“Alloh adolat ila turib, albatta, Undan o‘zga iloh yo‘qligiga shohidlik berdi. Farishtalar va ilm egalari ham. Undan o‘zga iloh yo‘q. U aziz va hakim zotdir” (Oli Imron surasi, 18-oyat).
Imom Qurtubiy rohmatullohi alayhi aytadi: “Ushbu oyat ilmning fazliga, ulamolarning sharafli ekaniga dalolat qiladi. Chunki agar ulamolardan ko‘ra sharafliroq biror kimsa bo‘lganida edi, Alloh taolo O‘zining ismi va farishtalarining ismiga ulamolarni qo‘shib keltirgani kabi ularni ham qo‘shib keltirgan bo‘lar edi.
Ilmning sharafiga Alloh taoloning Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga: «va: «Robbim, ilmimni ziyoda qilgin», degin» (Toha surasi,114-oyat) deb aytgan so‘zi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Albatta ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridir” degan so‘zlari kifoya qiladi.
Toshkent shahar “Ahmadjon qori” jome masjidi imom noibi
Qudratulloh Sidiqmetov tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV