Kuni kecha, Misrda xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari Misr oliygohlarida ta’lim olayotgan talabalar va u yerda mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan muloqot qildi. Ushbu tadbir O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi tashabbusi bilan “Xilton” mehmonxonasida tashkil etildi.
Uchrashuvda muftiy Usmonxon Alimov hazratlari O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar, ularning mazmun-mohiyati va kelgusidagi rejalar xususida yig‘ilganlarga so‘zlab berdilar. Shuningdek, har bir talaba va vatandoshimizning murojaatiga quloq tutib, ularning hol-ahvoli so‘raldi va kelgusidagi ishlariga muvaffaqiyatlar tilandi.
Misrdagi o‘zbekistonlik talabalar va vatandoshlar mana shunday yuksak e’tibor hamda amalga oshirilayotgan xayrli islohotlardan cheksiz mamnun bo‘ldilar. Hukumatimiz rahbariyati, ona-Vatanimiz va xalqimizga ezgu tilaklarni izhor qildilar.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida "Vaqf" xayriya jamoat fondining Namangan viloyati filiali tomonidan ezgu tashabbus amalga oshirildi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tavsiyasiga asosan, viloyatning turli hududlaridan kelgan, boquvchisini yo‘qotgan va mehrga muhtoj 35 nafar bolajon uchun sunnat to‘yi tashkil etildi.
Tadbir tafsilotlari:
– Har bir to‘y bolasiga homiylar tomonidan velosiped, kostyum-shim va bayramona sarpolar hadya qilindi.
– Bolajonlar va ularning yaqinlari uchun bayram dasturxoni yozilib, unutilmas va ko‘tarinki kayfiyat ulashildi.
– Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdulloh domla Samatov ishtirok etib, bu xayrli ishga hissa qo‘shgan homiylarga minnatdorlik bildirdi va farzandlar kamolini so‘rab duo qildi.
Bu kabi savobli tadbirlar jamiyatimizda mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati