بسم الله الرحمن الرحيم
الحَمْدُ للهِ الذِي هَدَانا لِلإسْلاَمِ، وَأنْعَمَ عَلَيْنَا بِالإِيْمَانِ، وكَرَّهَ إِلَيْنَا الكُفْرَ والفُسُوقَ وَالعِصْيَان، والصَّلاةُ والسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِنَا وَحَبِيبِنَا مُحَمَّدٍ الذِي دَعَانَا إلَى التَّوحِيدِ وَالإيْمَانِ، وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ الطَّاهِرِينَ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَان.
Imon asoslari
Muhtaram jamoat! Albatta, Islomning asosi aqida. Aqidaning asosi esa Alloh taoloning biru borligiga imon keltirishdir. Eng avvalo, qalbda aqida asoslari o‘rnashmas ekan, shariat ahkomlarini bajarishdan foyda bo‘lmaydi. Zero, ulug‘ mashoyixlarimizdan So‘fi Olloyor aytganlaridek:
“Aqida bilmagan shaytona eldir,
Agar ming yil amal deb qilsa yeldir”.
Imom Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhga ko‘ra imon bu – til bilan iqror bo‘lish va qalb ila tasdiqlashdir. Imon keltirish vojib bo‘lgan narsalar quyidagilar: 1. Allohga 2. Uning farishtalariga 3. Kitoblariga 4. Nabiylariga 5. Oxirat kuniga. 6. Qadarning yaxshisi ham, yomoni ham Alloh taolodan ekaniligiga. 7. O‘lgandan keyin qayta tirilish bor ekaniga va hokazo aqoid kitoblarida kelgan narsalarga imon keltirish.
1) Alloh taologa imon keltirish deganda Zotida, sifatlarida, ismlarida, fe’llarida, hukmlarida Uning yolg‘izligiga, sherigi yo‘qligiga imon keltirish tushuniladi. Bunga doir Qur’oni karimda bir necha dalillar mavjud. Jumladan Alloh taolo shunday degan:
ذَلِكُمُ اللَّهُ رَبُّكُمْ لَا إِلَهَ إِلَّا هُوَ خَالِقُ كُلِّ شَيْءٍ فَاعْبُدُوهُ وَهُوَ عَلَى كُلِّ شَيْءٍ وَكِيلٌ
ya’ni: “Ana o‘sha Rabbingiz – Allohdir. Undan o‘zga iloh yo‘qdir. U hamma narsaning yaratuvchisidir. Bas, Unga ibodat qilingiz! U har narsa ustidan vakil (kuzatuvchi)dir” (An’om surasi, 102-oyat).
2) Farishtalarga ishonish aqidamiz arkonlaridan biridir. Ularga imon keltirish Alloh va uning rasuli tavsiflaganidek bo‘lishi kerak. Ya’ni, ularning sifatlari haqida hadisda shunday deyiladi: Oisha onamiz raziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Farishtalar nurdan yaratilgandirlar. Jinlar olovning tutunidan yaratilgandir. Odam sizga vasf qilingan narsadan yaratilgandir”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Farishtalar inson ko‘ziga ko‘rinmaydigan, xizmatdan charchamaydigan, g‘aflatda qolmaydigan, gunoh qilmaydigan, o‘zlariga buyurilgan amrni so‘zsiz bajaradigan va yana bir qancha oliy sifatlarga ega bo‘lgan zotlardir.
3) Ilohiy kitoblarga imon keltirish o‘sha kitoblarning barchasi Allohning kalomi ekaniga ishonmoqlikdir. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:
آمَنَ الرَّسُولُ بِمَا أُنْزِلَ إِلَيْهِ مِنْ رَبِّهِ وَالْمُؤْمِنُونَ كُلٌّ آمَنَ بِاللَّهِ وَمَلَائِكَتِهِ وَكُتُبِهِ وَرُسُلِهِ
ya’ni: “Payg‘ambar (Muhammad) o‘ziga Parvardigoridan nozil qilingan narsaga (oyatlarga) imon keltirdi va mo‘minlar ham. (Ularning) har biri Allohga, farishtalariga, kitoblariga va payg‘ambarlariga birortasini ajratmasdan (hammasiga) imon keltirdi...” (Baqara surasi, 285-oyat).
Payg‘ambarlarga nozil qilingan ilohiy kitoblar to‘rtta bo‘lib, ular Zabur Dovud alayhissalomga, Tavrot Muso alayhissalomga, Injil Iso alayhissalomga, Qur’on Muhammad sallallohu alayhi vasallamga nozil qilingan. Bulardan tashqari ba’zi payg‘ambarlarga “Sahifalar” nozil qilingan bo‘lib, ulamolarimizning aytishlaricha, ular ma’lum varaqlar bo‘lib, kitob darajasiga yetmagan.
