بسم الله الرحمن الرحيم
ELGA XIZMAT – OLIY HIMMAT
(2019 yil – “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”)
الحَمْدُ للهِ الذِّي قَالَ فِي كِتَابِهِ: "تَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى"، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الذِّي قَالَ: "أَحَبُّ النَّاسِ إِلَى اللَّهِ أَنْفَعُهُمْ لِلنَّاسِ" وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَالتَّابِعِيْنَ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنْ أَمَّا بَعْدُ
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, 2018 yil 28-dekabr kuni muhtaram Yurtboshimiz Parlamentga murojaat qildilar. Ushbu murojaatnomada ko‘tarilgan barcha masalalar xalqimizning turmush tarzini yaxshilash, ularning farovonligini ziyoda qilishga qaratildi. Unda Yurtboshimiz tomonidan 2019 yil “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”, deb nomlandi. Bu esa, 2018 yilda boshlangan ishlarni mantiqiy davom ettirish, yuksak bosqichlarga ko‘tarish, tadbirkorlik, savdo-sotiq ishlari hamda tobora kuch-quvvatga to‘lib borayotgan islohotlarning davomi bo‘ladi. Boshqacha qilib aytganda, 2019 yil jamiyatimiz hayotida iqtisodiy va ijtimoiy sohadagi rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarilish yili bo‘ladi, inshaalloh.
Muqaddas dinimizda ham har bir mo‘min-musulmon kishi dunyo hayotida farovon yashashi va Alloh bergan rizqini halol yo‘llar bilan topishi uchun mehnat va harakat qilishi kerakligi bayon etilgan. Chunki, inson doimo hayoti uchun zarur bo‘lgan uy-joy, ulov, oziq-ovqat, ro‘zg‘or anjomlari va kiyim-kechakka ehtiyoj sezadi. Bularning barchasi kasb-hunar va mehnat qilish orqali hosil bo‘ladi. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
هُوَ الَّذِي جَعَلَ لَكُمُ الْأَرْضَ ذَلُولًا فَامْشُوا فِي مَنَاكِبِهَا وَكُلُوا مِنْ رِزْقِهِ وَإِلَيْهِ النُّشُورُ
ya’ni: “U (Alloh) sizlarga Yerni xoksor (bo‘ysunuvchi) qilib qo‘ygan zotdir. Bas, u (Yer)ning har tomonida (sayohat, tijorat yoki dehqonchilik qilib) yuraveringiz va (Allohning bergan) rizqidan tanovul qilingiz! (Qiyomat kuni) tirilib chiqish Uning huzurigadir” (Mulk surasi, 15-oyat).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mehnatkash va kasb- hunarli kimsalarni maqtab shunday deganlar:
"اِنَّ اللهَ يُحِبُّ الْعَبْدَ المْحْتَرِفَ"
(رواه الإمام الترمذى)
ya’ni: “Alloh taolo kasb-hunarli kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Termiziy rivoyati).
Kishi o‘zga yurtdan o‘z yurtidagi mo‘min-musulmonlarning ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan mahsulotlarni jalb qilishi savobli ishlardan ekani haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
الْجَالِبُ مَرْزُوقٌ وَالْمُحْتَكِرُ مَلْعُونٌ
(رواه الإمام ابن ماجة والإمام الدارمي)
ya’ni: “Jalb qiluvchi – rizqi mo‘l, “ehtikor qiluvchi” – Allohning rahmatidan uzoqdir” (Imom Ibn Moja va Imom Dorimiy rivoyati).
Hadisdagi “Jalb qiluvchi” kishi – boshqa yurtdan o‘z yurtiga kerakli narsalarni olib keluvchi tadbirkor insondir. Demak, bunday kishining rizqi ulug‘ bo‘ladi. “Ehtikor qiluvchi” kishi esa – o‘z yurti bozoridan eng kerakli narsalarni sotib olib, biroz muddat ushlab turib, sun’iy ravishda narxini orttiruvchi monopoliyachi kishidir. Unday kishi esa rizq beruvchi Zotning rahmatidan uzoqdadir. Chunki u aholini noiloj holga qo‘yib, o‘zi ishlab chiqarmay yoki boshqa hududdan mahsulotlar olib kelmay foyda topishga uringan, oddiy xalq hisobiga boylik orttirishga o‘tgan kimsadir.
Yurtboshimiz murojaatlarida ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish haqida bir qancha dolzarb masalalarni gapirib shunday dedilar: “Aholi o‘rtasida ishsizlikni kamaytirish, odamlar va oilalarning daromadini oshirish lozim. Pensiya va nafaqalarni tayinlash va to‘lash tartibini qayta ko‘rib chiqish, pensiya tizimini tubdan isloh qilish zarur”.
Davlatimizning ijtimoiy himoya borasida olib borayotgan siyosati hazrati Umar raziyallohu anhuning bu boradagi olib borgan ishlariga muvofiq keladi.
Hazrati Umar raziyallohu anhu kunlarning birida yo‘lda tilanchilik qilib o‘tirgan bir qariya yahudiydan “Nima uchun tilanchilik qilyapsiz?” deya so‘radilar. Haligi yahudiy: “Jizya to‘lash uchun mol yig‘yapman”, deb javob qildi. Hazrat Umar raziyallohu anhu: “Biz sizdan yoshligingizda jizya olib, endi qarib-keksayib qolganingizda tilanchilik qilishga tashlab qo‘yibmiz-ku! Yo‘q, Alloh haqqi, sizga albatta nafaqa beramiz”, dedilar va qariyaga bundan oldin tilanchilikdan tushgan narsalarini egalariga qaytarishini buyurdilar va o‘sha ondan boshlab barcha Islom o‘lkalariga u yerda yashaydigan barcha yahudiy va nasorolarning qariya va nogironlari, bolalari va ayollariga moddiy yordam berilsin, deb amr qildilar (Imom Ibn Zanjaviyyaning “al-Amvol” kitobidan).
Musulmonlarga yordam qilib, ularning hojatini chiqarish iymon keltirish kabi savobli ishlardan ekanligi haqida Ibn Hajar Asqaloniy o‘zining “Munabbihot” kitobida quyidagi rivoyatni keltiradi:
"خَصْلَتَانِ لاَ شَيْءَ أَفْضَلَ مِنْهُمَا: اَلْإِيْمَانُ بِاللَّهِ، وَالنَّفْعُ لِلْمُسْلِمِيْن
وَخَصْلَتَانِ لاَ شَيْءَ أَخْبَثَ مِنْهُمَا: اَلشِّرْكُ بِاللَّهِ، وَالضُّرُّ لِلْمُسْلِمِيْن"
ya’ni: “Ikki xislat borki, ulardan afzal narsa yo‘q: Allohga iymon keltirish va musulmonlarga foyda keltirishdir. Va ikki xislat borki, ulardan yomonroq narsa yo‘q: Allohga shirk keltirish va musulmonlarga zarar yetkazishdir”.
Darhaqiqat, dinimiz insonparvar, yaxshilik dini bo‘lib, doim insonlarga manfaat yetkazish va yaxshilik qilishga chorlaydi. Shunday ekan, mo‘min kishi doim xalq xizmatida bo‘lishga harakat qiladi hamda xalqqa naf yetkazish, dardiga malham bo‘lishni o‘ziga sharaf deb biladi.
Sahobai kiromlar bunga yaqqol misol bo‘ladilar:
“Madina shahrining tashqarisida yoshi ulug‘, ko‘zi ojiz bir kampir bor edi. Hazrati Umar raziyallohu anhu har kuni ertalab o‘sha kampirning yumushlarini qilib kelardilar. Bir necha kundan keyin, o‘zlaridan avval kimdir kelib uy yumushlarini qilib ketayotganini payqab qoladilar. Buni aniqlash uchun tahajjud namozini o‘qiboq, bomdoddan oldin kelib ko‘rsalar hazrati Abu Bakr raziyallohu anhu ko‘zi ojiz keksa onaning uy yumushlarini qilib, uyni saromjonlab, ohistalik bilan chiqib ketayotgan ekanlar”.
Mana shunday tarzda sahobalar yaxshilik qilish borasida musobaqalashar edilar. Alloh taolo Qur’oni karimda فَاسْتَبِقُوا الْخَيْرَاتِ degan, ya’ni: “Bas, xayrli (savobli) ishlarda bir-biringizdan o‘zishga oshiqingiz”! (Baqara surasi, 147-oyat). Shunday ekan, oxiratimiz uchun zaxira bo‘ladigan savobli ishlarda musobaqalashaylik!
Dinimizda kishi o‘zganing hojatini chiqarsa, Alloh taolo qiyomat kunida uning hojatini ravo qiladi. Bu haqda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
"مَنْ كَانَ فِي حَاجَةِ أَخِيهِ كَانَ اللهُ فِي حَاجَتِهِ وَمَنْ فَرَّجَ عَنْ مُسْلِمٍ كُرْبَةً فَرَّجَ اللهُ عَنْهُ كُرْبَةً
مِنْ كُرُبَاتِ يَوْمِ الْقِيَامَةِ" (رواه الإمام البخاري) .
ya’ni: “Kim o‘zganing hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishini aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Allohga shukrlar bo‘lsinki, bugungi kunda Yurtboshimiz boshchiliklarida barcha soha vakillariga, xususan, tadbirkorlar, tijoratchilar va investitsiya kirituvchilarga nihoyatda katta imkoniyat va sharoitlar yaratilmoqda. “Bir mo‘min-musulmon men sababli ishli bo‘lib qolsin”, deydigan g‘ayratli kimsalarga barcha xayrixoh insonlar rahmat va tasannolar aytmoqda. Shunday ekan, har birimiz Yurtimizda olib borilayotgan islohotlardan unumli foydalanib, el-yurtimiz ravnaqi yo‘lida jonbozlik qilmog‘imiz darkor. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
وَابْتَغِ فِيمَا آَتَاكَ اللَّهُ الدَّارَ الْآَخِرَةَ وَلَا تَنْسَ نَصِيبَكَ مِنَ الدُّنْيَا وَأَحْسِنْ كَمَا أَحْسَنَ اللَّهُ إِلَيْكَ وَلَا تَبْغِ الْفَسَادَ فِي الْأَرْضِ إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ الْمُفْسِدِينَ
(سورة القصاص: 77 آية)
ya’ni: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas” (Qasos surasi, 77-oyat).
Alloh taolo dunyodagi barcha narsalarni insonning foydasi uchun yaratdi. Shunday ekan, inson ham shuncha imkoniyatlardan foydalanib Allohning buyruqlarini bajarmasligi insofsizlik bo‘ladi.
Hurmatli jamoat! Mav’izamiz davomida “Tahorat va unga tegishli hukmlar” haqida suhbatlashamiz. Barchamizga ma’lumki, dinimizda poklik masalasi muhim o‘rin tutadi. Tahorat so‘zining ma’nosi ham “poklik”, deganidir. Tahoratning to‘rtta farzi bo‘lib, u Moida surasining 6-oyatida zikr qilingandir:
Biz tahoratda yo‘l qo‘yadigan xatolarning eng kattasi bu suvni isrof qilishdir. Odatda, jo‘mraklarni katta ochib qo‘yiladi, tahorat qilib bo‘lgunimizcha uch-to‘rt kishiga yetadigan suv oqib ketadi. Suv o‘zining mulki bo‘lganda isrof qilish makruh bo‘lsa, masjidning suvini isrof qilishning gunohi bundan kattaroq bo‘ladi.
Tahorat paytida qo‘lni qisib turadigan uzugi bo‘lsa qimirlatib qo‘yishi shartdir. Qo‘l-oyoqni yuvganda tirsaklari va to‘piqlari bilan qo‘shib yuvish farz, aks holda tahorat durust bo‘lmay qoladi.
Yuvish va mas'h qilish farz bo‘lgan mana shu to‘rtta a’zoga suv yetishidan to‘sadigan narsalarni tekkizmaslik kerak, masalan, tirnoqqa surtilgan lak, yuz-qo‘lga tekkan qurilish bo‘yog‘i kabi. Bunday bo‘yoqlarni ketkizmaguncha tahorat o‘z o‘rniga tushmaydi. Tahorat qilganda ko‘zning ichi va labning ichki (oddiy holatda bizga ko‘rinmay turgan) qismini yuvish shart emas. Fatvo berilgan so‘zga ko‘ra, qalin soqolning usti yuviladi. Siyrak soqolning ostiga suv yetkaziladi. Tahorat qilgandan keyin sochini oldirsa, qaytadan mas'h qilish shart emas. Xuddi shunday, tahoratdan keyin tirnog‘ini yoki mo‘ylabini olsa ham shu joylarni qaytadan yuvish lozim bo‘lmaydi.
Quyidagi narsalar tahoratni sindiradi:
Zayd ibn Sobit raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Har bir oquvchi qon sababli tahorat qilinadi” (Imom Doroqutniy va Imom Ibn Adiy rivoyati).
Bu haqda E’lous sunan kitobida quyidagi hadis keltirilgan: “Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u zot: “Namozda kishining burni qonasa, yoki qayt g‘olib kelsa (og‘iz to‘ldirib qayt qilsa), yoki maziy kelsa, namozdan chiqadi va tahorat qiladi, keyin iziga qaytib, modomiki, gapirmagan bo‘lsa, qolgan (namoz)ini to‘liq qiladi” (Imom Abdurrazzoq rivoyati)”. Muxtasarul viqoya, Sharhul viqoya, Hidoya, Xulosatul Fatovo, Fatovoi Qozixon, Fatovo Hindiya va boshqa Hanafiy mazhabimizning barcha mo‘tabar kitoblarida qon chiqishi tahoratni buzishi haqida ochiq-oydin ma’lumotlar kelgandir).
Alloh taolo 2019 – “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”ni yanada unumli va barakali qilib, boshlangan xayrli ishlar va islohotlarimizni oxiriga yetkazishni nasib aylasin! Omin!
Shu yil 9 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi Sirdaryo tumanida o‘tkazildi.
Mazkur tumandagi “Abu Bakr” masjididagi yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Sirdaryo viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari va tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ular hududdagi 7 ta masjid va 21 ta mahallaga biriktirildi. Shuningdek, mahallalardagi “Haj – 2024” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.
Tadbir doirasida imom-xatiblar 105 ta oilaga, 21 ta oilaga, umumiy hisobda 126 ta oilaga kirib, targ‘ibot va amaliy yordam ishlarni olib bordi.
Xususan, 38 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashilib, ularning tushunchalari to‘g‘rilandi. 19 oila buzilishining oldi olindi. Nogironligi bor, ehtiyojmand va tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 5 ta oilaga kirib sovg‘a-salomlar ulashildi.
Shuningdek, ishchi guruh a’zolari imom-xatiblar faoliyatini o‘rgandi. Jumladan, ustav asosida ish yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar hozirlash kabi jihatlar ko‘rib chiqildi. Natijada imom-xatib boshchiligidagi masjidlar jamoasining faoliyatiga ijobiy baho berildi.
Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, qavmga “Tinchlik ne’mati”, “Shukronalik”, “O‘zaro hamjihatlik”, “Oila muqaddasligi”, “Husni xulq”, “Qo‘shnichilik odoblari”, “Mazhabga ergashish va yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish” kabi dolzarb mavzulardagi ma’ruza qilishdi. Ularda 1 300 nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.
Tadbir so‘ngida Sirdaryo tumani imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy va masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Ma’lumot o‘rnida Sirdaryo viloyati imom-xatiblari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati 2025 yilning 28 yanvar kuni Xovos tumanida o‘tkazilishi reja qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati