Imom Muslim rahimahulloh rivoyat qilgan hadisda Oisha onamiz roziyallohu anho shunday deganlar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uylarida yonboshlab yotgan edilar. Boldirlari biroz ochiq edi. Abu Bakr (roziyallohu anhu) kirishga izn so‘radi. U zot unga o‘sha hollaricha (yonboshlagan hollarida) izn berdilar. U kirib, (hojatini) gapirdi. Keyin Umar (roziyallohu anhu) kirishga izn so‘radi. U zot o‘sha (yonboshlagan) holda uning kirishiga izn berdilar. (U kirib, hojatini) gapirdi. Keyin Usmon (roziyallohu anhu) kirishga izn so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘tirib oldilar va kiyimlarini tuzatdilar. U chiqib ketgach men: “Ey Rasululloh, Abu Bakr (roziyallohu anhu) kirdi. O‘rningizdan turmadingiz, qo‘zg‘almadingiz, parvo ham qilmadingiz. Keyin Umar kirgan edi, unga ham o‘rningizdan qo‘zg‘almadingiz, parvo ham qilmadingiz. So‘ngra Usmon kirganda esa o‘tirib oldingiz va kiyimingizni tuzatdingiz?!” degan edim, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Farishtalar hayo qilib, uyaladigan kishidan men qanday uyalmay?” dedilar”.
Nozimjon Iminjonov tarjima qildi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati