Mulohaza uchun mavzu
Birinchi voqea. Qishloq bozori. Tong otmasdan turib, sigirining hali sutdan endigina ayrilgan buzog‘ini zarurat uchun mol bozorga olib chiqqan Shojalilni darvozadan kirmasdanoq devday keladigan
Norqobil qarshi oldi. Shojalil xotinining “Yana dallolga arzon-garovga berib qo‘ymang, haqiqiy xaridorga soting”, degan so‘zlarini esladi-da, Norqobilni chetlab o‘tmoqchi bo‘ldi. Ammo Norqobil ham anoyi emas edi. U Shojalilning qo‘lidan mahkam ushladi-da, bor kuchi bilan silkita boshladi. “Barakasini bersin, bor, baraka deng...”.
Xullas, bechora buzoqning taqdiri bozor darvozasidan kirmasdanoq hal bo‘ldi. U bir million so‘mga sotildi. Shojalil pullarni sanab, bemalol hamyoniga joyladi-da, sekin ichkariga kirdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, hozirgina sotgan buzog‘ini Norqobil boshqa xaridorga naq 1 million 200 ming so‘mga pullayotgandi...
Ikkinchi voqea. Ishsiz yurgan jiyanimni ishga joylashtirmoqchi bo‘lib, dong‘i ketgan qurilish tashkilotlaridan birining rahbariga iltimos qildim. Chunki kasbim taqozosiga ko‘ra, u bilan matbuot anjumanlarida ko‘p marta uchrashgandim. U kishi har gal qurilishda ish ko‘pligini, ish topolmayotgan yoshlar bemalol murojaat qilishini ta’kidlardi.
Mulozim iltimosimni erinchoqlik bilan eshitarkan, “Jiyaningizni ertalab oldimga yuboring”, dedi. Jiyanim Rossiyada ishlagan professional shofyor edi. Ikki kundan so‘ng jiyan uyga kelib, uni ishga olishmaganini aytdi. Jiyanning aytishicha, hujjatlariga bironta e’tiroz bildirishmabdi, faqat “Yoshingiz bizga to‘g‘ri kelmaydi”, deyishibdi. “Tog‘a, siz aytgan hayot faqat kitobda, kinolarda bo‘ladi. Qo‘ying, ovora bo‘lmang, hammasi borib-borib yana pulga taqaladi”, dedi u. Men yana o‘sha tashkilot rahbari bilan bog‘landim.
U kishi “Bizda ishga kirish uchun maxsus komissiya bor. Jiyaningizni shu komissiyaga yuborgandim. Ular nima degan bo‘lsa, shu-da”, dedi. Oradan bir hafta o‘tib, jiyanim o‘sha tashkilotda ishlayotgan bir tanishining yordamida 500 dollar evaziga ishga joylashganini aytdi.
O‘Z O‘G‘LIDAN YO‘LKIRA OLGAN OTA
Gap nima haqida borayotganini sezgandirsiz. Ha, aynan “uchinchi odam” – dallollar haqida. Sirasini aytganda, tirikchilikning bunday ko‘rinishi ilgari ham bor edi-yu, ammo bugungidagidek keng
“ommalashib” ketmagandi. Ommalashgani ham bir tomon-u, bu “kasb”ni tanlaganlarning aksariyati pul uchun hatto yaqinlarini ham sotib yuborayotgani ikkinchi tomon.
Xo‘sh, nimaga shunday bo‘lyapti? Nahotki, odamlarda mehr, oqibat, diyonat, iymon degan tushunchalar yo‘qolib borayotgan bo‘lsa?
Axir bir paytlar bir burda nonini qo‘shnisi bilan baham ko‘rgan, o‘nlab g‘irt begona yetimlarni bag‘riga olgan shu xalq emasmi? Xo‘sh, endi-chi?
– Eh, nimasini aytasiz, hatto ota-bola orasida ham hisob-kitob bo‘lyapti, - deydi Payariqdagi Ernazarqo‘rg‘on mahallasida yashovchi otaxonlardan biri Salohiddin Nosirov. – Yaqinda bir qarindoshim yuk mashinasida daladan somon olib kelib bergani uchun o‘zining o‘g‘lidan naq 200 ming so‘m pul talab qilibdi. O‘g‘li 100 ming so‘m beraman desa, ko‘nmabdi. Mana, sizga ota-bola o‘rtasidagi mehr-oqibat!
UZOQQA BORMAGAN “ISHBILARMONLIK”
Qishloqda Gulsanam degan fermer ayol bor edi. Davlatning kattagina miqdordagi mablag‘ini talon-toroj qilgani uchun fermerlikdan ketib, har joyda yurardi. Yaqinda o‘sha ayol qishloqdagi ishsiz xotin-qizlarni ish bilan ta’minlayotganini eshitib qoldim. “Xudo insof beribdi-da”, deb qo‘ydim. Ammo keyin surishtirib ko‘rsam, u yirik-yirik fermerlar bilan kelishib, ularning 10-20 gektar yerdagi ekinlarini o‘tash, ularga ishlov berish, mevalarni terish bo‘yicha shartnoma tuzarkan va bu ishga qishloqdagi xotin-xalajni jalb qilarkan. Aytaylik, bitta maydondagi ekinlarni o‘toq qilish uchun bu “brigadir xonim” fermerdan 10
million so‘m olsa, shu pulning 6 millionini ayollarga berar, qolganini esa dallolligi uchun cho‘ntakka urarkan.
Hayot sinovlari oldida ojiz qolgan sodda ayollarning topgan pullari evaziga hamyonini qappaytirayotgan Gulsanamning dang‘illama uchastkasi yaqinda elektr tarmog‘idagi qisqa tutashuv tufayli yonib, kulga aylanibdi. Chunki ochko‘z ayol hatto elektr tarmog‘iga ham noqonuniy ulanib olgan ekan.
“GASTARBAYTER”LIKNING OQIBATI
Qo‘shni qishloqlardan birida yashovchi Eshmirza 50 yoshida insult tufayli olamdan o‘tdi. Uning nimaga insult olgani haqida turli gap-so‘zlar oraladi. Odamlarning aytishicha, Eshmirza Rossiyadagi katta shaharlardan birida qurilishda ishlagan ekan. Aniqrog‘i, u yerga o‘zining aka-ukalaridan tashqari, qo‘shni qishloqlardan ham ishsiz odamlarni olib borib ishlatgan dallol ekan. Qurilish boshlig‘idan olgan pulining yarmini qo‘l ostidagilarga bo‘lib berib, qolganini o‘zining cho‘ntagiga urarkan. Qizig‘i, ertadan qorong‘i kechgacha loy, g‘isht, sement ko‘targanlarning orasida uning o‘z tug‘ishgan akasi ham bo‘lgan.
Eshmirzaning qing‘irligini sezib qolgan yigitlar undan halol ishlagan pullarini talab qilishgan. Eshmirza pullarni uyga jo‘natib yuborganini, qishloqqa qaytganidan so‘ng ularga berishini aytgan. Ammo u va’dasida turmagan. Natijada akasi boshchiligidagi aldangan yoshlar agarda Eshmirza ularning haqini bermasa, uning 2 nafar voyaga yetmagan o‘g‘illarini o‘ldirish bilan qo‘rqitadi. Eshmirza ikki o‘t orasida qoladi. Oqibatda uning qon bosimi ko‘tarilib, insultga yo‘liqadi.
“MEN YOMON ISH QILAYOTGANIM YO‘Q...”
Bundan qariyb 20 yillar ilgari, “Samarqand” telekanalida ishlab yurgan kezlarim viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tungi reydlardan birida qatnashishga to‘g‘ri keldi. Tezkor guruh boshlig‘ining aytishicha, shahardagi ko‘p qavatli uylardan birida yashirin fohishaxona ochilgan ekan.
Xodimlarning sa’y-harakatlari tufayli tez orada manzilni aniqlab, ikkinchi qavatda joylashgan xonadonga kirib bordik. Xonadon ichidagi 4 ta alohida xonada 17-22 yoshlar orasidagi qizlar mijozlarning
ko‘nglini ovlash bilan band edi. Qizig‘i, bu ayollar qo‘shmachi opalarini himoya qilib gapirishdi.
– Bizga boshqa ish topib beringlar, bo‘lmasa, bola-chaqamizni boqinglar, ko‘raylik-chi, - dedi ulardan biri. – Opa bizlarga ish berdi, boshpana bilan ta’minladi.
Xonadon sohibasi, 50 yoshlar atrofidagi ayol ichki ishlar xodimlariga o‘ta bepisandlik bilan muomala qildi.
– Xo‘sh, nima bo‘pti, shu ish bilan anchadan beri shug‘ullanaman. Marhamat, qonunni buzgan bo‘lsam, sudga beringlar. Men yomon ish qilayotganim yo‘q. Nonini topolmay, ko‘chada qolgan qiz-juvonlarga boshpana, ovqat, ish haqi beryapman. Yo noto‘g‘rimi?
Ayolning do‘q-po‘pisalariga qaramay, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib, 6 nafar juvonni teri-tanosil kasalliklari shifoxonasiga olib ketishdi. Oradan ikki hafta o‘tib, o‘sha qo‘shmachi ayol sudda jarima bilan qutulib qolganini eshitdim.
“TIRIKCHILIK-DA”
Endi shu holatlarni bir tahlil qilib ko‘raylik. Ko‘pincha tirikchilikning qiyinligi, zamonning “aynib ketayotgani”dan nolib qolamiz. Ammo pul topish uchun inson zoti qaysi ko‘chalarga kirib chiqayotgani, qanaqa noma’qul ishlarga qo‘l urayotgani haqida o‘ylab ham o‘tirmaymiz. Yana ko‘pincha shunday holatlarga ko‘z yumib o‘tib ketamiz. O‘zimizni ovutib, “Tirikchilikda”, deb qo‘yamiz.
Nazarimda bunday yumushlarni tirikchilik, degan nom bilan oqlab bo‘lmaydi. Chunki birovning haqiga ko‘z olaytirish, harom yo‘lga yurish shariatda ham qoralab kelingan.
Qolaversa, farzandingizga nafaqat to‘g‘ri tarbiya berish, balki unga halol luqma yedirish ham bolaning kelajak hayotiga ta’sir ko‘rsatishi isbotlangan haqiqat.
Inson tabiati g‘alati. Tarbiya, to‘g‘rilik, halollik, rostgo‘ylik haqida qancha ko‘p va xo‘b eshitib, o‘z ko‘zi bilan ko‘rmasin, baribir boshi devorga urilmaguncha o‘zining bilganidan qolmaydi.
“Menga nima” qabilida yashayveradi. Ehtimol, uning eng katta fojiasi ham mana shundadir. Ammo ne bo‘lganda ham, o‘sha bozorda, ko‘chada, hayot chorrahalarida doim to‘qnash kelayotganimiz shoir aytganidek, uchinchi odamlarga insof bersin.
Yormamat RUSTAMOV
“Zarafshon” gazetasining 2023 yil 23 iyul sonidan
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:
« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.
Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.
“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.
Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.
“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.
“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.
“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.
Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?
Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.
Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Manbalar asosida
T.NIZOM tayyorladi.