Ilohiy kitoblarga imon keltirish Qur’oni karimga imon keltirishning bir bo‘lagidir. U doimo bashariyatni Allohning O‘zi hidoyatga solib turganini bildiradi va musulmonlarni ushbu kitoblarga ahil bo‘lgan xalqlar bilan yaqinlashtiradi. Shuning uchun Alloh taolo Qur’oni karimda:
وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا
ya’ni: “Hammangiz Allohning “arqoni”ni (Qur’onini) mahkam tuting va turli firqalarga bo‘linib ketmang …”, (Oli Imron surasi, 103-oyat) deb marhamat qilgan.
4) Alloh taolo O‘z kitobida nomlarini zikr qilgan payg‘ambarlarga va ularning ismlarini va adadlarini faqat O‘zi biladigan nabiy va rasullarni yuborganiga ham imon keltirmog‘imiz vojibdir. Payg‘ambarlar omonatli, gunohdan ma’sum zotlardir.
5) Islom aqidasi bo‘yicha bu dunyo inson uchun sinov maydoni xolos. Asosiy hayot esa Oxirat diyoridir. Alloh taolo aytadi:
وَمَا هَذِهِ الْحَيَاةُ الدُّنْيَا إِلَّا لَهْوٌ وَلَعِبٌ وَإِنَّ الدَّارَ الْآَخِرَةَ لَهِيَ الْحَيَوَانُ لَوْ كَانُوا يَعْلَمُونَ
ya’ni: “Bu dunyo hayoti faqat (ozgina) o‘yin-kulgidir. Agar ular bilsalar, oxirat diyorigina (haqiqiy) hayot (joyi)dir” (Ankabut surasi, 64-oyat).
Oxiratga, ya’ni qiyomat kuniga ishonish imonning yana bir shartidir. Bu haqiqatni tasdiq qilmagan inson mo‘min bo‘la olmaydi. Qur’oni karimning juda ko‘p oyatlarida mo‘min va taqvodorlarning sifatlari zikr etilganida “va ular oxiratga ishonadilar” deb vasflanadi.
Oxiratga ishonish Qur’oni karim va hadisi shariflarda oxirat haqida kelgan barcha narsalarga: hammaning to‘planishiga (hashrga), nomai a’mollarning berilishiga, kishining savob va gunohlari hisob qilinishiga, mezonga (tarozuga), havzga, sirot ko‘prigiga, shafoatga, jannat va do‘zaxga, ularning ahllariga hozirlangan ne’mat va azoblarga ishonish, demakdir.
6) Alloh taolo Qur’oni karimda:
إنَّا كُلَّ شَيْءٍ خَلَقْنَاهُ بِقَدَرٍ
ya’ni: “Albatta, Biz har bir narsani o‘lchov ila yaratdik”, degan (Qamar surasi, 49-oyat).
O‘zbek tilida “o‘lchov” deb tarjima qilingan so‘z oyatda “qadar” lafzi bo‘lib keldi. Ulamolarimiz “qazo” va “qadar”ni quyidagicha ta’riflaydilar:
“Qazo Alloh taoloning hamma narsalarning kelajakda qanday bo‘lishini azaldan bilishidir”.
“Qadar o‘sha narsalarning Allohning azaliy ilmiga muvofiq ravishda vujudga kelishidir”.
Taqdir azalda bitilgan ekanligiga imon keltirish vojib, deyilganda “hamma narsa Alloh irodasi bilan bo‘lsa, u holda bandaga nima qoladi?”, - degan savol paydo bo‘lishi tabiiy.
Bu savolning javobi ikki qismga bo‘linadi.
Birinchi qism — dunyodagi insonning daxli yo‘q narsalar. Faqat Alloh taoloning qudrati bilan bo‘ladi. Misol uchun, inson aqlining o‘tkir yoki o‘tmasligi, gavdasining turlicha, husnining chiroyli yoki hunukligi, tug‘ilish vaqti va joyi, erkak yoki ayolligi va shunga o‘xshash bir qancha ishlar borki, ularga insonning hech qanday daxli yo‘q. Inson bu narsalardan “Nega qomating uzun, yoki pakana”? yoki “Nima uchun falon kuni tug‘ilding, falon kuni o‘lding”? deb so‘roq qilinmaydi. Bularning hammasi Allohdan. Bu turdagi qadarga imon keltirish har bir mo‘min musulmonga vojibdir.
Ikkinchi qism — inson tomonidan sodir etilgan ish va amallarga bog‘liq. Bularda insonning daxli bor, u bu ishlarda o‘zining xohishi, ixtiyori va harakati bilan ishtirok etadi. Masalaning nozik joyi ham shu yerda.
Musulmonchilikning sof aqidasi esa Ahli sunna val-jamoa mazhabida o‘z aksini topgan. Bu aqidaga binoan, insonning ixtiyoriy amallari Alloh yaratgan narsalar jumlasidandir. Chunki dunyoda Alloh yaratgan narsalardan boshqa narsa bo‘lishi mumkin emas. Lekin bu inson o‘z ishini majbur bo‘lib qiladi, ya’ni har qanday ishni bajarib turib: “Alloh shuni xohlabdida shuning uchun qildim, menda ayb yo‘q” degani emas. Chunki insonning mas’ul bo‘lib so‘raladigan ishlari ham mana shu kabi o‘zining amaliga bog‘liq bo‘lgan masalalardadir. Chunki inson bir ishni amalga oshiradigan bo‘lsa, o‘sha ishni amalga oshirish uchun ikki narsaga bog‘liq bo‘ladi. Birinchisi, uni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan omillar. Ikkinchisi, insonning o‘sha ishni amalga oshirish uchun yo‘nalganligi tufayli xohish egasi hisoblanadi. Hamda ana shu ixtiyori tufayli amalga oshirgan ishidan javobgar bo‘lib so‘raladi. So‘fi Olloyor bobomiz bu haqda “Sabotul ojizin”da quyidagilarni aytganlar:
“Haromidin vale man’ etdi bizni,
Beribdur ixtiyori juz’imizni”.
Ya’ni, Alloh taolo bizlarga haromga qo‘l urmaslikni buyurdi, shuning bilan birga juz’iy ixtiyorimizni ham o‘zimizga berdi.
7) Qiyomatda insonlarning qayta tirilishi bor ekaniga imon keltirish dinimizdagi eng katta asoslardan biri bo‘lib, uni inkor qilgan kishi mo‘min hisoblanmaydi. Qur’oni karimning yigirmadan ortiq o‘rinda qayta tirilish kuniga ishonish Alloh taologa ishonish bilan yonma-yon zikr qilingan va mantiqiy jihatdan uning haq ekani isbotlangan. Alloh taolo shunday deydi:
وَضَرَبَ لَنَا مَثَلًا وَنَسِيَ خَلْقَهُ قَالَ مَنْ يُحْيِي الْعِظَامَ وَهِيَ رَمِيمٌ قُلْ يُحْيِيهَا الَّذِي أَنْشَأَهَا أَوَّلَ مَرَّةٍ وَهُوَ بِكُلِّ خَلْقٍ عَلِيمٌ
ya’ni: “U Bizga: “Chirib ketgan suyaklarni kim ham tiriltira olur?”– deb, naql keltirdi-yu, (ammo) o‘zining (qanday) yaralganini unutib qo‘ydi. (Ey, Muhammad!) Ayting: “U (chirigan suyak)larni dastlab paydo qilgan zotning O‘zi qayta tiriltirur. U turli xil yaratish(lar)ni biluvchidir” (Yasin surasi, 78-79 oyatlar).
Muhtram jamoat! Tarixdan ma’lumki, ilk paydo bo‘lgan firqa va oqimlar birinchi bo‘lib aqida masalalarini buzib talqin etganlar. Shuning bilan ular o‘z tomonlarida bo‘lmagan musulmonlarning barchasini kofirga chiqarib, o‘ldirish halol degan qarashga asoslanganlar. Ba’zan gunoh ishlarni qilgan kishini ham mushrik va kofirga chiqargan firqalar ham bo‘lgan.
Ahli sunna val-jamoaning moturidiy yo‘nalishiga ko‘ra imon ziyoda va noqis bo‘lmaydi. Balki, har bir kishining imoni komil sanalishi, toat va ibodat yoki gunoh-ma’siyat bilan imonning aynan o‘zi ko‘paymasligi va kamaymasligi ta’kidlanadi. Misol uchun, Alloh taolo marhamat qilib shunday deydi:
إِنَّمَا الْمُؤْمِنُونَ الَّذِينَ إِذَا ذُكِرَ اللَّهُ وَجِلَتْ قُلُوبُهُمْ وَإِذَا تُلِيَتْ عَلَيْهِمْ آَيَاتُهُ زَادَتْهُمْ إِيمَانًا
ya’ni: “Mo‘minlar – Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan kishilardir...” (Anfol surasi, 2-oyat).
imom Moturidiy mazkur oyat haqida shunday deydilar: “Qur’on oyatidagi “imonlari ziyoda bo‘ladi” jumlasi adad yoki ayni imonning o‘zida ziyodalikni bildirmaydi, balki uning nuri, sharafi, fazilati ziyoda bo‘lganini bildiradi. Masalan “jamoat bilan o‘qilgan namoz yolg‘iz o‘qilgan namozdan yigirma besh barobar darajasi afzaldur” hadisida ham aynan namozning adadi ziyoda bo‘lishi nazarda tutilmagan, balki sharafi va fazilati ziyodaligi nazarda tutilgandir. Xuddi shu kabi imonning amallar jihatidan ziyoda bo‘lishi ham uning sharafi, fazilati, kamoli ziyodalashishiga dalolat qiladi. Amallar imon jinsidan emasdir, u iqror va tasdiqlashdan iboratdir” (Ta’vilotu ahlis-sunna).
Alloh taolo barchamizni imon-e’tiqodda mustahkam qilsin.
ILOVA: Oilaviy ajrim va uning salbiy oqibatlari haqida
Oila jamiyatning boshlang‘ich bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila tinch, mustahkam, halol-pok bo‘lsa, jamiyat ham osoyishta va farovon bo‘ladi. Ming afsuslar bo‘lsinki, so‘nggi yillarda oilaviy ajrimlar ko‘payib ketdi. Quyida oilaviy ajrimning salbiy oqibatlaridan ba’zilarini bayon qilamiz:
Oilaviy ajrimni mazkurlardan boshqa bir qancha zarar va ziyonlari mavjud. Bir oila buzilishi sababli ko‘plab musulmonlarning o‘rtalarida dushmanchilik paydo bo‘ladi. Shuning uchun ham Shaytonni eng xursand qiladigan ish - oila buzilishidir. Bu haqda hadisda shunday keladi:
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Iblis o‘z taxtini suv ustiga quradi va o‘z lashkaridan guruhlarni yuboradi. Ularning eng ko‘p fitnachisi, unga eng yaqinidir. Birisi kelib “undoq qildim, bundoq qildim” deydi. U bo‘lsa “hech narsa qilmabsan!” deydi. Keyin boshqa biri kelib “uni qo‘yarda qo‘ymay xotini bilan orasini buzdim” deydi. U esa o‘shani o‘ziga yaqinlashtirib “Ha! Balli! Qanday ham yaxshisan!” deydi”, dedilar” (Imom Muslim rivoyati).
Shunday ekan, har bir yangi qurilayotgan oilalarni tinch, baxtli-saodatli yashab ketishiga har birimiz o‘z hissamizni qo‘shishimiz kerak.
ILOVA: “Vaqf” xayriya jamoat fondining oxirgi haftada amalga oshirgan ishlari haqida
“Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan 2019 yil 26-27 yanvar kunlari Andijon viloyatida “Mehr-muruvvat karvoni” hamda “Siz bizga keraksiz” xayriya tadbirlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlarda 80 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan va boquvchisini yo‘qotgan shaxslarga oziq-ovqat mahsulotlari, 18 nafar nogironligi bor shaxslarga nogironlik aravachalari, 580 nafar gapirishida va eshitishida nuqsoni bor imkoniyati cheklangan shaxslarga xayriyalar qilindi. Mazkur tadbirlarda jami 100 848 450 (yuz million sakkiz yuz qirq sakkiz ming to‘rt yuz ellik) so‘mlik tovar va moddiy boyliklar xayriya sifatida taqdim qilindi.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
قُلْ إِنَّ رَبِّي يَبْسُطُ الرِّزْقَ لِمَنْ يَشَاءُ مِنْ عِبَادِهِ وَيَقْدِرُ لَهُ وَمَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ شَيْءٍ فَهُوَ يُخْلِفُهُ وَهُوَ خَيْرُ الرَّازِقِينَ
ya’ni: Ayting: “Albatta, Rabbim bandalaridan O‘zi xohlaganiga rizqni keng qilur va (O‘zi xohlaganiga rizqni) tang qilur. Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (Saba’ surasi, 39-oyat).
Muhtaram imom-domla! Bundan keyin har doim kelgusi jumada bo‘ladigan mavzuni jamoatga e’lon qilib borasiz. Kelgusi juma ma’ruzasi mavzusi “IJTIMOIY TARMOQLARDAN FOYDALANISH ODOBI” haqida bo‘ladi.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi