Ma’naviyati yuksak, ma’rifatli inson har doim jamiyatning, davlatning bebaho boyligi bo‘lib kelgan. Bunday insonlar yurt ravnaqi, jamiyat tinchligi, oilalar totuvligiga o‘zlarining tajribalari bilan katta hissa qo‘shadilar.
Xabaringiz bor, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023 yil 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda muhtaram Yurtboshimiz: "Tarixdan ma’lum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar.
Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur", deya ta’kidladilar.
Davlatimiz Rahbarining mazkur yig‘ilishda bildirgan fikr-mulozalaridan kelib chiqib, bugun, 24 yanvar kuni Toshkent viloyati “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi katta majlislar zalida viloyatda faoliyat yuritayotgan otinoyilar uchun o‘quv seminari tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, Toshkent islom instituti rektori Muhammadolim Muhammadsidiqov tashrif buyurgan tadbir juda samarali bo‘ldi.
Yig‘ilishda Muzaffar Komilov mamlakatimizda diniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasi berayotganini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, adashib turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan, qilmishidan chin pushaymon bo‘lib, bag‘rikenglik tamoyiliga asosan ozodlikka chiqqan ayol-qizlar bilan tizimli ishlash zarurligini qayd etdi.
Bu jarayonda otinoyilar o‘zlariga biriktirilgan shaxslar bilan muntazam ravishda muloqot qilishi, mahallalar, oilalar bilan tizimli ishlashi kerakligi ta’kidlandi.
O‘zbekiston - demokratik huquqiy davlat. Yurtimizda qonun ustuvor bo‘lishi, har qanday noqonuniy diniy faoliyatga murosasiz bo‘lish muhim masala ekani aytib o‘tildi.
Tadbirda "Bugungi kun otinoyisi qanday bo‘lishi kerak?" degan savol o‘z javobini topdi.
So‘ngra ma’ruzachilar ma’ruza-amaliyot tarzida seminarni davom ettirdilar. Otinoyilar seminar davomida malakali ustozlar tomonidan “O‘z joniga qasd qilish – og‘ir gunoh!”; “Idda haqida”; “Ayollarga xos namozga oid muhim masalalar” kabi mavzularda ma’ruzalar tingladilar.
Seminar ma’ruza-amaliy mashg‘ulot tarzida o‘tkazilganligi bois, savol-javob, debat usullaridan foydalanildi. Shu bilan birga, otinoyilarning mavjud muammolar yuzasidan bergan savollariga javoblar berildi, fikr-mulohaza va takliflari tinglandi.
Ma’ruza, amaliy mashg‘ulot, savol-javob, fikr va tajriba almashinuvi tarzida o‘tkazilgan seminar otinoyilarga har jihatdan foydali bo‘ldi.









Toshkent viloyati vakilligi matbuot xizmati
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi