Hazrat Navoiy o‘z ijodi uchun tanlagan til o‘zbek tili bo‘lgani e’tiboridan o‘zbek shoiri, o‘zbek she’riyati mulkining sultoni hisoblanadi. Ammo u kishining asarlarining asl manbalariga nazar solinsa, ularning bulog‘ini surishtirilsa, «Navoiy – buyuk Islom shoiri» ekani aniq ravshan bo‘ladi.
Shoirning obro‘si shu qadar yuqori ediki, hunarmandlar o‘z mahsulotlarining bozorgir bo‘lishi uchun Navoiyning nomi bilan atar edilar.
Navoiyning qulog‘i og‘rib qoladi va ro‘mol bog‘lab yuradi. Buni ko‘rgan Hirot ayollari ro‘mollarini qiyshaytirib o‘rab, bu usulni “Nozi Alisheriy” deb ataydilar.
Husayn Boyqaro Alisher Navoiyni shunday ulug‘laydi:
Erur so‘z mulkining qahramoni,
Erur gar chin desang — sohibqironi.
Hazratning deyarli barcha asarlarida oyatu-hadislarning, ayniqsa islom tasavvufining, islomiy hikmatning ifori shundoq ufurib turadi.
Movarounnahr madaniy-ma’naviy muhitida Alisher Navoiy Qur’on ilmlari, jumladan tafsir ilmini rivojlantirish maqsadida mazkur sohaga o‘z davrining yetuk olim va mufassirlarini jalb qilgan hamda ularga homiylik ham kilganlar.
Hazrat Navoiy o‘z asarlarida Qur’oni karimdan ham keng foydalangan. Uning “Xamsa”, “Sittai zaruriya”, “Nasoyim al-muhabbat”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Siroj al-muslimin” kabi asarlarida, umuman nazm va nasrdagi yozma merosida islom masalalari bo‘yicha ko‘p hollarda Qur’on oyatlariga asoslangan mulohazalar bayon qilinganini ko‘rish mumkin.
Husayn Voiz Koshifiyning ilmiy faoliyatiga nazar soladigan bo‘lsak, u zotning qalamiga mansub “Javohir at-tafsir” va “Mavohibi Aliyya” asarlari bevosita Alisher Navoiyning taklifi va homiyligi ostida yozilgan.
Navoiy katta mulkdor bo‘lib, boylik va unga kishining munosabati qanday bo‘lishini o‘z hayotlarida ko‘rsatib berdilar.O‘zlariga tegishli bog‘lar ekin maydonlari va do‘konlardan katta miqdorda daromad olganlar va bu daromadlarning deyarli hammasini insonparvarlik, xalqparvarlik va obodonchilik maqsadlariga sarflagan.
Makorimul axloqda Xondamir hazrat Navoiy qurdirgan inshaotlarni keltiradi. Jumladan 40 dan oshiq rabotlar, 30 ga yaqin hovuzlar, 20 dan ortiq ko‘prik, 9 ta hammom,
Navoiy Qur’oni karim ta’siri borasida «Tarixi anbiyo va hukamo» asarini yozgan. Odam atodan tortib, Nuh, Iso, Ya’qub, Sulaymon, Yusuf, Dovud va boshqa payg‘ambarlar haqida ma’lumotlar beriladi.
Navoiy Qur’oni karim ta’sirida «Siroj-ul muslimin» nomli kitob yozadi. Bu kitobda shariat ahkomlarini, Allohning sakkiz sifatini anglatganidan so‘ng, Islom asoslarini nazmda bayon etadi.
Hazrat Navoiy butun hayoti va ijodini Qur’on oyatlari, hadislar asosiga qurgan komil musulmonning ibratli namunasidir.
Shoir hamisha Qur’on o‘qishni va unga amal qilishni komillikning asosiy sharti deb tushunadi.
Olam eli ichra gar gado, gar shoh erur,
Ne dardki, ul ko‘ngli aro hamroh erur.
Qur’onni tilovat etsun ar ogoh erur,
El ko‘ngliga chun davo Kalomulloh erur.
Navoiy uch marta haj safariga otlangan. Ikki marta shoh turli bahonalar bilan ruxsat bermagach, uchinchi marta yuzma-yuz aytishga andisha qilgan hollarida gaplarini xat orqali bayon qiladi. Husayn Boyqaro ham Navoiyga xat orqali javob beradi.
Jumladan, bunday deydi:
«Siz Xurosonda turar ekansiz, har qanday iltimosingiz bo‘lsa, hurmat bilan qabul qilinadi. Men shuni juda aniq bilamanki, agar bu davlat sizning sharofatli vujudingizdan holi bo‘lsa, ayrim shaxslar va xalq orasidagi o‘zboshimchalik ahvol ixtilofga aylanib ketadi».
Uning quvvai hofizasi juda kuchli edi. Shoir bolaligida Qur’ondan tashqari Fariduddin Attorning «Mantiqut tayr» dostonini ham yod olgan. Navoiy yigitlik chog‘lari 50 ming bayt g‘azalni yod bilgan.
Shoir ijodida Qur’on va hadis ifodasi.
وَنُنزلُ مِنَ الْقُرْآنِ مَا هُوَ شِفَاءٌ وَرَحْمَةٌ لِلْمُؤْمِنِينَ وَلا يَزِيدُ الظَّالِمِينَ إِلا خَسَارًا } الإسراء: 82
Bil, ko‘ngulga istasang shifoni o‘qumoq,
Kim keldi ko‘ngul shifosi oni o‘qumoq,
Abdurrahmon Jomiy rahmatullohi alayh fors tilida «Arba’in» tuzib, unda fazilatli amallarga doir qirqta hadisni she’riy to‘rtliklar bilan tarjima qilgan. Keyinroq u kishining xos shogirdi, mumtoz shoir Mir Alisher Navoiy ham ustoz yo‘lidan borib, o‘zining «Arba’in» asarini bitgan.
Uning eng ko‘zga ko‘ringan asari, shubhasiz, «Arba’in» kitobidir.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «الْمُسْلِمُ مَنْ سَلِمَ الْمُسْلِمُونَ مِنْ لِسَانِهِ وَيَدِهِ». مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ.
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Musulmonlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘lgan kishi musulmondir», dedilar».
Shoir yozadi:
Kim musulmonlig‘ aylasa da’vo,
Chin emas gar fido qilur jonlar.
Ul musulmondururki, solimdur.
Tiliyu ilgidin musulmonlar.
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ: أنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «وَالْكَلِمَةُ الطَّيِّبَةُ صَدَقَةٌ». مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Va yaxshi so‘z ham sadaqadir », dedilar».
Shoir yozadi:
Yaxshi so‘z birla hojat ahlin so‘r,
Bermasang yaxshi to‘madin nafaqa.
Ne uchunkim Rasul qavli bilan
Yaxshi so‘z bordur o‘ylakim sadaqa.
Xulosa shulki,
Aristotel, Suqrot, Aflotun, Sofokl o‘z ijodlari sabab ona tillarini Ovro‘pada mumtoz qildilar.
Sharq olamida fors-tojik adabiy tilini Firdavsiy, Nizomiy, Jomiy kabi dostonnavislar, Sa’diy Sheroziy, Xo‘ja Hofiz kabi g‘azalnavislar, Farididdin Attor kabi tasavvuf ustozlari mumtozlik darajasiga ko‘targan edilar.
Turkiyzabon adabiyotda esa «Nasoyim ul-muhabbat», «Mahbub ul-qulub», «Muhokamat ul-lug‘atayn» kaba asarlarni yozilishi bilan Hazrat Alisher Navoiy o‘zbek tilini mumtozlik cho‘qqilariga olib chiqdilar. Hattoki ish yuritishga oid yuridik tilning mumtoz namunasini birinchi bo‘lib Alisher Navoiy «Vaqfiya» asarida shakllantirib berdilar.
Mumtozlik — chindan ham misli yo‘q nodir bir afzaliyatki, g‘arb adabiyotlaridagi «klassika» degan tushunchasi mos keladi.
Aristotel va Platon kabi qadimgi yunon allomalarining asarlari o‘z vatanlarida yo‘qolib ketadi. Klassik yunon tili yangi Gretsiyada iste’moldan chiqdi. Klassik lotin tili ham «o‘lik» tilga aylanadi, faqat ilm-fan va tibbiyotda terminlari qoldi xalos.
Bizning mumtozadabiyotimizning nodir durdonalari shukrlar bo‘lsinki qo‘limizda. Bugun uni asrab avaylash barobarida kitobxon halqimizga yetkazishimiz zarur.
2011 yilda G‘ofur G‘ulom nashriyotidan o‘n jildlik to‘liq to‘plami chiqdi. Lekin bu borada ishlarimiz ko‘lamini kengaytirishimiz kerak. Aynan shu to‘liq to‘plamni to‘laligicha elektron ko‘rinishda ham internet tarmog‘iga joylashtirish muhim ishlarimizdan.
Bir guruh adabiyotshunos olimlar Alisher Navoiy qomusiy lug‘ati ustida samarali mehnat qildilar.
Navoiy «Xamsa»sining yozilganiga besh yuz yildan ortiq vaqt o‘tdi. Shu asrlar davomida uning aytganlari chindan ham el-yurtga marg‘ub, ko‘ngillarga mahbub bo‘ldi.
Deganimni ulusqa marg‘ub et!
Yozg‘onimni ko‘ngulga mahbub et!
Navoiy asarlarida yor, dildor, dilbar, gulro‘- Alloh va uning rasuli
Jom-orifning qalbi.
Mayxona -honaqoh yoki pir huzuri.
Mastlik -Alloh va uning rasuliga oshiqliq va shu muhabbat ila huzurlanish.
Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida bir guruh yoshlar hazrat Navoiyning uylanmaganlari haqida baxs yuritmoqdalar. Shu masalada tortishganlarini ko‘rdim. Hatto noloyiq fikrlar bildirilgan. Ularning ichida masalaga hazil bilan qaraganlar ham uchradi.
Yoki «Kelmadi» g‘azali ostidagi kommentlarni o‘qisangiz achinasiz. Hatto ba’zi adabiyotshunoslar “gulro‘ kelmadi” ni ko‘z yoshim kelmadi deb talqin qilibdilar
Kecha kelgumdur debon Ul sarvi gulro‘ kelmadi,
Ko‘zlarimga kecha tong Otguncha uyqu kelmadi.
Demak bugun Navoiyni chin ma’noda anglash davri keldi.
Rahimberdi Rahmonov, Toshkent shahar bosh imom-xatibi
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati