Quyosh bizga eng yaqin yulduzdir. Quyosh yuzi Yer yuziga o‘xshab qattiq va mustahkam emas. Buning isboti oddiy: Quyosh yuzining harorati 6000°C ni tashkil etadi. Bunday haroratda har qanday metal va tosh ham gazga aylanadi, shu sababli Quyoshni gaz shari deyish mumkin. Aslida Quyosh 75% vodorod gazi va 25% geliydan tashkil topgan. Quyosh materiyani energiyaga aylantiradi. Quyoshdagi shu energiya vodorodning geliyga aylanish termoyader reaksiyalar asosida vujudga keladi.
Quyoshdan keladigan nur Yerga yetib kelganda, katta qismi atmosfera qobig‘ida tutilib, qolgan qismi Yer sirtiga yetib keladi. Bu nurlarni “oq nurlar” deb yuritiladi. Ushbu nurlar prizma orqali kuzatilganda yetti xil rangga ajralishi, bundan tashqari, ultrabinafsha, infraqizil nur ham borligi ma’lum.
Quyosh odatda rangli va ko‘rinmas nurli to‘lqinlarni tarqatadi. Infraqizil va ultrabinafsha nurlar ko‘rinmas sanaladi. Ularni inson ko‘zi ilg‘amaydi, lekin ko‘rinmas nurlar inson organizmiga ko‘proq ta’sir o‘tkazadi.
Aynan infraqizil nurlar tanada qon aylanishi yaxshilanishiga xizmat qiladi. O‘z navbatida, organizmdagi barcha hayotiy jarayonni faollashtiradi, kayfiyatni ko‘taradi, tetiklik va quvvat bag‘ishlaydi. Depressiyadan qutilishga ko‘maklashadi, shuningdek, og‘riq qoldirish xususiyatiga ham ega.
Ultrabinafsha nurlar esa Quyosh nurlari spektorining atigi 5 foizini tashkil etadi. Lekin bu ko‘rsatkich ortib ketsa, inson hayotiga xavf solishi mumkin. Aslida ultrabinafsha nurlar immun tizimi me’yorida ishlashini ta’minlaydi, kasalliklarga sabab bo‘luvchi bakteriyalarga qarshi kurashadi, tananing endokrin tizimini yaxshilaydi.
Quyosh nurlari butun Yer yuzi uchun juda foydalidir. Keling, uning qanday foyda va zararlari borligini ko‘rib chiqaylik.
Quyosh nurining insonga foydalari
Quyosh nurining insonga zararlari
Ehtiyot choralari
Quyosh nurlarining hayvon va o‘simliklarga ta’siri
Yuqoridagilardan ma’lum bo‘ldiki, inson, hayvon va o‘simliklar yashashi, Yer yuzi tinch va barqaror holatda turishi uchun Quyosh nuri suv va havodek zarur ekan. Tiriklik uchun ushbu nurlarning ahamiyati nihoyatda katta ekan. Endi mana bu oyatga yaxshilab e’tibor beraylik.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
وَالشَّمْسِ وَضُحَاهَا
“Quyosh bilan va uning ziyosi bilan qasam” (Shams surasi, 1-oyat).
Bu oyatda Alloh taolo Quyosh va uning ziyosi bilan qasam deyapti. Ziyosi degani nuri deganidir. Biz bilamizki, Alloh taolo Qur’oni Karimda nimalar bilan qasam ichgan bo‘lsa, bu – o‘sha narsalarning ahamiyati kattaligini bildirish, ta’kidlash uchundir. Yuqorida o‘rganganlarimizdan ma’lum bo‘ldiki, Quyosh va uning nuri oddiy narsalar emas ekan. Balki ularning Yer yuzida hayot davom etishi uchun juda katta o‘rni, hissasi, ta’siri bor ekan. Bundan 1400 yil oldin Qur’oni Karimdagi bitta oyatning o‘zida Quyoshning va uning nurining naqadar ahamiyatli ekaniga ishora qilingan.
Internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati