Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Sentabr, 2026   |   20 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:27
Quyosh
05:50
Peshin
12:23
Asr
17:00
Shom
18:59
Xufton
20:17
Bismillah
02 Sentabr, 2026, 20 Rabi`ul avval, 1448

Baxillik – yomon illat

26.02.2019   20099   3 min.
Baxillik – yomon illat

Bu xonadonda ko‘p marta mehmon bo‘lganman. Sohibasi Roziya momo oqila, hojatmandlarning haqini ado etadigan ayol edi. U bog‘laru polizlardan olingan hosilni ko‘pchilik bilan baham ko‘rardi. Mevayu sabzavotning eng sarasini birinchi bo‘lib farzandi ko‘plarga tarqatilardi.

Momo tarvuz, qovun, qovoqlarning yaxshilarini hassasi bilan ko‘rsatib, qo‘shnining haqqi ekanligini ta’kidlardi. Olingan hosillarning barakasi keyingi yil hosil bo‘lguncha yetardi. Roziya momo “O‘zingga nimani ravo ko‘rsang, boshqalarga ham shuni ravo ko‘rgin” degan so‘zlarni ko‘p takrorlardi.

Orada bir muddat borolmay qoldim, shunda Roziya momoning vafot etganlarini eshitdim. Yillar o‘tib, yana shu xonadonga yo‘lim tushganida ko‘nglim og‘rib qaytdim. Roziya momo hayotlik paytida gurkirab turgan mevali daraxtlarga kasallik tegib, bog‘dan fayz ketgan edi.  Buning asl mohiyatini keyinroq tushundim.

Momoning ikki o‘g‘illari bo‘lib, momo katta o‘g‘illari bilan birga yashardi. Qaynonasining vafotidan keyin katta kelin: “Nega endi mehnatni biz qilib, rohatini boshqalar ko‘rishi kerak. O‘zimiz ham katta ro‘zg‘or,  ortganini sotamiz”, deb, qo‘ni-qo‘shnilarga yaroqsiz, qurt tushgan mevalarni chiqaradigan bo‘libdi. Keyinchalik qo‘shnichilik haqqini qilishni ham unutibdi. Ko‘p o‘tmay bog‘ o‘z tarovatini yo‘qota boshlabdi, mevalar maydalashib, ko‘piga kasallik tushib, daraxtlar qurib ketibdi. Poliz ekinlari esa parvarish yetarli bo‘lishiga qaramasdan, qurt tushib, ichidan irib keta boshlabdi.

Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:

Ey, imon keltirganlar! O‘z qo‘l mehnatingiz va Biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalarning yaxshilaridan ehson qilingiz! O‘zingiz faqat ko‘zingizni chirt yumibgina oladigan darajadagi yomon narsalarni (ehson qilishga) tanlamangiz! Shuningdek, bilingizki, albatta, Alloh g‘aniy va maqtovga loyiq zotdir (Baqara, 167-oyat).

Alloh taolo har bir insonga mol-dunyo beradi va uni qanday yo‘llarga sarf-xarajat qilishini sinab ko‘radi. Qo‘lidagi molu davlatini Alloh taolo berganligini iqror qilib, undan miskin va faqirlarga ham nasiba ajratgan kishilarning moliga baraka beradi va uni yanada ziyoda qiladi. Aksincha, davlatmand bo‘laturib, zakot va sadaqa bermaslik, faqir va miskinlarning haqqini ajratmaslik esa, shariatimizda baxillik deb ataladi va u qattiq qoralanadi.

Suygan narsalaringizdan ehson qilmaguningizgacha sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Nimaniki ehson qilsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir (Oli Imron, 92-oyat).

Mo‘min baxil bo‘lmaydi. Infoq-ehson qilmay, baxillik bilan to‘plangan mol-dunyo oxiratda sharmandalikka sabab bo‘lishi haqida Alloh taolo bunday ogohlantiradi:

“Allohning fazli bilan bergan narsasi (boyligi)dan baxillik qiluvchilar buni o‘zlariga yaxshi deb hisoblamasinlar! Aslo! Bu ular uchun yomondir. Qiyomat kuni baxillik qilgan narsalari (o‘z bo‘yinlariga) bo‘yinturuq qilib ilib qo‘yiladi...” (Oli Imron surasi, 180-oyat).

Baxillik insonlar orasida hasad va bir-birini ko‘ra olmaslik kabi illatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam hadislarining birida: “Baxillikdan saqlaninglar, chunki u sizdan oldin o‘tganlarning halokatga yo‘liqishiga sabab bo‘lgan. Baxillik ularni bir-birlarining qonini to‘kishga, harom narsalarni halol deyishga olib borgan”, - deb marhamat qilganlar (Imom Muslim rivoyati).

Menga qadrdon Roziya momoning o‘gitlarini, tutumlarini olmagan, xonadonning fayzini ketkizgan kelinning qilmishlari baxillikning bu dunyodayoq yomon oqibatlarga olib kelishini anglatardi...

 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi

Munira ABUBAKIROVA

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Prezident 35 yillik mustaqillik arafasida 852 nafar mahkumni afv etdi

27.08.2026   47298   1 min.
Prezident 35 yillik mustaqillik arafasida 852 nafar mahkumni afv etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan 852 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Afv etilganlar orasida 7 nafar xorij fuqarosi, 375 nafar yoshlar, 49 nafar ayol va 60 yoshdan oshgan 37 nafar erkak bor, xabar bermoqda Batafsil.uz.
Afv etilgan 852 nafar shaxsdan 604 nafari jazoni to‘liq o‘tashdan ozod qilinadi. Yana 115 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etiladi.
52 nafar mahkumga tayinlangan jazo yengilroq jazo turiga almashtiriladi. 81 nafar shaxsning ozodlikdan mahrum qilish jazosi muddati esa qisqartiriladi.
Afv etilganlar orasida taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etgan 63 nafar shaxs ham bor.
Prezident farmonida afv etishga asos sifatida mahkumlarning qilmishiga pushaymonligi va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgani ko‘rsatilgan.
"O‘zbekiston 24" telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 2017 yildan buyon 31 ta afv etish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan. Ushbu hujjatlar jami 10 567 nafar jazo o‘tayotgan shaxsni qamrab olgan.
Xususan, Prezident Navro‘z va Ramazon hayiti arafasida ham 392 nafar mahkumni afv etgandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari