Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

«Navoiy – buyuk Islom shoiri»

05.02.2019   7520   9 min.
«Navoiy – buyuk Islom shoiri»

Hazrat Navoiy o‘z ijodi uchun tanlagan  til o‘zbek tili bo‘lgani e’tiboridan o‘zbek shoiri, o‘zbek she’riyati mulkining sultoni hisoblanadi. Ammo u kishining asarlarining asl manbalariga nazar solinsa, ularning bulog‘ini surishtirilsa, «Navoiy – buyuk Islom shoiri» ekani aniq ravshan bo‘ladi.

Shoirning obro‘si shu qadar yuqori ediki, hunarmandlar o‘z mahsulotlarining bozorgir bo‘lishi uchun Navoiyning nomi bilan atar edilar.

Navoiyning qulog‘i og‘rib qoladi  va ro‘mol bog‘lab yuradi. Buni ko‘rgan Hirot ayollari ro‘mollarini qiyshaytirib o‘rab, bu usulni “Nozi Alisheriy” deb ataydilar.

Husayn Boyqaro Alisher Navoiyni shunday ulug‘laydi:

Erur so‘z mulkining qahramoni,

Erur gar chin desang — sohibqironi.

Hazratning deyarli barcha asarlarida oyatu-hadislarning, ayniqsa islom tasavvufining,  islomiy hikmatning ifori shundoq ufurib turadi.

Movarounnahr madaniy-ma’naviy muhitida Alisher Navoiy Qur’on ilmlari, jumladan tafsir ilmini rivojlantirish maqsadida mazkur sohaga o‘z davrining yetuk olim va mufassirlarini jalb qilgan hamda ularga homiylik ham  kilganlar.

Hazrat Navoiy o‘z asarlarida Qur’oni karimdan ham keng foydalangan. Uning “Xamsa”, “Sittai zaruriya”, “Nasoyim al-muhabbat”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Siroj al-muslimin” kabi asarlarida, umuman nazm va nasrdagi yozma merosida islom masalalari bo‘yicha ko‘p hollarda Qur’on oyatlariga asoslangan mulohazalar bayon qilinganini ko‘rish mumkin.

Husayn Voiz Koshifiyning ilmiy faoliyatiga nazar soladigan bo‘lsak, u zotning qalamiga mansub “Javohir at-tafsir” va “Mavohibi Aliyya” asarlari bevosita Alisher Navoiyning taklifi va homiyligi ostida yozilgan.

Navoiy katta mulkdor bo‘lib, boylik va unga kishining munosabati qanday bo‘lishini o‘z hayotlarida ko‘rsatib berdilar.O‘zlariga tegishli bog‘lar ekin maydonlari va do‘konlardan katta miqdorda daromad olganlar va bu daromadlarning deyarli hammasini insonparvarlik, xalqparvarlik va obodonchilik maqsadlariga sarflagan.

 Makorimul axloqda Xondamir hazrat Navoiy qurdirgan inshaotlarni keltiradi. Jumladan 40 dan oshiq rabotlar, 30 ga yaqin hovuzlar, 20 dan ortiq ko‘prik, 9 ta hammom,

Navoiy Qur’oni karim ta’siri borasida «Tarixi anbiyo va hukamo» asarini yozgan. Odam atodan tortib, Nuh, Iso, Ya’qub, Sulaymon, Yusuf, Dovud va boshqa payg‘ambarlar haqida ma’lumotlar beriladi.

Navoiy Qur’oni karim ta’sirida «Siroj-ul muslimin» nomli kitob yozadi. Bu kitobda shariat ahkomlarini, Allohning sakkiz sifatini anglatganidan so‘ng, Islom asoslarini nazmda bayon etadi.

Hazrat Navoiy butun hayoti va ijodini Qur’on oyatlari, hadislar asosiga qurgan komil musulmonning ibratli namunasidir.

 Shoir hamisha Qur’on o‘qishni va unga amal qilishni komillikning asosiy sharti deb tushunadi.

Olam eli ichra gar gado, gar shoh erur,

Ne dardki, ul ko‘ngli aro hamroh erur.

Qur’onni tilovat etsun ar ogoh erur,

El ko‘ngliga chun davo Kalomulloh erur.

Navoiy uch marta haj safariga otlangan. Ikki marta shoh turli bahonalar bilan ruxsat bermagach, uchinchi marta yuzma-yuz aytishga andisha qilgan hollarida gaplarini xat orqali bayon qiladi. Husayn Boyqaro ham Navoiyga xat orqali javob beradi.

Jumladan, bunday deydi:

   «Siz Xurosonda turar ekansiz, har qanday iltimosingiz bo‘lsa, hurmat bilan qabul qilinadi. Men shuni juda aniq bilamanki, agar bu davlat sizning sharofatli vujudingizdan holi bo‘lsa, ayrim shaxslar va xalq orasidagi o‘zboshimchalik ahvol ixtilofga aylanib ketadi».

Uning quvvai hofizasi juda kuchli edi. Shoir bolaligida Qur’ondan tashqari Fariduddin Attorning «Mantiqut tayr» dostonini ham yod olgan. Navoiy yigitlik chog‘lari 50 ming bayt g‘azalni yod bilgan.

 

Shoir ijodida Qur’on va hadis ifodasi.

وَنُنزلُ مِنَ الْقُرْآنِ مَا هُوَ شِفَاءٌ وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ وَلا يَزِيدُ الظَّالِمِينَ إِلا خَسَارًا } الإسراء: 82

Bil, ko‘ngulga istasang shifoni o‘qumoq,

Kim keldi ko‘ngul shifosi oni o‘qumoq,

Abdurrahmon Jomiy rahmatullohi alayh fors tilida «Arba’in» tuzib, unda fazilatli amallarga doir qirqta hadisni she’riy to‘rtliklar bilan tarjima qilgan. Keyinroq u kishining xos shogirdi, mumtoz shoir Mir Alisher Navoiy ham ustoz yo‘lidan borib, o‘zining «Arba’in» asarini bitgan.

Uning eng ko‘zga ko‘ringan asari, shubhasiz, «Arba’in» kitobidir.

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «الْمُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ الْمُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ». مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Musulmonlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘lgan kishi musulmondir», dedilar».

Shoir yozadi:

Kim musulmonlig‘ aylasa da’vo,

Chin emas gar fido qilur jonlar.

Ul musulmondururki, solimdur.

Tiliyu ilgidin musulmonlar. 

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ: أنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «وَالْكَلِمَةُ الطَّيِّبَةُ صَدَقَةٌ». مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ.

Abu Hurayra  roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Va yaxshi so‘z ham sadaqadir », dedilar».

Shoir yozadi:

Yaxshi so‘z birla hojat ahlin so‘r,

Bermasang yaxshi to‘madin nafaqa.

Ne uchunkim Rasul qavli bilan

Yaxshi so‘z bordur o‘ylakim sadaqa.

Xulosa shulki,

Aristotel, Suqrot, Aflotun, Sofokl o‘z ijodlari sabab ona  tillarini Ovro‘pada  mumtoz qildilar.

Sharq olamida fors-tojik  adabiy tilini Firdavsiy, Nizomiy, Jomiy  kabi dostonnavislar, Sa’diy Sheroziy, Xo‘ja Hofiz kabi  g‘azalnavislar,  Farididdin Attor kabi tasavvuf ustozlari  mumtozlik darajasiga ko‘targan edilar.

 Turkiyzabon  adabiyotda  esa «Nasoyim ul-muhabbat», «Mahbub ul-qulub», «Muhokamat ul-lug‘atayn» kaba asarlarni  yozilishi bilan  Hazrat Alisher Navoiy o‘zbek tilini mumtozlik cho‘qqilariga olib chiqdilar. Hattoki  ish yuritishga oid yuridik tilning mumtoz namunasini birinchi bo‘lib Alisher Navoiy  «Vaqfiya» asarida shakllantirib berdilar.

Mumtozlik — chindan ham misli yo‘q nodir bir afzaliyatki, g‘arb adabiyotlaridagi «klassika» degan tushunchasi mos keladi.

Aristotel va Platon kabi  qadimgi yunon allomalarining asarlari o‘z vatanlarida yo‘qolib ketadi. Klassik  yunon tili yangi Gretsiyada iste’moldan chiqdi. Klassik lotin tili ham «o‘lik» tilga aylanadi,  faqat ilm-fan  va  tibbiyotda  terminlari qoldi xalos.

Bizning mumtozadabiyotimizning nodir durdonalari shukrlar bo‘lsinki qo‘limizda.  Bugun uni asrab avaylash barobarida  kitobxon halqimizga yetkazishimiz zarur.

 2011 yilda  G‘ofur  G‘ulom nashriyotidan o‘n jildlik  to‘liq to‘plami chiqdi. Lekin bu borada ishlarimiz ko‘lamini kengaytirishimiz kerak.  Aynan shu to‘liq to‘plamni  to‘laligicha  elektron ko‘rinishda ham internet tarmog‘iga joylashtirish muhim ishlarimizdan.

Bir guruh adabiyotshunos  olimlar Alisher Navoiy qomusiy lug‘ati ustida samarali  mehnat qildilar.

Navoiy «Xamsa»sining yozilganiga besh yuz yildan ortiq vaqt o‘tdi. Shu asrlar davomida uning aytganlari chindan ham el-yurtga marg‘ub, ko‘ngillarga mahbub bo‘ldi.

Deganimni ulusqa marg‘ub et!

Yozg‘onimni ko‘ngulga mahbub et!

Navoiy asarlarida  yor, dildor, dilbar, gulro‘- Alloh va uning rasuli

Jom-orifning qalbi.

Mayxona  -honaqoh  yoki  pir  huzuri.

Mastlik -Alloh va uning rasuliga  oshiqliq  va shu muhabbat ila huzurlanish.

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida bir guruh yoshlar  hazrat Navoiyning uylanmaganlari haqida  baxs yuritmoqdalar. Shu masalada tortishganlarini ko‘rdim. Hatto noloyiq fikrlar bildirilgan.  Ularning ichida masalaga hazil bilan qaraganlar ham uchradi.

Yoki  «Kelmadi»  g‘azali ostidagi kommentlarni o‘qisangiz achinasiz. Hatto ba’zi adabiyotshunoslar “gulro‘  kelmadi” ni ko‘z yoshim kelmadi deb talqin qilibdilar

Kecha  kelgumdur  debon Ul sarvi  gulro‘  kelmadi,

Ko‘zlarimga  kecha tong Otguncha  uyqu  kelmadi.

Demak bugun Navoiyni  chin ma’noda anglash davri keldi.

 

Rahimberdi Rahmonov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi   

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

18.08.2026   32529   8 min.
Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.

Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy  matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.

Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.

Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.

Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.

Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.

Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.

Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.

Nafaqat muzey, balki intellektual platforma

Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.

Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.

O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash

Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.

Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.

Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.

«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»

Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.

Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.

Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.

Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.

O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi

Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.

Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.

Uchinchi Renessansning asosiy kuchi

Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.

Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.

Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.

Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.

Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari