Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyun, 2026   |   20 Zulhijja, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:07
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:34
Bismillah
07 Iyun, 2026, 20 Zulhijja, 1447

MISR – O‘ZBЕKISTON: Ta’lim borasidagi hamkorlik zamon talabi

11.01.2019   5384   8 min.
MISR – O‘ZBЕKISTON: Ta’lim borasidagi hamkorlik zamon talabi

O‘zbekiston va Misrni tarixiy-madaniy mushtaraklik, an’anaviy do‘stlik hamda yaqin hamkorlik birlashtirib turadi. Movarounnahr va Misr diyorida yashab ijod qilgan ulug‘ bobolarimizning noyob ilmiy-ma’rifiy merosi butun musulmon olamining bebaho boyligidir. Shu o‘rinda, Ahmad Farg‘oniy bobomizga bo‘lgan Misr xalqining hurmat-ehtiromi xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlikning yorqin ramziga aylangan.

Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh Said Husayn Xalil as-Sisining 2018 yil 4 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga ko‘ra amalga oshirgan rasmiy davlat tashrifi natijasida, O‘zbekiston va Misr o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, turizm, fan, ta’lim, madaniyat, sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan hukumatlararo va idoralararo salmoqli hujjatlar imzolandi.

Misr Bosh imomi – Shayx Ahmad Muhammad Toyyib boshchiligidagi al-Azhar majmuasi vakillaridan iborat nufuzli delegatsiyaning O‘zbekiston Prezidenti qabulida bo‘lishi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurishi ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichga ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.

Ayni paytda, Misr tomonining taklifiga ko‘ra, O‘zbekiston va Misrdagi diniy sohaga oid markazlar o‘rtasida 2019-2023 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”da ko‘zda tutilgan kelishuvlarni muhokama qilish hamda o‘zaro muvofiqlashtirib olish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasi ishchi tashrif bilan Qohira shahrida bo‘lib turibdi.

Delegatsiya vakillarining ilk uchrashuvi bir ming ikki yuz yildan ziyod vaqt mobaynida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan “Al-Azhar” majmuasi rektori Muhammad Al-Mahrasoviy bilan “Yo‘l xaritasi”ning 2019 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan suhbat bilan boshlandi.

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yili oktyabr oyida al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Muhammad Tayyibni qabul qilib, o‘tkazgan muloqoti samarali bo‘ldi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay Al-Azhar universiteti va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy nomidagi ­xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va boshqa muassasalar o‘rtasida ta’lim hamda ilmiy loyihalarni rivojlantirish, diniy xodimlar malakasini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar boshlab yuborildi, – dedi mezbon sifatida suhbatni boshlagan Al-Azhar universiteti rektori Muhammad Al-Mahrasoviy.

Darhaqiqat, Misr va O‘zbekistonning o‘rtasida imzolangan “yo‘l xaritasi” mamlakatlarimizning ilmiy, madaniy hamda diniy ta’lim sohasidagi salohiyatning yanada yuksalishi uchun ulkan ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, ikki mamlakat o‘rtasida amalga oshirilayotgan ishlar ma’naviy-ma’rifiy soha rivoji, diniy bag‘rikenglik, o‘zaro hamfikrlik va diniy savodxonlikning yuksalishida katta rol o‘ynashi shubhasiz. O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar esa buning yaqqol dalilidir.

– O‘zbekiston bilan aloqalarimiz rivojlanib borayotganidan mamnunmiz. Bu – O‘zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan ochiq tashqi siyosat, xalq­aro hamjamiyat bilan manfaatli hamkorlik, ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashni nazarda tutuvchi oqilona siyosat samarasi, deb hisoblayman, – dedi uchrashuvda Al-Azhar majmuasi rahbarining tashqi aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Abdurahmon Muso. –  O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifimiz chog‘ida mamlakatdagi katta o‘zgarishlar, turli millat va dinga mansub aholining o‘zaro ahil-inoq yashayotganini ko‘rdik.

Barchamizni quvontiradigan voqea haqida takror va takror aytsak arziydi. Ya’ni BMT Bosh Assambleyasida O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilingani tarixiy voqeadir. Bu O‘zbekiston rahbariyatining jahonda dinlararo bag‘rikenglik, tinchlik-totuvlikni ta’minlashga qaratilgan harakatining amaliy ifodasi sanaladi.

O‘zbekiston Prezidentining ushbu tashabbusi Misr xalqining ham bosh maqsadi hisoblanadi.

Bu so‘zlarni tinglar ekansiz, O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan har-bir ijobiy hodisalar, o‘zgarishlar, islohotlar va yangiliklar jahon hamjamiyati tomonidan diqqat bilan kuzatilayotganiga, chuqur tahlil etilib, o‘zining munosib bahosini olayotganiga amin bo‘lasiz.

Misr xalqiga O‘zbekistonni kengroq tanishtirish, yurtimizda bo‘layotgan o‘zgarishlar haqida ma’lumot berish maqsadida O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasida misrlik siyosatchilar, ekspertlar, olimlar va jurnalistlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan Misr vakillarining xolis so‘zlari ham buni tasdiqlaydi.

– O‘zbekiston musulmon dunyosida o‘ziga xos mavqega ega bo‘lgan muhim mamlakat hisoblanadi. Bu nafaqat aholi soni yoki unda joylashgan tabarruk ziyoratgohlar ko‘pligi, balki jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgani bilan ham bog‘liq.

Ma’lumki, Qur’oni karimdan keyingi eng ishonchli manba sanalgan “Al-­Jome’ as-Sahih” to‘plami muallifi Imom Buxoriy, buyuk olim va mutafakkir Imom Termiziy kabi ko‘plab allomalar O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan. Biz, misrliklar IX asrda Misr­ga kelib, Nil daryosining o‘lchov qurilmasini ixtiro qilgan o‘zbek olimi Ahmad Farg‘oniyning xizmatlarini yuksak qadrlaymiz.

O‘zbekiston iqtisodiy jihatdan ham o‘ziga xos taraqqiyot yo‘liga ega. Qisqa muddatda mamlakatning iqtisodiy salohiyati yuksalib, odamlarning turmush sharoitlari yaxshilanayot­gani, yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichlari ortayotgani Prezident Shavkat Mirziyoyev­ning oqilona ichki va tashqi siyosati mahsu­lidir, – deydi “Al-Jumhuriya” gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari As-Said Xani.

Davra suhbati va matbuot anjumani ko‘rinishida o‘tkazilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasini 2017-2021 yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyati, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan ichki va tashqi siyosat, barcha sohalarda kuzatilayotgan keng ko‘lamli yangilanish va o‘zgarishlar, turli yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida Misrlik publitsist, yozuvchi  Muhammad Saloma shunday dedi:

 

– O‘zbekiston ikki yarim yil ichida barcha sohada juda katta yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Mamlakatdagi islohotlar aholi turmushining hamma jabhasini, jumladan, siyosiy, ijtimoiy, madaniy, sud-huquq, ta’lim va diniy sohani ­birdek qamrab olayotgani o‘ta muhimdir.

Nazarimda, O‘zbekistonning eng katta yutug‘i ochiq tashqi siyosat yuritib, xalqaro maydonda faol harakat qilayotganidir. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xorijiy davlatlarga ko‘plab rasmiy tashriflari, ayniqsa, BMT Bosh Assambleyasida ilgari surgan global ahamiyatga ega takliflari O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ­obro‘yi tobora oshib borayotganini anglatadi.

Misr jamiyatida o‘z obro‘-e’tiboriga, eng muhimi qat’iy nuqtai-nazariga ega bo‘lgan kishilar tomonidan bunday bayonotlar ko‘plab yangramoqda. Ularni tinglab, O‘zbekistonning xorijlik do‘stlaridan mamnunlik tuyasiz.

 

– Meni O‘zbekistonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar juda qiziqtiradi. “O‘zbekiston: Islom tamadduni manbalari” nomli kitob yozdim. ­Maqsad – arab kitobxonini O‘zbekiston bilan yaqindan tanishtirish. Kitob ikki qismdan iborat. Birinchi qism O‘zbekistonning islom madaniyati rivojiga qo‘shgan buyuk tarixiy hissasini­ yoritishga bag‘ishlangan. Ikkinchisida O‘zbekistondan yetishib chiqqan turli soha olimlarining hayoti va ilmiy faoliyati yoritib berilgan.

So‘nggi yillarda O‘zbekis­tonning mintaqaviy muammolarni hal qilishdagi roli tobora ortib bormoqda. Yaqinda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori­ Vladimir Norov Shanxay hamkorlik tashkilotidek nufuzli tuzilmaning Bosh kotibi vazifasiga kirishdi. Bu ham O‘zbekistonning mintaqadagi xavfsizlik va bar­qarorlikni ta’minlashda naqadar muhim o‘ringa ega ekanini ko‘rsatib turibdi.

Prezident Shavkat­ Mirziyoyev ikki yarim yil ichida juda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Ayniqsa, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona aloqalarni rivojlantirishga muvaffaq bo‘lmoqda. Bu mintaqada to‘planib qolgan ko‘plab muammolarga yechim topishga olib keldi, – deydi yana bir Misrlik olim Ahmad Tarabik.

Misr – O‘zbekiston hamkorligi, ayniqsa ta’lim borasida erishilgan kelishuvlar har ikki mamlakatning uzoq muddatli manfaatlariga va mamlakatlarimizning rivojlanish jarayoniga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shishiga shubha yo‘q.

Tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi mas’ul xodimi J.Najmiddinov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, professor Sh.Yovqochev bo‘lgan delegatsiyaning ishchi tashrifi bugun – 11 yanvarda o‘z nihoyasiga yetadi.

Abduxamid Muxtarov,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

matbuot kotibi

Boshqa maqolalar

“O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang!”

05.06.2026   14306   4 min.
“O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang!”

Bu muhaddis Shayx Muhammad Avvoma hafizahullohning buyuk ustozi, fazilatli Shayx Abdulloh Sirojiddin rahimahullohning hikmatli so‘zlaridir.

U zot bu nasihatni Shayx Avvomaga talabalik yillarining boshlarida aytgan edilar. Bunga sabab, Shayx Avvoma bir kecha Imom Buxoriy rahimahulloh haqida o‘qigan shubhali bir voqeaga aniqlik kiritish uchun ustozlariga murojaat qilganlari bo‘lgan.


Shayx Muhammad Avvoma bunday deydilar: “Shayx Abdulloh bizga beshinchi kursda hanafiy fiqhi bo‘yicha mashhur “Al-Ixtiyor” kitobidan dars berar edilar. Bir kuni men u kishining huzurlariga Islomga ulkan xizmat qilgan buyuk imom – Imom Buxoriy rahimahulloh haqidagi g‘alati bir rivoyatni o‘qib keldim.

Rivoyatda aytilishicha, Imom Buxoriydan bir echkining sutini emgan ikki go‘dak – bir o‘g‘il va bir qiz – keyinchalik o‘zaro nikohlanishlari mumkinmi, deb so‘rashibdi.

Hikoyaga ko‘ra, Imom Buxoriy rahimahulloh ularning nikohlanishlari mumkin emas, deb javob bergan ekanlar. Shundan so‘ng, go‘yoki shahar olimlari bu fatvoni johillik deb baholab, Imom Buxoriyni surgun qilgan emish.

Men bu voqeani Shayx Abdulloh rahimahullohga aytib berganimda, u zot xotirjamlik va donolik bilan:

O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang, — dedilar”.

 

Shayx Muhammad Avvoma davom etib bunday deydilar:

“Allohga qasamki, bu so‘z men uchun ulkan saboq bo‘ldi. Bu hayot davomida amal qilishim kerak bo‘lgan bir mezon, xulqiy qoidaga aylandi. Ustozim butun boshli odob va tafakkur dasturini bitta jumlada jamlab berdilar. Men bu nasihatni bundan ellik yil avval eshitganman. Endi esa boshqalar ham undan foyda ko‘rishlari uchun keltirmoqdaman”.


Biz uchun saboq

Bu voqeadan olinadigan birinchi saboq shuki, qachonki biz shubhali yoki bilmagan ma’lumotga duch kelsak, darhol ilmli va ishonchli kishilar bilan maslahatlashishimiz kerak.

Afsuski, bugungi kunda ko‘pchilik eshitgan yoki o‘qigan ma’lumotini tekshirishga urinmaydi. Bu esa ko‘pincha jiddiy va ayanchli oqibatlarga olib keladi. Agar ma’lumot o‘sha sohaning ishonchli mutaxassisidan bo‘lmasa, biz har qanday da’voni ko‘r-ko‘rona qabul qilmasligimiz kerak.


Ijtimoiy tarmoqlar tuzog‘i

Ijtimoiy tarmoqlar insoniyatga mislsiz darajada keng axborot olamini taqdim etdi. Biroq uning eng katta xavflaridan biri ommaviy yolg‘on va dezinformatsiyaning tez tarqalishidir.

Ko‘pchiligimiz o‘qigan narsamizning barchasiga ishonishga moyilmiz. Holbuki, ushbu maqolaning asosiy maqsadi aynan bundan qaytarishdir.

Ba’zan odamlar xabarning mazmuniga emas, uni yuborgan kishiga qarab ishonadilar. Vaholanki, u ham bu ma’lumotni boshqa birovdan olgan bo‘lishi mumkin.


“Nusxa ko‘chirish va joylashtirish” odati

Bugungi kunda odamlarning asl manbaga murojaat qilmasdan ma’lumotlarni ko‘chirib tarqatishlari odatiy holga aylangan. Bu ham noto‘g‘ri yondashuvdir.

Bunday odatning eng katta zararlaridan biri shuki, xabar bir necha qo‘ldan o‘tgach, uning asl manbasi va ma’nosi butunlay yo‘qolib ketadi. Natijada, ma’lumotning haqiqiyligi va ishonchliligini tekshirish imkonsiz bo‘lib qoladi.

 

Aslida, bu ma’lumot ishonchlimi? Balki u boshidan oxirigacha to‘qima va asossizdir?

Shu sababli yana bir bor ogohlantiramiz:

O‘qiganlaringizning hammasiga ham ishonmang!

Bu nasihatga amal qilish bugungi kunda oson emas. Chunki ko‘pchilik odamlar ularga yetib kelgan har qanday ma’lumotni tekshirmasdan qabul qilishga odatlanib qolgan.


Alloh taolo bizga haqiqatni anglashni, ma’lumotlarni to‘g‘ri baholashni va foydali ilmga amal qilishni nasib etsin.


Davron NURMUHAMMAD