Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Avgust, 2026   |   7 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:10
Quyosh
05:37
Peshin
12:26
Asr
17:15
Shom
19:19
Xufton
20:41
Bismillah
20 Avgust, 2026, 7 Rabi`ul avval, 1448

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning ishlari davom ettirilmoqda

09.02.2019   8880   8 min.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning ishlari davom ettirilmoqda

2019 yilning 9 fevral kuni «Hilol-nashr» nashriyot-matbaa uyida fazilatli ShayxMuhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahullohning rus tilidagi navbatdagi kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

Taqdimotda MDH mamlakatlari, turli xil tashkilotlar, korxonalardan  faxriy mehmonlar, diniy o‘quv muassasalariing o‘qituvchilari va talablari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari, mahalliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etishdi.

Taqdimotda ta’kidlanishicha, hozirgi kungacha chop etilib kelinayotgan va ulardan millionlab o‘quvchilar, shu jumladan elektron resurslarning foydalanuvchilari foydalanib kelayotgan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning qalamiga mansub ko‘plab fundamental va qomusiy ilmiy kitoblar ularning Islom dini va Vatani oldidagi ulkan xizmati hisoblanadi.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning kitoblarini qisqa tarzda mana bunday ta’riflasa bo‘ladi:

Birinchidan, ular islom dinini uning haqiqiy ko‘rinishida taqdim etishga yo‘naltirilgan; ularda ma’lumotlar din haqidagi bilimlarni berishdagi omonatga rioya qilgan holda, haqqoniy keltirilgan. 

Ikkinchidan, ular Islomdagi mo‘tadillik tamoyili – vasatiylik ruhida yozilgan.

Uchinchidan, ularning kitoblarida islomiy tushunchalar obyektiv tushuntirishlar, kitobxonlarning eng keng doirasiga mo‘ljallangan, unchalik murakkab bo‘lmagan tushunarli va sodda sharhlar bilan bayon qilinadi. Bu esa, ularning kitoblari qarama-qarshiliklar va kelishmovchiliklarga olib kelishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlar va nuqtayi nazarlardan xoli ekanligidan dalolat beradi.

To‘rtinchidan, muallifning kitoblari ularning ahli sunna val jamoa mazhabiga muvofiq ruhda yozilganidir.  

Beshinchidan, Shayxning kitoblarida ta’rif qilinayotgan boshqa dinlarga Islomning munosabati musulmon dunyosining haqiqiy yuzini aks ettiradi – ushbu kitoblar diniy bag‘rikenglik va dinlararo totuvlik ruhi bilan singdirilgan.

Tadbir chog‘ida ta’kidlandiki, bizning mintaqamizni  MDH mamlakatlarining ulkan hududi o‘rab turibdi, ulardagi deyarli barcha musulmonlar rus tilida so‘zlashishadi, ushbu tilni tushunishadi, erkin tarzda rus adabiyotini mutolaa qilishadi. Ushbu ulkan hududning musulmonlari yagona islom maktabining tarafdorlari hisoblanishadi.  

Taqdimotda nutq so‘zlaganlarning fikriga ko‘ra, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ushbu hudud musulmonlarining yetakchilaridan biri sifatida, musulmonlarda haqiqiy bilimlarni olish imkoni bo‘lishi uchun odamlarga Islomning asoslarini tushuntirib berish, ularga islom ta’limotning to‘g‘ri talqinini yetkazishni o‘zlarining burchlari, deb hisoblardilar.

Shayx shu yerda, MDH mamlakatlari hududida o‘sib, ulg‘ayganlari uchun bu muhitda yashar, turmushning barcha o‘ziga xos xususiyatlari, mentaliteti, mahalliy musulmonlarning urf-odatdarini yaxshi bilar va shuning uchun bizning muammolarimizning mohiyatini yaxshi anglar edilar. Boz ustiga, boshqa tarjimalarning mualliflaridan farqli ravishda, Shayx  chinakam islom olimi, ya’ni diniy ulamo edi.

Shayxning kitoblari bizning katta mintaqamiz va davrimizning shart-sharoitlari va talablaridan kelib chiqib yozilgan edi.

Shuning uchun ushbu ilmiy meroslarni rus tiliga tarjima qilish talab qilinardi.

Bunday obyektiv zaruratdan tashqari, bir qator subyektiv sabablar ham bor edi. O‘sha to‘qsoninchi yillarda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf kitoblarini rus tiliga tarjima qilish to‘g‘risidagi iltimoslar bilan ularga obro‘li ulamolar, dinshunoslar, shuningdek ma’naviyat masalalari bo‘yicha mutaxassislar murojaat qilishardi. Tarjima to‘g‘risidagi asosli iltimoslar MDH mamlakatlarining siyosatchilari, diplomatlari, turli sohalarning mutaxassislaridan kelib tushar edi.

O‘z vaqtida ko‘pchilikning qayd etishicha, Rossiya va boshqa mamlakatlarda asosan mo‘tadil Islomga zid keladigan turli xil islomiy oqimlar tarafdorlarining kitoblari tarjima qilinib, keng tarqatilar edi. Ushbu kitoblarni o‘qiyotganlar orasida tushunmovchiliklar yuzaga kelardi, qarama-qarshiliklar paydo bo‘lardi. Shu sababli vaziyatni o‘nglash uchun Shayx kitoblarining tarjimalarini chop etish zarur edi.   

Shuni ta’kidlash lozimki, ularning o‘zbek tilida chop etilgan birinchi kitoblaridan keyinoq Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf asarlarini tarjima qilishga ehtiyoj paydo bo‘ldi.   

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va ularning safdoshlari ilk bor o‘tgan asrning 90-yillarida rus tiliga muqaddas Qur’onning ma’nolarini tarjima qilishga kirishishdi. O‘rta Osiyo musulmonlari diniy idorasining rus tili bo‘yicha mutaxassislari guruhi «Tafsiri Hilol»ning 29- va 30- poralarini tarjima qilishdi. Ushbu ikki jild chop etildi, ularni ko‘pchilik o‘qib chiqdi va bu ishni ma’qullashdi.

O‘sha paytlarda hali mamlakatimizdan tashqaridagi katta hududning ehtiyojlarini qondirish va boshqa tillarda kitoblarni chop etish  uchun hali imkoniyatlar yo‘q edi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning o‘zbek tilidagi kitoblarning chop etilishi va keng tarqatilishi yo‘lga qo‘yilganidan keyin boshqa tillarga kitoblarni tarjima qilishga e’tibor qaratish uchun ham imkoniyat paydo bo‘ldi. Joylarda Shayxning ayrim asarlari mustaqil ravishda ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz, qo‘miq, tojik, turkman, tatar va rus tillariga tarjima qilinayotganligi to‘g‘risida xabarlar kelib tusha boshladi.  Ko‘pchilik avvaldan Shayxning shaxsan ruxsatlarini olishar edi.

Sekin-asta Shayx boshchiliklarida tarjimon va muharrirlar guruhi tuzildi, ularning kitoblari rus tilida chop etila boshlandi.

Rossiya va MDH mamlakatlari hududida bilim darajasini oshirish va ziddiyatlarni bartaraf etishga qaratilgan chinakam islomiy kitoblarning tarqatilishi, umuman olganda Islom dinining mustahkamlanishi, uning tarafdorlari soni ko‘payishi, ushbu tarafdorlarning birligi va birdamligiga xizmat qilishi, shuningdek o‘z bilimlarining yetarlicha bo‘lmagani oqibatida Islomning vasatiylik yo‘lidan og‘ganlarni to‘g‘ri yo‘lga turib olishiga yordam berishi kerak edi.  

Amaliyotning ko‘rsatishicha, birinchi rus nashrlarining o‘ziyoq Shayx ezgu ishlarining samarasini ko‘rsatib bera oldi. Buni ko‘pchilik tan oladi.

– Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinki, bugungi kunda davlat miqyosida buyuk olim va arbob Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning xotiralariga ehtirom bildirilmoqda, –  ta’kidladi Shayxning o‘g‘illari Ismoil Muhammad Sodiq. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslariga ko‘ra Toshkentda, bu yerda, bizning yonimizda,  Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi bilan ataladigan, ma’rifat markazi bilan birgalikdagi masjid majmuasi jadal sur’atlarda bunyod etilmoqda.

Bizning shayximiz o‘z hayotlarini Alloh taoloning haqiqiy diniga chaqirish, payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallollohu alayhi vasallamning yo‘llariga ergashish, musulmonlarning ma’rifatli bo‘lishi, bilimlarning tarqatilishi, yoshlarning tarbiyasi, jamiyatning mustahkamlanishiga baxshida etdilar.

Shayxning ishlari davom etmoqda.

Tantanali tadbirda mehmonlarning e’tiboriga rus tilidagi «Tafsiri Hilol» kitobining o‘n jildi va bugungi kunda dolzarblik kasb etayotgan «Baxtiyor oila» kitobining nashr etilgan nusxalari taqdim etildi.

 

 

Islom.uz portali tahririyati

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   30099   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari