O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Musulmon donishmandlar kengashi raisi, doktor Sulton Rumaysiy janoblarining taklifiga binoan Birlashgan Arab Amirligining Abu Dabi shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro anjumanda ishtirok etmoqda.
Bugun, 3 fevral kuni Abu Dabi shahrida Insoniy birodarlik bo‘yicha anjuman o‘z ishini boshladi. Anjuman bosh homiysi BAA amiri Shayx Muhammad bin Zoid al-Nahyon hisoblanadi. Unda dunyoning barcha mamlakatlaridan kelgan taniqli ulamolar, mashhur muftiylar, professor-olimlar, yetuk ekspertlar, davlat va din arboblari hamda turli konfessiya yetakchilari ishtirok etmoqda. Yig‘inga butun jahondan mingdan ortiq mehmonlar kelgan.
Dunyo xalqlari turli muammolarga duch kelayotgan hozirgi murakkab sharoitda din peshvolari bir joyga jamlanib, yagona maqsad – yo‘lida hamkorlik qilishlari har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur anjumanda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan bir necha yuzlab delegatsiya vakillari bir majlisda jam bo‘lib, muhim masalalarni mashvarat qilishlari, albatta, o‘zining ijobiy natijalarini beradi, insha Alloh.
Ushbu nufuzli anjumanda so‘zga chiqqan notiqlar turli xalqlar o‘rtasida o‘zaro birdamlik, hamjihatlikni mustahkamlash, o‘zaro ahillikka erishish, turli ixtilof va firqachilikka barham berish kerakligi borasida so‘z qiladilar.
Anjuman ishini saytimiz orqali yoritib boramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati