Tashqi ishlar vazirligi xabar berishicha 2019 yilning 4 mart kuni Malayziya Islom ilmiy universiteti (USIM) rahbariyati va professor-o‘qituvchilari bilan O‘zbekiston delegatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tgan.
Ushbu ta’lim muassasasiga 1998 yilda asos solingan bo‘lib, Malayziya Islom ilmiy universitetida 32 yo‘nalishda ta’lim beriladi. Bugungi kunda bu dargohda 15 ming talaba tahsil oladi.
Uchrashuv chog‘ida USIM va mamlakatimiz ta’lim muassasalari o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi hamda bu kabi hamkorlikning samaradorligi alohida ta’kidlandi. So‘nggi yarim yil ichida USIM bilan Urganch davlat universiteti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti o‘rtasida tadqiqotlarni birgalikda o‘tkazish sohasida, mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, talabalarni almashish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi sherikchilik bitimlari imzolandi. Shuningdek, Malayziya universiteti O‘zbekiston milliy universiteti va Buxoro davlat universiteti bilan ham hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.
Natijada joriy yilning yanvar oyidan O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi va Urganch davlat universitetida Islom ilmiy universiteti yetakchi professorlarining Islom huquqi va banking, turizm, menejment, AKT va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha leksiyalari tashkil etildi.
Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va “visiting professors” shaklidagi amaliyotni davom ettirish maqsadida universitetning injeneriya va qurilish fakulteti dekanini Toshkent arxitektura-qurilish institutida mustahkam arxitektura mavzusida leksiyalar kursini o‘tkazishi uchun 2019 yil 27 martdan 11 aprelgacha O‘zbekistonga yuborish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston musulmonlar idorasi Matbuot xizmati
Surxondaryo viloyati hokimi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida boshlangan “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostidagi ezgulik chellenji davom etmoqda.
Mazkur ezgu tashabbus doirasida Qumqo‘rg‘on tumanida ham ijtimoiy himoyaga muhtoj, e’tibor va ko‘makka ehtiyojmand oilalarning 51 nafar farzandlariga maktab o‘quv qurollari va so‘mkalar topshirildi.
Xususan, ushbu ezgu tadbir Qumqo‘rg‘on tumani "Shah Mashrab" jome' masjidida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakili R.Abdullayev, Surxondaryo viloyati hokimligi kotibiyat mudiri D.O’roqov, tuman Bosh imom-xatibi H.Zayniyev hamda tumandagi barcha masjid imom-xatiblari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Bunday ezgu tashabbuslar orqali yurtdoshlarimizga mehr va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularning og‘irini yengil qilish, muammolariga yechim topish hamda xonadonlarga bayramona kayfiyat ulashishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Zero, inson qadri, mehr-oqibat va saxovat bor joyda ezgulik bardavom bo‘ladi.
Qumqo‘rg‘on tuman hokimligi Axborot xizmati