Bugungi eng katta global muammolardan biri — farzand tarbiyasi. Farzandni chiroyli tarbiyalash bandaga berilgan eng katta baxt desak xato qilmagan bo‘lamiz. Bugun aksariyat ota-onalar farzandlarining tarbiyasidan xavotirda. Hatto farzandidan qo‘rqib yashaydigan ota-onalar ham bor.
Ba’zi keksa ota-onalar noqobil farzandlarini zikr qilib: «Shularning boridan yo‘g‘i yaxshiydi. Yoshligida o‘lib qo‘ya qolmagan ekan. Katta bo‘lsa rohatini ko‘raman, degan edim, qaytaga tashvishlarim ham kattalashib ketdi. Bular mani tiriklayin go‘rga tiqadigan bo‘ldi. Nahotki, bir parcha etligidan, katta umidlar bilan ulg‘aytirsangu katta bo‘lgach o‘z farzanding o‘limingni kutib yashasa», kabi gaplar insonning qalbini og‘ritadi.
Darhaqiqat, keksalikda har-bir inson farzandining shirin muomalasi, samimiy xizmati, mehrga to‘la ko‘zlari uning uchun hamma narsadan ko‘ra muhimligini anglab yetadi. Lekin, ming afsuski, farzandni ana shunday go‘zal inson bo‘lishini faqat Islom dini ta’limotlarigina ta’minlay olishini, u uchun yoshligidan odob-axloqqa ko‘proq e’tibor berish lozimligini ko‘pchilik ota-onalar kech tushunib yetishadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Men sizlarga go‘zal xulqlarni tamomila o‘rgatish uchun Payg‘ambar qilib yuborildim», – deb bejiz aytmaganlar. Hamma baxt go‘zal axloqda. Shuning uchun ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Hech bir ota-ona farzandiga go‘zal xulqdan ko‘ra foydaliroq biror narsani meros qoldira olmaydi», deganlar. Farzandlarimiz go‘zal xulqli inson bo‘lishini, nafaqat o‘zimizga balki ortimizdan boshqalarga ham ko‘z quvonch bo‘lib, bizga rahmat eshittirib yurishini xohlaymizmi? Unda ularga, albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tanitaylik!
Ul Zotni oltindan qimmat o‘gitlarini farzandlarimizga o‘rgataylik! Chin musulmon bo‘lishiga e’tibor qarataylik. Islom najot kemasi, saodat yo‘li. Uni yo‘lboshchisi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam. Kim u kemaga chiqsa, insonni halok qiluvchi hayot muammolarida g‘arq bo‘lmaydi. Kim bu yo‘lda yursa hayot zulmatlarida qolib xor bo‘lmaydi… Bundan boshqa najot yo‘li yo‘q.
Farzandlarimiz ayniqsa, ularga suyanib qolganimizda haqiqiy tirgak bo‘lishlari uchun sunnat bilan sug‘orilgan bo‘lishlari shart. Yo‘qsa, keksayganda ana o‘sha farzandidan dili og‘rigan, ko‘zi yoshlangan insonlarning biriga aylanib qolishimiz mumkin. Bunday bo‘lishidan hammamizni Alloh asrasin! Allohim hammalarimizga ahli ayol va bola-chaqalarimizdan ko‘z quvonchini ato etsin!
Manbalar asosida tayyorlandi
Rasulxon Qoriyev,
Pop tumani “G‘oyib yoronlar” jome
masjidi imom-xatibi
Amerikaning nufuzli “National Geographic” jurnalining elektron va bosma shakllarida Buyuk Ipak yo‘lida O‘zbekistonning tutgan o‘rniga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Material muallifi Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva haqida hikoya qilib, ularni qadimiy Ipak yo‘lining eng muhim shaharlari va zamonaviy sayyohlik yo‘nalishlari sifatida talqin etgan.
Maqolada O‘zbekistondagi turizm rivoji, xorijlik sayyohlar sonining ortishi, yangi obyektlar qurilishi hamda shaharlar o‘rtasida tezyurar temiryo‘l qatnovining yo‘lga qo‘yilishiga alohida e’tibor qaratilgan.
Toshkentning Chorsu bozori Ipak yo‘li savdo an’analari bugungacha saqlanib qolgan maskan, Samarqand esa Registon maydoni va qadimiy Ulug‘bek rasadxonasi bilan ilm-fan hamda islom madaniyatining tarixiy markazi sifatida ta’riflanadi.
Nashrda Buxoro faol turistik o‘zgarishlar jarayonini boshdan kechirayotgan shahar sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, Xiva o‘tmish ruhiyati ayniqsa kuchli seziladigan joy deya ta’kidlangan.
Shuningdek, Ipak yo‘li me’morchiligi uslubida barpo etilayotgan yangi sayyohlik loyihalariga e’tibor qaratilib, tarixiy muhitni asrab qolish yuzasidan bo‘layotgan bahs-munozaralar ham tilga olingan.
Umuman olganda, materialda O‘zbekiston o‘z tarixiy merosini asragan holda zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirib, dunyoga qayta yuz ochayotgan mamlakat sifatida e’tirof etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati