Bugun, O‘zbekiston Respublikasi Haj delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Podshohligiga jo‘nab ketdi. Saudiya Arabistoni Haj ishlari vaziri Solih Bantin taklifiga asosan, «Haj–2019» mavsumining tashkiliy ishlarini kelishib olish maqsadida, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasur Akramov boshchiligidagi delegatsiya bugun Saudiya Arabistoniga yo‘l oldi.
Safar davomida O‘zbekiston Haj delegatsiyasi va Saudiya Arabistoni Haj ishlari vazirligi va mutasaddi tashkilotlar o‘rtasida «Haj–2019» mavsumining tashkiliy ishlari o‘zaro ko‘rib chiqiladi. Shu maqsadda Makkai mukarrama, Madinai munavvara va Jidda shaharlarida joriy yil haj mavsumida o‘zbekistonlik hojilarga xizmat qiluvchi idoralar va muassasalar rahbarlari bilan kelishuvlar amalga oshiriladi.
Safar davomidagi yangiliklar va xushxabarlarni eng birinchi bizning saytimizda kuzating.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati