Alloh chin tavba qiluvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: “Albatta, Alloh (shungacha bilmay yo‘l qo‘ygan xatolaridan) chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi” (Baqara surasi, 222-oyat).
Chin tavba qanday bo‘ladi?
Chin tavba dildan pushaymon bo‘lish, til bilan mag‘firat so‘rash, gunohdan voz kechish va unga boshqa qaytmaslikka ahd qilish bilan bo‘ladi.
Alloh Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashuvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: Ayting (ey Muhammad!): “Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir” (Oli Imron surasi, 31-oyat).
Nabiy alayhissalomga ergashish nima degani?
Nabiy alayhissalomga ergashish u zot keltirgan shariat ko‘rsatmalariga itoat etish deganidir.
Alloh taqvo qiluvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: “Aslida esa, kim (Alloh) ahdiga vafo qilsa va taqvoli bo‘lsa, albatta, Alloh (bu kabi) taqvodorlarni sevadi” (Oli Imron surasi, 31-oyat).
Taqvo nima?
Taqvo – tikanzorda yalang oyoq o‘zingizni tikandan saqlab yurganingizdek gunoh va ma’siyatlardan ham ehtiyot, uzoq bo‘lishingizdir.
Alloh yaxshilik qiluvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: “Albatta, Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi” (Moida surasi, 13-oyat).
Ezgulik nima?
Ezgulik bu yaxshilikdir. Har bir savobli ish – yaxshilik.
Alloh adolatli bandalarini yaxshi ko‘radi: “Agar hukm qilsangiz, o‘rtalarida adolat bilan hukm qiling! Albatta, Alloh odillarni sevadi” (Moida surasi, 42-oyat).
Alloh har bir ishni go‘zal bajaruvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: “(Barcha ishlarni) chiroyli qilingiz. Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Oli Imron surasi, 195-oyat).
Alloh sabrli bandalarini yaxshi ko‘radi: “Alloh (esa) sabrlilarni sevar” (Oli Imron surasi, 146-oyat).
Sabr nima?
- Toat-ibodatlarni ado etishda sabr.
- Gunohlardan tiyilishda sabr.
- Musibatga sabr.
Alloh tavakkul qiluvchi bandalarini yaxshi ko‘radi: “(Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling, zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni sevar” (Oli Imron surasi, 159-oyat).
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati