي أَبَاحَ لَنَا جَمِيعَ الطَّيِّبَاتِ، وَحَرَّمَ عَلَيْنَا الْخَبَائِثَ وَالْمُضِرَّاتِ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ مُحَمَّدٍ الَّذِي قَالَ وَلَا تَشْرَبِ الْخَمْرَ فَإِنَّهَا مِفْتَاحُ كُلِّ شَرٍّ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ وَعَلَى مَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ اَمَّا بَعْدُ
JINOYATLARNING ASOSI
Muhtaram jamoat! Alloh taolo bu dunyoni sinov maydoni qilib yaratdi. Unda insonning qanday umr kechirishi, ne’matlarni qaysi yo‘lga ishlatishiga qarab oxiratdagi manzil-makoni aniq bo‘ladi. Insoniyat doimiy imtihonda ekanini quyidagi oyati karimadan bilib olamiz:
الَّذِي خَلَقَ الْمَوْتَ وَالْحَيَاةَ لِيَبْلُوَكُمْ أَيُّكُمْ أَحْسَنُ عَمَلًا وَهُوَ الْعَزِيزُ الْغَفُورُ
(سورة الملك الآية-2 )
ya’ni: “(U) sizlarning qaysi biringiz chiroyliroq (savobliroq) amal qiluvchi ekaningizni sinash uchun o‘lim va hayotni yaratgan zotdir. U Aziz (qudratli) va G‘afur (kechirimli)dir” (Mulk surasi, 2-oyat).
Bu imtihon dunyosida yaxshi ham bor, yomon ham bor, halol ham bor, harom ham bor. Hamma narsa halol, hamma bir xil mo‘min-musulmon bo‘lganida sinovdan ma’no qolmagan, yomon bo‘lmasa, yaxshini qadriga yetmagan bo‘lardik. Alloh taolo insonlarni bir-birlari bilan imtihon qilishi haqida shunday deydi:
...وَلَوْ شَاءَ اللَّهُ لَجَعَلَكُمْ أُمَّةً وَاحِدَةً وَلَكِنْ لِيَبْلُوَكُمْ فِي مَا آَتَاكُمْ فَاسْتَبِقُوا الْخَيْرَاتِ...
(سورة المائدة الآية-48 )
ya’ni: “...Agar Alloh xohlasa edi, sizlarni bir ummat (bir xil shariatda) qilib qo‘ygan bo‘lur edi. Lekin O‘zi bergan narsa (shariatlar)da sizlarni sinash uchun (bir xil qilmadi). Bas, xayrli (savobli) ishlarda bir-biringizdan o‘zishga oshiqingiz!...” (Moida surasi, 48-oyat).
Mo‘min-musulmonlar o‘zaro yoru birodar bo‘lib, dunyodagi sinovlardan yaxshi o‘tib olishlari uchun, bir-birlarini to‘g‘ri yo‘lga chaqirib, yomonlikdan qaytarib turadilar. Agar hamma “O‘zim chiqqan tepa omon bo‘lsin”, deb harakat qilsa, yaxshilikka buyurish, yomonlikdan qaytarish bo‘lmasa, jamiyatda fisqu-fasod ko‘payadi va tobora zarari kattalashib boradi. Buni quyidagi hadisi sharifdan bilib olamiz:
"والَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَتَأْمُرُنَّ بالْمَعْرُوفِ ولَتَنْهَوُنَّ عَنِ المُنْكَرِ أَوْ لَيُوشِكَنَّ اللَّهُ أَنْ يَبْعَثَ عَلَيْكُمْ عِقَابًا مِنْهُ ثُمَّ تَدْعُونَهُ فَلا يُسْتَجابُ لَكُمْ"
(رَوَاهُ الإمَامُ التِّرْمِذِيُّ)
ya’ni: “Jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, yo yaxshilikka buyurasiz va yomonlikdan qaytarasiz, yoki bo‘lmasa, Alloh taolo ustingizga bir baloni yuboradi, undan keyin qancha duo qilsangiz ham duoingiz qabul bo‘lmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).
Shu hadisdan kelib chiqib, barchamiz jamiyatdagi yomon illatlarni yo‘qotishga imkon qadar hissamizni qo‘shishimiz kerak. Buni ma’lum bir idoralarning ishi deb o‘ylamaylik. Hozir bo‘lib turgan fazilatli jamoatimizning yordami mast qiluvchi ichimliklar va giyohvand moddalar iste’mol qiladigan yon-atrofimizdagi kishilarni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish uchun nihoyatda zarur. Faqat o‘zimizni o‘ylab, ularni unutishimiz insofdan emas.
Ma’lumki, insonning aqlini ketkazadigan, uning din-diyonati va obro‘siga putur yetkazadigan, qolaversa, oilasi va yaqinlariga aziyat beradigan mast qiluvchi narsalar ham bu dunyoning sinovlaridan biridir. Bunday moddalar insoniyat yaratilibdiki mavjud bo‘lgan va turli nomlar bilan atalgan. Bizning davrimizga kelib ularning nomi va turi yana ham ko‘paydi. Mast qiladigan moddalar ichiladigan, chekiladigan, ukol qilinadigan, hidlanadigan va tabletka ko‘rinishida yuzaga chiqdi. Ularning hammasi bir hukmdadir.
Dinimizning buyruq va qaytariqlariga bo‘ysunish aqlli, balog‘atga yetgan kishilarga vojib bo‘ladi. Inson o‘z ixtiyori bilan aql-hushni ketkazadigan, mast qiladigan narsalarni iste’mol qilishi mumkin emas. Mastlikni zamonamiz olimlari “ixtiyoriy jinnilik”, deb atashadi.
Islom dini kelganda o‘sha vaqtdagi xalq ichkilikka mukkasidan ketgan edi. Alloh taolo bu muammoni o‘zining hikmati bilan, bosqichma-bosqich hal qildi. May haqida bir emas, to‘rtta oyat nozil bo‘ldi. Oxirgi oyatda Alloh taolo mast qiluvchi ichimliklarni qat’iy harom qildi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنَّمَا الْخَمْرُ وَالْمَيْسِرُ وَالْأَنْصَابُ وَالْأَزْلَامُ رِجْسٌ مِنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho‘plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz” (Moida surasi, 90-oyat).
Giyohvandlik moddalari ham mast qiluvchi xususiyatga ega. Shunday ekan, mast qiluvchi ichimliklarning hukmi, zararlari, oqibatlari haqidagi barcha oyat va hadislar giyohvandlikka ham tegishlidir.
Mast qiluvchi ichimliklar va giyohvandlikning jamiyatga, oilaga va inson shaxsiyatiga katta zarari bor. Bu moddalar jamiyatda turli qotillik, o‘g‘irlik, zo‘ravonlik kabi og‘ir jinoyatlarni ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Bu illatlar oiladagi tinch totuvlik, o‘zaro mehr oqibat, ota-ona va farzand o‘rtasidagi munosabatga putur yetkazadi, oilaning iqtisodini izdan chiqaradi, oila a’zolarini ruhiy tushkunlikka soladi. Shuning uchun uni Hazrati Usmon raziyallohu anhu: “Yomonliklarning onasi”, deb ataganlar. Bu moddalarni iste’mol qiluvchilar esa, sog‘lom turmush tarzidan uzoqlashadi, obro‘si to‘kilib, nafs bandasiga aylanadi.
Dinimizda bunday moddalarni iste’mol qilish katta gunoh sanaladi. Abu Dardo Ansoriy raziyallohu anhu: “Menga do‘stim (ya’ni, Payg‘ambar salllallohu alayhi vasallam) nasihat qilib aytdilar:
أَنْ لَا تُشْرِكْ بِاللَّهِ شَيْئًا وَإِنْ قُطِّعْتَ وَحُرِّقْتَ وَلَا تَتْرُكْ صَلَاةً مَكْتُوبَةً مُتَعَمِّدًا فَمَنْ تَرَكَهَا مُتَعَمِّدًا فَقَدْ بَرِئَتْ مِنْهُ الذِّمَّةُ وَلَا تَشْرَبِ الْخَمْرَ فَإِنَّهَا مِفْتَاحُ كُلِّ شَرٍّ
رواه الامام بن ماجة
ya’ni: “Sizni burda-burda qilishsa ham, o‘tda kuydirishsa ham, Alloh taologa shirk keltirmang. Farz namozni bilib turib tark qilmang, agar kim namozni qasddan tark qilsa, undan Allohning (o‘z panohida asrashi) zimmasi uzoq bo‘ladi. May ichmang, u hamma yomonliklarning kalitidir” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Ibn Abbos raziyallohu anhu aytadilar: “May harom qilinganda, Rasulullohning sahobalari bir-birlarini ziyorat qilib: “May harom qilindi va shirkka teng qilindi (ya’ni, katta gunoh sanaldi)”, der edilar” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Quyidagi hadisi sharifda ham uning katta gunoh ekanligi bildirilgan:
مَنْ مَاتَ وَهُوَ مُدْمِنُ الْخَمْرِ، لَقِيَ اللهَ وَهُوَ كَعَابِدِ وَثَنٍ
رواه الامام البزار
ya’ni: “Kim doimiy may ichuvchi bo‘lib vafot etsa, Alloh taologa butga sig‘ingan kishidek ro‘baro‘ bo‘ladi” (Imom Bazzor rivoyati).
Mast qiluvchi ichimliklar va giyohvand moddalarning eng katta zarari oilalarning buzilishida namoyon bo‘lmoqda. Mast holda xotin, bola chaqani urib-so‘kish, ichkilikka berilib, ularni nafaqasiz tashlab qo‘yish jamiyatimizda uchrab turibdi. Buning ustiga ba’zi kishilar mast holatda taloq qo‘yib, o‘zlarini qiyin ahvolga solib qo‘yishmoqda. Nikoh va taloq masalasida hazil ketmaydi, “mast edim”, degan bahonalar ham o‘tmaydi. Nikoh erkak va ayolning “topshirdim”, “qabul qildim” degan so‘zlari bilan bog‘langani kabi, erkakning bir og‘iz “taloq qildim”, degan so‘zi bilan uziladi. Dinimizda musulmon kishining so‘zi e’tiborli, qadrli bo‘ladi. Xalqimiz bekorga: “Aytilgan so‘z – otilgan o‘q”, demagan!
Ilmiy jihatdan isbotlanishicha, ichkilik va giyohvandlikka berilganlar ichida befarzandlik va nogiron bolalar tug‘ilishi ko‘p kuzatiladi.
Muhtaram jamoat! Yoshlarga, ayniqsa, ularning o‘smirlik davrida chiroyli tarbiya, go‘zal o‘rnak ko‘rsatishimiz kerak. Ularni kim bilan yuribdi, kim bilan do‘st tutindi, surishtirib, ogoh bo‘lib turishimiz lozim. Ularning ko‘pchiligi yomon do‘stlar sababli, ichkilik va giyohvandlikka o‘rganib qoladilar.
Shuni ham ta’kidlash joizki, aksariyat jinoyatlarning ildizi bekorchilikka borib taqaladi. Farzandlarni bilim-ma’rifatli, mehnatsevar, g‘ayratli, o‘z kasbini puxta biladigan qilib tarbiyalash, kelajakda ularni xalqimizga, dinimizga foydali inson bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun farzandlarimiz bekorchi bo‘lib qolishlariga yo‘l qo‘ymasligimiz, balki ularni, bilim olish, kitobxonlik, turli to‘garaklar, sport bilan shug‘ullanish, madaniy hordiq bilan band qilishimiz kerak. Bu masala hozirgi kunda davlatimiz hukumati diqqat e’tiborida turgan ish bo‘lib, yoshlarga barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Yana, shuni eslatamizki, Payg‘ambarimiz alayhissalom mashhur duolarida ojizlik, dangasalik va qarzdorlikdan panoh so‘raganlar va bu narsalar keyinchalik insonni kambag‘allikka va yolg‘on gapirishiga sabab bo‘ladi.
Mast qiluvchi va giyohvand moddalarga mubtalo bo‘lganlar chin tavba qilib, bu yo‘ldan qaytsalar va solih amallarni qilib, shariatimiz buyruqlariga rioya etsalar, shoyadki, Alloh taolo ularning gunohini kechirsa, to‘g‘ri yo‘liga hidoyat qilsa. Buning uchun avvalo, yomon sheriklardan uzoqroq yurishlari, solih insonlarni do‘st tutishlari kerak. Zero, inson do‘stining din-diyonatiga moslashib ketadi.
ILOVA: Fotihadan keyin “omin” aytish masalasi
Hanafiy mazhabimizga ko‘ra namozda, “Fotiha” surasidan keyin, “omin”ni maxfiy (ovoz chiqarmasdan) aytiladi. Bunga ulamolar quyidagi dalillarni keltiradilar:
ادْعُوا رَبَّكُمْ تَضَرُّعًا وَخُفْيَةً إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُعْتَدِينَ
ya’ni: “Rabbingizga zorlanib va xufyona (ovozsiz) duo qilingiz! Zero, U (duoda va boshqada) haddan oshuvchilarni yoqtirmagay” (A’rof surasi, 55-oyat).
Demak, “omin”ni ichimizda aytsak, oyatga amal qilgan bo‘lamiz.
عَنْ عَلْقَمَةَ بْنِ وَائِلٍ رضي الله عنه عَنْ أَبِيْهِ: "أَنَّهُ صَلَّى مَعَ رَسُولِ اللهِ صلى الله عليه وسلم فَلَمَّا بَلَغَ غَيْرِ الْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلاَ الضَّالِيْنَ قَالَ: آمِيْنْ وَأَخْفَى بِهَا صَوْتَهُ"
(رواه الإمامُ أحمدُ والإمامُ أبو داودَ الطيالسيُّ والإمامُ أبو يَعلى الموصلي والإمامُ الدارقطني والإمامُ الحاكمُ)
ya’ni: Alqama ibn Voil otalaridan rivoyat qiladilar, otalari Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bilan namoz o‘qidilar. Payg‘ambarimiz “g‘oyril mag‘zubi ’alayhim valazzollin”ga yetganlarida ominni ovoz chiqarmasdan aytdilar (Imom Ahmad, Imom Abu Dovud, Imom Abu Ya’lo, Imom Doraqutniy, Imom Hokim rivoyatlari).
عَنْ أَبِيْ وَائِلٍ رضي الله عنه قَالَ: "كَانَ عَلِيٌّ وَابْنُ مَسْعُودٍ لاَ يَجْهَرَانِ بِبِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيْمِ
وَلاَ بِالتَّعَوُّذِ وَلاَ بِآمِيْنَ"
(رواه الإمامُ الطبراني)
ya’ni: Abu Voil raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda u zot shunday degan: “Ali va Abdulloh ibn Mas’udlar “Bismillahir rohmanir rohiym”ni ham, “a’uzu”ni ham, “omin”ni ham ovoz chiqarib aytmas edilar” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Boshqa bir rivoyatda hazrati Umar raziyallohu anhu ham “omiyn”ni ichlarida aytib namoz o‘qishlari ta’kidlanadi. Hanafiy ulamolar xuddi shu ma’nodagi, lekin boshqa sahobai kiromlarning nomlari zikr qilingan rivoyatlarni ham keltiradilar.
عَنْ إِبْرَاهِيْمَ النَّخَعِي قَالَ: "أَرْبَعٌ يُخْفِيْهِنَّ الْإِمَامُ اَلتَّعَوُّذُ وَبسم الله الرحمن الرحيم وَاَللَّهُمَّ رَبَّنَا لَكَ الْحَمْدُ وَآمِيْنْ"
(رواه الإمامُ عبدُ الرزاق في مُصَنَّفِهِ وإسنادُه صحيحٌ)
ya’ni: Ibrohim Naxaiydan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar: “To‘rt narsani imom ovozini chiqarmasdan aytadi: “A’uzu billahi minash shaytonir rojim”, “Bismillahir Rohmanir Rohim”, “Robbana lakal hamd” va “Omin”” (Imom Abdurrazzoq “Musannaf” nomli kitobida rivoyat qilgan. Isnodi sahih).
Ulamolar shuningdek bir nechta aqliy dalillar ham keltirganlar:
Masalan: “Omin” lafzi Qur’ondan emasligi hammamizga ma’lum. “A’uzu billahi minash shaytonir rojim” esa Qur’ondan, yana Alloh taolo bizga Qur’on o‘qiganimizda uni aytishni vojib qilgan. Shundoq bo‘lsa ham, “A’uzu billahi minash shaytonir rojim”ni ichimizda aytamiz. Nima uchun “omin”ni ovoz chiqarib aytishimiz kerak ekan?!”.
Yana bir dalil: Namoz juda ham mashhur ibodat hisoblanadi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam namoz farz bo‘lgan kundan boshlab har kuni besh vaqt namoz o‘qiganlar. Payg‘ambarimizning har bir namozlari minglab kishilar tomonidan sinchkovlik ila kuzatib turilgan. Agar “omin”ni ovoz chiqarib aytish kerak bo‘lganida, U Zot bu narsani bayon qilgan bo‘lar va orada hech qanday shubha qolmas edi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, boshqa mazhablarda hujjat qilinadigan “Omin”ni jahriy (ovoz chiqarib) aytilishi haqida kelgan hadislarni hanafiy ulamolari Rasululloh ta’lim uchun aytganliklarini qayd etganlar.
Xulosa shuki, “Omin”ni maxfiy aytish masalasi oyat va hadisga to‘liq mos keladi va Payg‘ambarimizning sunnatidir. Hanafiy ulamolar bu mavzuda oyat va hadisga suyanganlar, qiyosga hojat ham qolmagan.
ILOVA: O‘tgan haftada “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida “gapirish va eshitishida” imkoniyati cheklangan shaxslar bilan davra suhbati o‘tkazilib, unda 500 nafar “gapirish va eshitishda” imkoniyati cheklangan shaxslarga 19 million so‘mlik diniy-ma’rifiy kitoblar va uy-ro‘zg‘or vositalari, hamda 61 nafar bemorlarga 75 000 000 (yetmish besh million) so‘m jami 94 000 000 (to‘qsan to‘rt million) so‘m miqdorida xayriya qilindi.
Alloh taolo barchamizga tavfiq bersin, savob ishlarga shoshilish, gunoh ishlardan uzoq bo‘lishni nasib aylasin. Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “OILADA ER VA XOTINNING MAJBURIYATLARI” mavzusida bo‘ladi. Jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz.
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi