Taraqqiyotimizning yangi davrida ko‘p asrlik noyob va nodir asarlarni saqlash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Hayot davom etar ekan, bu sohada yangi-yangi zamonaviy talablar kun tartibiga qo‘yilishi tabiiy. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 24 maydagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ana shu hayotiy zarurat nuqtayi nazaridan qabul qilingan tarixiy hujjatdir.
Xalqimizning juda boy madaniy merosi bo‘lgan nodir qo‘lyozmalar, qadimgi bosma kitoblar soni bugungi kunda 100 ming nusxadan ziyoddir. Shuni ham ta’kidlab o‘tish joizki, aholi qo‘lida e’zozlab saqlanayotgan hamda avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan, lekin davlat tomonidan ro‘yxatga olinmagan nodir qo‘lyozmalar va bosma kitoblar ham oz emas.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi kitob fondi eng nodir ma’naviy xazinalardan biri bo‘lib, 3 ming jild qo‘lyozma, 17 ming jild toshbosma kitoblar mavjud. Eng noyob qo‘lyozmalarimizdan biri – “Usmon Mus'hafi” Qur’oni karimning qadimiy va tabarruk nusxasi. Yana fondimizda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamaxshariy, Jaloliddin Rumiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa ko‘plab ulug‘ alloma va mutafakkirlarning qo‘lyozmalari saqlanmoqda.
Bu borada jahon miqyosida noyob hisoblangan Misr va Turkiya davlatlaridagi yirik kutubxonalar, ilmiy tadqiqot markazlari va muzeylarning tajribalarini o‘rganish maqsadida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim mudirlari Muhammad Ayubxon Homidov va Kamoliddin Mahkamov Misr davlatiga xizmat safarlarini boshladilar. O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi xodimlari Muhammad Ayub domla va Kamoliddin ustozni Qohira aeroportida kutib olishdi va safarga aloqador barcha ishlarda amaliy yordam berishmoqda.
Ma’lumki, Misr yurti Qur’oni karimda aynan shu nom bilan bir necha marta zikr etilgan. Bu esa uning barakoti, xayri ko‘pligiga dalildir. Bu zamin yuzlab sahoba va tobi’iylar hokini bag‘rida yashirgan. Buyuk allomalar bu yerda ta’lim olgan, minglab kitoblar ta’lif etishgan.
Misr bilan O‘zbekistonni bog‘lab turuvchi aloqalar juda qadim tarixga borib taqaladi. Alloma Ahmad al-Farg‘oniyning Misrdagi ilmiy faoliyati, Ixshidiylar sulolasidan tortib, Qohiradagi o‘zbakiyya mahallasigacha yurtlarimiz o‘rtasidagi ming yillik aloqalardan so‘zlaydi.
Safar jarayonlarini saytimiz orqali yoritib boramiz.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati