2019 yilning 9 fevral kuni «Hilol-nashr» nashriyot-matbaa uyida fazilatli ShayxMuhammad Sodiq Muhammad Yusuf rohimahullohning rus tilidagi navbatdagi kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Taqdimotda MDH mamlakatlari, turli xil tashkilotlar, korxonalardan faxriy mehmonlar, diniy o‘quv muassasalariing o‘qituvchilari va talablari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari, mahalliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etishdi.
Taqdimotda ta’kidlanishicha, hozirgi kungacha chop etilib kelinayotgan va ulardan millionlab o‘quvchilar, shu jumladan elektron resurslarning foydalanuvchilari foydalanib kelayotgan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning qalamiga mansub ko‘plab fundamental va qomusiy ilmiy kitoblar ularning Islom dini va Vatani oldidagi ulkan xizmati hisoblanadi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning kitoblarini qisqa tarzda mana bunday ta’riflasa bo‘ladi:
Birinchidan, ular islom dinini uning haqiqiy ko‘rinishida taqdim etishga yo‘naltirilgan; ularda ma’lumotlar din haqidagi bilimlarni berishdagi omonatga rioya qilgan holda, haqqoniy keltirilgan.
Ikkinchidan, ular Islomdagi mo‘tadillik tamoyili – vasatiylik ruhida yozilgan.
Uchinchidan, ularning kitoblarida islomiy tushunchalar obyektiv tushuntirishlar, kitobxonlarning eng keng doirasiga mo‘ljallangan, unchalik murakkab bo‘lmagan tushunarli va sodda sharhlar bilan bayon qilinadi. Bu esa, ularning kitoblari qarama-qarshiliklar va kelishmovchiliklarga olib kelishi mumkin bo‘lgan shart-sharoitlar va nuqtayi nazarlardan xoli ekanligidan dalolat beradi.
To‘rtinchidan, muallifning kitoblari ularning ahli sunna val jamoa mazhabiga muvofiq ruhda yozilganidir.
Beshinchidan, Shayxning kitoblarida ta’rif qilinayotgan boshqa dinlarga Islomning munosabati musulmon dunyosining haqiqiy yuzini aks ettiradi – ushbu kitoblar diniy bag‘rikenglik va dinlararo totuvlik ruhi bilan singdirilgan.
Tadbir chog‘ida ta’kidlandiki, bizning mintaqamizni MDH mamlakatlarining ulkan hududi o‘rab turibdi, ulardagi deyarli barcha musulmonlar rus tilida so‘zlashishadi, ushbu tilni tushunishadi, erkin tarzda rus adabiyotini mutolaa qilishadi. Ushbu ulkan hududning musulmonlari yagona islom maktabining tarafdorlari hisoblanishadi.
Taqdimotda nutq so‘zlaganlarning fikriga ko‘ra, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ushbu hudud musulmonlarining yetakchilaridan biri sifatida, musulmonlarda haqiqiy bilimlarni olish imkoni bo‘lishi uchun odamlarga Islomning asoslarini tushuntirib berish, ularga islom ta’limotning to‘g‘ri talqinini yetkazishni o‘zlarining burchlari, deb hisoblardilar.
Shayx shu yerda, MDH mamlakatlari hududida o‘sib, ulg‘ayganlari uchun bu muhitda yashar, turmushning barcha o‘ziga xos xususiyatlari, mentaliteti, mahalliy musulmonlarning urf-odatdarini yaxshi bilar va shuning uchun bizning muammolarimizning mohiyatini yaxshi anglar edilar. Boz ustiga, boshqa tarjimalarning mualliflaridan farqli ravishda, Shayx chinakam islom olimi, ya’ni diniy ulamo edi.
Shayxning kitoblari bizning katta mintaqamiz va davrimizning shart-sharoitlari va talablaridan kelib chiqib yozilgan edi.
Shuning uchun ushbu ilmiy meroslarni rus tiliga tarjima qilish talab qilinardi.
Bunday obyektiv zaruratdan tashqari, bir qator subyektiv sabablar ham bor edi. O‘sha to‘qsoninchi yillarda Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf kitoblarini rus tiliga tarjima qilish to‘g‘risidagi iltimoslar bilan ularga obro‘li ulamolar, dinshunoslar, shuningdek ma’naviyat masalalari bo‘yicha mutaxassislar murojaat qilishardi. Tarjima to‘g‘risidagi asosli iltimoslar MDH mamlakatlarining siyosatchilari, diplomatlari, turli sohalarning mutaxassislaridan kelib tushar edi.
O‘z vaqtida ko‘pchilikning qayd etishicha, Rossiya va boshqa mamlakatlarda asosan mo‘tadil Islomga zid keladigan turli xil islomiy oqimlar tarafdorlarining kitoblari tarjima qilinib, keng tarqatilar edi. Ushbu kitoblarni o‘qiyotganlar orasida tushunmovchiliklar yuzaga kelardi, qarama-qarshiliklar paydo bo‘lardi. Shu sababli vaziyatni o‘nglash uchun Shayx kitoblarining tarjimalarini chop etish zarur edi.
Shuni ta’kidlash lozimki, ularning o‘zbek tilida chop etilgan birinchi kitoblaridan keyinoq Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf asarlarini tarjima qilishga ehtiyoj paydo bo‘ldi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va ularning safdoshlari ilk bor o‘tgan asrning 90-yillarida rus tiliga muqaddas Qur’onning ma’nolarini tarjima qilishga kirishishdi. O‘rta Osiyo musulmonlari diniy idorasining rus tili bo‘yicha mutaxassislari guruhi «Tafsiri Hilol»ning 29- va 30- poralarini tarjima qilishdi. Ushbu ikki jild chop etildi, ularni ko‘pchilik o‘qib chiqdi va bu ishni ma’qullashdi.
O‘sha paytlarda hali mamlakatimizdan tashqaridagi katta hududning ehtiyojlarini qondirish va boshqa tillarda kitoblarni chop etish uchun hali imkoniyatlar yo‘q edi. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning o‘zbek tilidagi kitoblarning chop etilishi va keng tarqatilishi yo‘lga qo‘yilganidan keyin boshqa tillarga kitoblarni tarjima qilishga e’tibor qaratish uchun ham imkoniyat paydo bo‘ldi. Joylarda Shayxning ayrim asarlari mustaqil ravishda ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz, qo‘miq, tojik, turkman, tatar va rus tillariga tarjima qilinayotganligi to‘g‘risida xabarlar kelib tusha boshladi. Ko‘pchilik avvaldan Shayxning shaxsan ruxsatlarini olishar edi.
Sekin-asta Shayx boshchiliklarida tarjimon va muharrirlar guruhi tuzildi, ularning kitoblari rus tilida chop etila boshlandi.
Rossiya va MDH mamlakatlari hududida bilim darajasini oshirish va ziddiyatlarni bartaraf etishga qaratilgan chinakam islomiy kitoblarning tarqatilishi, umuman olganda Islom dinining mustahkamlanishi, uning tarafdorlari soni ko‘payishi, ushbu tarafdorlarning birligi va birdamligiga xizmat qilishi, shuningdek o‘z bilimlarining yetarlicha bo‘lmagani oqibatida Islomning vasatiylik yo‘lidan og‘ganlarni to‘g‘ri yo‘lga turib olishiga yordam berishi kerak edi.
Amaliyotning ko‘rsatishicha, birinchi rus nashrlarining o‘ziyoq Shayx ezgu ishlarining samarasini ko‘rsatib bera oldi. Buni ko‘pchilik tan oladi.
– Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinki, bugungi kunda davlat miqyosida buyuk olim va arbob Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning xotiralariga ehtirom bildirilmoqda, – ta’kidladi Shayxning o‘g‘illari Ismoil Muhammad Sodiq. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslariga ko‘ra Toshkentda, bu yerda, bizning yonimizda, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi bilan ataladigan, ma’rifat markazi bilan birgalikdagi masjid majmuasi jadal sur’atlarda bunyod etilmoqda.
Bizning shayximiz o‘z hayotlarini Alloh taoloning haqiqiy diniga chaqirish, payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallollohu alayhi vasallamning yo‘llariga ergashish, musulmonlarning ma’rifatli bo‘lishi, bilimlarning tarqatilishi, yoshlarning tarbiyasi, jamiyatning mustahkamlanishiga baxshida etdilar.
Shayxning ishlari davom etmoqda.
Tantanali tadbirda mehmonlarning e’tiboriga rus tilidagi «Tafsiri Hilol» kitobining o‘n jildi va bugungi kunda dolzarblik kasb etayotgan «Baxtiyor oila» kitobining nashr etilgan nusxalari taqdim etildi.












Islom.uz portali tahririyati
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati