Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Avgust, 2026   |   8 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:12
Quyosh
05:38
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:18
Xufton
20:39
Bismillah
21 Avgust, 2026, 8 Rabi`ul avval, 1448

25.01.2019 y. Islomda meros masalasi

19.01.2019   9120   8 min.
25.01.2019 y. Islomda meros masalasi

بسم الله الرحمن الرحيم

ISLOMDA MЕROS MASALASI

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي تَوَلَّى بِنَفْسِهِ تَقْسِيمَ الْمِيرَاثِ بَيْنَ الْوَرَثَةِ بِقَوْلِهِ "يُوصِيكُمُ اللهُ فِي اَوْلَادِكُمْ لِلذَّكَرِ مِثْلُ حَظِّ الْاُنْثَيَيْنِ" اِلَى آخِرِ الْآيَةِ وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى مَنْ قَالَ "مَنْ تَرَكَ مَالًا فَلِوَرَثَتِهِ" وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ أَجْمَعِيْنَ وَعَلَى مَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ اَمَّا بَعْدُ

   

Muhtaram jamoat! Azaldan har bir xalq va dinlarda vafot etganning mol-mulkini meros qilib olish qonun-qoidalari bo‘lgan. Jumladan, dinimizda ham bu masalaga alohida e’tibor qaratilib, oyat, hadis va ijmo’da kim qancha meros olishi bayon qilingan. Chunki, merosni bo‘lish halol-harom masalasiga tegishli bo‘lib, u mol-mulkka ega bo‘lishning halol yo‘llaridan biridir. Agar merosni bo‘lishda beparvolikka yo‘l qo‘yilsa, odamlarning haqqi bir-biriga o‘tib ketadi. Meros masalasining muhimligi shundaki, uning asosiy masalalari Qur’oni karimda hal etilgan, ya’ni merosni Alloh taoloning o‘zi bandalariga bo‘lib berdi, o‘zgaga topshirmadi. Buni Qur’oni karimda shunday ifodalaydi:

...آَبَاؤُكُمْ وَأَبْنَاؤُكُمْ لَا تَدْرُونَ أَيُّهُمْ أَقْرَبُ لَكُمْ نَفْعًا فَرِيضَةً مِنَ اللَّهِ إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلِيمًا حَكِيمًا

ya’ni: “...Ota-onalaringiz va farzandlaringizdan qaysi birlari sizlar uchun manfaatliroq ekanini bilmaysizlar. (Shuning uchun meros taqsimi) Allohning (o‘zi) tomonidan (belgilandi va) farz qilib qo‘yildi. Albatta, Alloh bilimdon va hakim zotdir” (Niso surasi, 11-oyat).

“Meros” so‘zi lug‘atda moddiy yoki ma’naviy boylikni merosxo‘rga ko‘chib o‘tishini bildiradi. “Meros” lug‘aviy ma’nosida Qur’oni karimda quyidagicha keladi:

وَوَرِثَ سُلَيْمَانُ دَاوُودَ...

ya’ni: “Sulaymon (payg‘ambarlik va podshohlikda) Dovudga voris bo‘ldi...” (Naml surasi, 16-oyat).

Merosning  shar’iy istilohdagi ma’nosi qo‘yidagicha: “Marhumning barcha mol-mulki tirik vorislariga o‘tishidir”. Bunda meros mol, ko‘chmas mulk yoki shar’iy haqlardan biri bo‘lishi mumkin.

Meros ilmi mazhablar o‘rtasida eng ixtilofi kam ilm hisoblanadi. Ya’ni, me’rosning aksariyat masalalarida olimlar ittifoq qilganlar. Meros ilmi ilmning uchdan biri yoki yarmi ekanligi aytiladi. Bu ilm insonlardan birinchi olib qo‘yiladigan va unutiladigan bilimlardan bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday buyuradilar:     

تَعَلَّمُوا الْفَرَائِضَ وَعَلِّمُوهُ النَّاسَ فَإِنَّهُ نِصْفُ الْعِلْمِ وَهُوَ أَوَّلُ شَيْءٍ يُنْسَى وَهُوَ أَوَّلُ شَيْءٍ يُنْتَزَعُ مِنْ أُمَّتِي 

رَوَاهُ الْاِمَامُ الدَّارَقُطْنِيُّ

ya’ni: “Faroizni o‘rganinglar va uni odamlarga o‘rgatinglar. Chunki u ilmning yarmidir, u birinchi unutiladigan va ummatimdan olib qo‘yiladigan narsadir” (Imom Doroqutniy rivoyati).

Meros masalalarining birinchi unitilib ketishiga sabab odamlar unga bee’tibor bo‘la boshlaydi, olimlardan ham bu haqida so‘ralmaydi, so‘ralmagandan keyin o‘qib o‘rganilmaydi, natijada asta-sekin unitilib ketadi. Voqe’lik ham shuni ko‘rsatmoqdaki, meros masalasi kishi vafotidan o‘n yillar o‘tgandan keyin ko‘tarilmoqda. Vaholangki, bu masala o‘z o‘rnida hal qilinishi kerak edi. Albatta, meros taqsimlanishida meros ilmini biladigan ulamolardan birini chaqirib uning taqsimotiga rozi bo‘lib amal qilinsa, o‘zaro kelishmovchilik, silai-rahmning uzilishiga barham berilgan bo‘lardi.

Kishi vafot etganidan keyin u qoldirgan mol-dunyoga nisbatan tartib bilan quyidagi to‘rt ish bajariladi;

1) Mayyitni kafanlash va dafn qilish. Meros qolgan moldan isrof ham,  ziqnalik ham qilmasdan sarflanadi.

2) Kafanlash va dafndan so‘ng mayyit  qoldirgan moldan uning qarzlari to‘lig‘icha ado qilinadi.

Gohida qoldirilgan moldan mayyitning qarzlari uzilmasdan merosxo‘rlar merosni bo‘lib olishadi va bu bilan katta gunohni bo‘ynilariga olishadi. Ba’zida qarzdor kishi uni ado qilishga yetadigan mol qoldirmasdan vafot etadi, hadislarda kelishicha bunday kishiga Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam janoza o‘qishni istamaganlar. Shunday holatda qarzni mayyitning nomidan boshqa kishi to‘lab bersa ham qarz ado bo‘ladi. Yana, shuni ta’kidlab o‘tish joizki, qarzdor odam hech qanday mol qoldirmasdan vafot etsa, uni to‘lashga farzandlarini majburlab bo‘lmaydi.

3) Mayyitning vasiyatlari, agar shar’an joiz vasiyatlar bo‘lsa, ular mayyit qoldirgan molning uchdan biridan ado qilinadi. Merosxo‘rlarga esa vasiyat qilinmaydi. Chunki ular shunday ham meros oladilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam quyidagicha marhamat qilganlar:

إِنّ الله تَبَارَكَ وَتَعَالَى قد أَعْطَى لكُلّ ذِي حَقّ حَقّهُ فَلاَ وَصِيّةَ لِوَارِثٍ

  رواه الامام الترمذي

ya’ni: “Alloh taboraka va taolo har bir haq egasiga haqini berdi. Meros oluvchiga vasiyat qilish yo‘q”, – deganlarini eshitdim (Imom Termiziy rivoyat qilgan).

4) Mayyitning yuqoridagi sarf-xarajatlardan ortib qolgan mol-dunyosi Qur’oni karim, sunnat va ijmo’da ko‘rsatilganiga binoan haqdor merosxo‘rlarga bo‘lib beriladi.

Shuning uchun meros taqsim qilinmasdan oldin mayyitning molidan xayri-ehson qilib yubormaslik kerak. Ayniqsa, mayyitning balog‘atga yetmagan farzandlari bo‘lsa, bunga nihoyatda ehtiyot bo‘lish lozim. Ota yoshlik holida olamdan o‘tib, ortidan yetim farzandlari qolsa undan qolgan mol-mulk uning bolalari to balog‘atga yetgunicha avaylab, saqlab turilishi lozim bo‘ladi. Lekin ko‘pincha mayyitning xotini yoki ota-onasi bu mol-mulkni shariat ko‘rsatmasiga nomuvofiq sarflab yuborishadi. Alloh taolo bunday ogohlantirib shunday degan:

إِنَّ الَّذِينَ يَأْكُلُونَ أَمْوَالَ الْيَتَامَى ظُلْمًا إِنَّمَا يَأْكُلُونَ فِي بُطُونِهِمْ نَارًا وَسَيَصْلَوْنَ سَعِيرًا

سورة النساء:10

ya’ni: “Yetimlarning mol-mulklarini zulm yo‘li bilan yeydigan kimsalar, albatta, qorinlarida olov yegan bo‘lurlar va albatta, do‘zaxda kuygaylar” (Niso surasi, 10-oyat). Boshqa bir oyatda esa shunday deyiladi:

وَتَأْكُلُونَ التُّرَاثَ أَكْلاً لَّمّاً

ya’ni: “Merosni esa (o‘z ulushingizga o‘zgalarnikini) qo‘shib yeyaverasiz” (Fajr surasi, 19-oyat). Mufassirlar oyati karimadagi “qo‘shib yeyaverasiz” jumlasini halolga haromni, o‘zining hissasiga boshqalarning hissasini, ayniqsa ayollar va bolalarning hissasini qo‘shib yeyish, deb tafsir qiladilar.

         Yana bir muhim jihat shuki, mayyitning qarindoshlari ichida 6 kishi hech qachon merosdan butunlay mahrum bo‘lmaydi. Ular: ota, ona, er, xotin, o‘g‘il va qiz. Bu kishilarni zaifligi sababli merosdan chetlashtirishga harakat qilmaslik  kerak, zero bu o‘zganing haqqini yeyish bo‘ladi.

TЕZIS ILOVASI

Muhtaram jamoat! Mav’izaning fiqhiy masalalar qismida namozni buzuvchi amallar  haqida suhbatlashamiz.  Quyidagi amallar namozni buzadi:

  • Namozda ozmi, ko‘pmi dunyoviy so‘zni so‘zlash, garchi ixtiyorsiz bo‘lsa ham;
  • Yanglishib bo‘lsa ham salom berish yoki salomga alik qaytarish;
  • Yeyish yoki ichish;
  • Qibladan boshqa tomonga burilish;
  • Namozdagi bir ruknni bajarish asnosida uch marta ortiqcha harakat qilish (masalan: kiyimni to‘g‘rilash, qashinish va hokazo);
  • O‘zi eshitadigan darajada kulish, ammo yonidagi eshitadigan darajada kulsa, tahorati ham, namozi ham buziladi.
  • Dunyoviy tashvish tufayli “uf” tortish, “oh-voh” deyish va yig‘lash, ammo oxiratni o‘ylab, jannatdan umidvor bo‘lib, do‘zaxdan qo‘rqib yig‘lasa namozi buzilmaydi; 
  • Uzrsiz tomog‘ni qirish yoki yo‘talish; (masalan: ataylab yo‘talish);
  • Aksa   urib “Alhamdulilloh” degan kishiga “Yarhamukalloh” deyish;
  • Biror xabarga javob berish garchi, Qur’on oyatini o‘qib bo‘lsa ham (masalan: “Falonchi vafot etdi, deyilsa, namoz o‘qiyotgan kishi: Inna lillahi va inna ilayhi rojiy’un, deb javob bersa);
  • Tayammum bilan namoz o‘qiyotgan kishi suvni ko‘rishi;
  • Bomdod namozini o‘qish paytida quyoshning chiqishi;
  • “Allohu akbar” lafzidagi “a” tovushini cho‘zish;
  • Namoz ichida o‘qiladigan sura va duolarni kitobga qarab o‘qish;
  • Odamlardan so‘rasa bo‘ladigan narsani namozni ichida Allohdan so‘rab duo qilish (masalan: “ey Alloh, menga ko‘p mol ber”).

(“Muxtasarul viqoya” va “Nurul iyzoh” kitoblaridan).

Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lida sobitqadam qilib, meros hukmlariga amal qilish baxtini nasib etsin! Omin.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   31656   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari