Xabar berganimizdek, Buxoroda o‘tkazilayotgan birinchi xalqaro ziyorat turizm forumi doirasida O‘zbekistonni ziyorat turizm markazlaridan biri sifatida e’tirof etish bo‘yicha Buxoro deklaratsiyasi tuzildi.
Mazkur deklaratsiyadan ko‘zlangan maqsad va uning ahamiyati haqida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi vazifasini bajaruvchi Abdulaziz Oqqulov quyidagilarni so‘zlab berdi:
– Ziyorat turizmi bo‘yicha Buxoro deklaratsiyasini Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti hamda Jahon sayyohlik tashkiloti ma’qullagach, biz qabul qildik. Forumda ishtirok etayotgan davlatlarning o‘ndan ortig‘i mazkur hujjatni imzoladi.
Ushbu hujjat O‘zbekistonning, xususan Buxoro shahrining ziyorat turizmi bo‘yicha salohiyatini yana bir bor e’tirof etish, AYSЕSKO - Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti tomonidan 2020 yilda Buxoroni islom madaniyati poytaxti sifatida e’lon qilinganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Forum doirasida Malayziya, Indoneziya, Singapur, Saudiya Arabistoni, Janubiy Afrika, Turkmaniston va Qozog‘iston bilan memorandum tuzilgani O‘zbekistonning turizm salohiyatini yanada namoyon etishda qo‘l keladi. Ikkinchi tomon sifatida piar markazimiz ishtirok etdi.
Memorandum imzolagan davlatlar mamlakatimizning turizm salohiyatini o‘z mamlakatlarida targ‘ib qiladi. Bu borada biz ularga kerakli ma’lumotlar, foto, videolarni taqdim etgan holda stend va roliklar bilan yaqindan ko‘maklashamiz.
Forum davomida ishtirok etgan davlatlar soni borgan sari ko‘paydi. Aslida biz rasman 23 ta davlatdan vakil taklif etgan edik. Keyin Buxoro viloyati hokimligi bilan ishlayotgan va ishlamoqchi bo‘lgan investorlar forum haqida eshitib, bevosita hokimlik orqali tadbirda ishtirokchi sifatida qo‘shildi. Forum ishtirokchilarini ikki toifali deyish mumkin.
Birinchisi, dunyo islom olamidagi mashhur shaxslar va dinshunos olimlar bo‘lsa, ikkinchisi jahon turizm sanoati yetakchilaridir.
Shuningdek, forumda 14 ta xorijiy OAV vakillari O‘zbekistonning yangi formatdagi tadbirini yoritishda ishtirok etmoqda. Xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan tadbir nafaqat milliy OAVda, balki nufuzli xorijiy OAV vakillari tomonidan dunyo ommasiga taqdim etildi.
Forum ishtirokchilari ayni vaqtda Samarqanddagi qadamjolarni ziyorat qilishmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati