Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Jannat ahlining qalbidan sug‘urib olinadigan hislat

24.01.2019   6461   4 min.
Jannat ahlining qalbidan sug‘urib olinadigan hislat

Inson farzandida mavjud bo‘lgan salbiy hislatlarning eng yomoni bu o‘zgalarga nisbatan qalbida kin va adovat, hasad yoki nafrat, badgumonlik va g‘illu-g‘ashlikning bo‘lishligidir. 

Alloh taolo bizlarni bir-birimizga nisbatan samimiy bo‘lishga buyurib, qalbimizdan hasad va g‘illu g‘ashlarni chiqarib tashlashga buyuradi. Bu bejiz emas albatta. Chunki, bu dunyodagi eng og‘ir jinoyatlar va katta gunohlarning sodir bo‘lishligiga aynan shu xislatlar sabab bo‘ladi.

Hakimlar aytadilar: “Hasaddan saqlaninglar! Chunki hasad osmonda Alloh taologa osiy bo‘lishga sabab bo‘lgan birinchi gunohdir va yerda ham birinchi osiy bo‘lishga sabab bo‘lgan gunohdir”. Bu so‘zning ma’nosi shuki, Alloh taolo Odam alayhissalomni yaratib, farishtalarni unga sajda qilishga buyurgan paytda iblis alayhila’na Odamga hasad bilan qaradi va sajda qilishdan kibr ila bosh tortdi. Qolaversa, Odam alayhissalomning ikki o‘g‘li Qobil va Hobilga Alloh taolo qurbonlik qilishga buyurdi va ulardan Hobilning qurbonligini qabul qilganini bildirdi. Shunday so‘ng, Qobilning qalbida Hobilga nisbatan paydo bo‘lgan hasad ohir-oqibat uni o‘ldirishgacha olib bordi.

Hasadning yana bir xatari shuki, u insonning qilgan solih amallari va yaxshiliklarining savobi ketib qolishiga sabab bo‘ladi. Bu haqda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Hasaddan saqlaninglar. Chunki olov o‘tin yoki o‘t-hashaklarni yeganidek, hasad ham yaxshi amallarni yeb qo‘yadi”. (Abu Dovud rivoyati) Ya’ni, lovullab yonayotgan olovga tushgan o‘tin yoki xas-hashaklarning omon qolishi mumkin bo‘lmaganidek, hasad domiga tushgan kishining yaxshiliklari ham  hasad sababli sodir bo‘ladigan turli gunohlar sababli habata bo‘lib ketaveradi.

Hasad shunday hislatki, u insonni doimo g‘am bilan, xafa xolatda yashashga majbur qiladi. Muofiya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu o‘g‘liga nasihat qilib aytadi: “Ey o‘g‘ilginam, hasaddan saqlangin. Chunki u sening dushmaningga yetmasdan, sening o‘zingga bilinadi”. Ahnaf ibn Qays esa bunday deydi: “Hasad qiluvchilar uchun rohat yo‘qdir”.

Hasad sababli inson qalbida nafrat, ichqoralik va adovat paydo bo‘ladi. Vaholanki, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarni bir-birimizga nisbatan nafratlanmaslikka, dushmanlik qilmaslikka chaqirganlar.

Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bir-biringizni yomon ko‘rmang. Bir-biringizga hasad qilmang. Bir-birlaringizga orqa o‘girib ketmang. Hamda bir-birlaringizdan aloqa uzmang. Ey Allohning bandalari! Bir-birlaringizga birodar bo‘linglar. Musulmon kishi boshqa bir musulmon bilan uch kun gaplashmasdan yurishi halol emas”, dedilar. (Muttafaqun alayh)

Hasad va nafrat shunday yomon xislatki, Alloh taolo nafaqat nafratlanmaslikka, balki, mana shu hislatni ketkazishni so‘rab duo qilishga ham buyuradi. Aytadiki: “Ulardan keyin kelganlar: “Ey Robbimiz! Bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey Robbimiz, albatta, Sen shafqatli va mehribonsan”, derlar”. (Hashr, 10)

Boshqa oyatlarda esa Alloh taolo jannatiy bandalarini jannatdagi holatlarini sifatlab shunday deydi: “Va ko‘ksilaridan g‘illu – g‘ashlarni chiqarib oldik, ostilaridan anhorlar oqib turibdi...”. ( A’rof, 43)

Ularning dillaridagi g‘illu – g‘ashlarni chiqarib tashladik. So‘rilarda bir-birlariga boqib, do‘st bo‘lgan hollarida o‘ltirurlar ”. (Hijr, 47)

Ushbu oyatlardan ma’lum bo‘ladiki, inson qalbida boshqa musulmonlarga nisbatan nafrat, adovat va g‘illu – g‘ashtning bo‘lmasligi, jannat ahliga berilgan mukofotdan nasiba ekan.

Demak, har birimiz bu xunuk sifatlardan extiyot bo‘lishimiz, o‘zga musulmonlarga nisbatan sofdil va samimiy bo‘lishimiz zarur ekan. Zero, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning Anas roziyallohu anhuga qilgan ilk nasihatlari ichida ushbu muborak so‘zlar bor edi: “ Ey Anas! Islom kishisidan birontasiga qalbingda dushmanlik bo‘la turib kunduz va kechani o‘tkazmagin. Albatta, bu mening sunnatim va kim mening sunnatimni ushlasa, meni yaxshi ko‘ribdi va kim meni yaxshi ko‘rsa, u men bilan jannatda birga bo‘ladi ”.   (Ibn Hibbon rivoyati)

Toshkent shahridagi “Mevazor” masjidi imom-noibi: Islomov Yorbek

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

11.08.2026   20417   3 min.
Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.

IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.

Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.

Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.

Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.

Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.

Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari