Avvalroq, qo‘lyozmalar fondiga ega bo‘lgan Turkiya davlatidagi yirik kutubxonalar, ilmiy tadqiqot markazlari va muzeylarning tajribalarini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim mudirlari Muhammad Ayubxon Homidov va Kamoliddin Mahkamov xizmat safari bilan ushbu mamlakatga tashrif buyurganlari haqida xabar bergan edik.
Joriy yilning 21 yanvar kuni Diniy idora mutaxassislari Topkapi Saroyiga Istanbul muftiyligi vakillari hamrohligida tashrif buyurdilar. U yerda Topkapi Saroyi kutubxonasining xodimi Goksel Erdog‘an va Topkapi Saroyi qo‘lyozmalar kutubxonasi xodimi Ramazan Aktemur bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Saroy kutubxona xodimi kutubxonadagi qo‘lyozmalar fondi, kitoblarning saqlanish holati va ba’zi qadimiy mus'haflarning faksimil nus'halari bilan tanishtirdi. Uchrashuvda nodir qo‘lyozmalarni saqlash, ularga ishlov berish masalalari yuzasidan muhokama o‘tkazildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan Topkapi Saroyi kutubxonasiga Hazrati imom va O‘MI fotosuratlari to‘plami hadya qilindi.
Tashrif tafsilotlarini bizning portalimizda kuzatib boring.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, ordenlar va medallar bilan mukofotlandilar.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Kamilov Muzaffar Muratovich "Do‘stlik" ordeni bilan, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Abduxalikov Firdavs Fridunovich «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan, mazkur akademiyaning "Arab tili va adabiyoti al-Azhar" kafedrasi professori Islomov Zohidjon Mahmudovich «Imom Buxoriy» ordeni bilan va akademiya huzuridagi "Ziyo" media markazi direktori Muxtarov Abduxamid Abduaxatovich "Shuhrat" medali bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi doimiy hamkor tashkilotlarimiz rahbarlari va ustozlarni mazkur yuksak mukofotlar bilan muborakbod etib, Alloh taolodan mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi va muborak dinimiz rivoji yo‘lidagi faoliyatlarida yangidan-yangi muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati