Alloh taolo har birimizning qalbimizdagi niyatlarimizni bilguvchi Zot. Har birimiz qilgan ezgu amallarimizni Alloh dargohida husni maqbul bo‘lishini istaymiz.
Maslahat so‘rab kelgan kelinchak ko‘rinishidan sarosimada ekanligi bilinib turardi. “Gapni nimadan boshlashni ham bilmayman? Oiladagilar birin ketin kasal bo‘la boshlashdi. Turmush o‘rtog‘imning ishi ham yurishmay qoldi, shuning uchun qaynonam uyga dam soldirgani odam olib keldilar. Onalarining bu ishlaridan o‘g‘illari norozi bo‘lsalar ham, indamadilar.
Xonadonimizni ko‘zdan kechirgan haligi odam “Xonadoningiz yuk bosib ketibdi, yaxshilab dam solish kerak. Qora qo‘chqor olib kelib, so‘yib, qonini uyning deraza romlariga surasizlar deb”, ko‘rsatma berib ketdi. Qaynonam qo‘chqor olib keltirdilar, so‘yib, qonini hamma deraza romlarga surib chiqdik. Turmush o‘rtog‘im ham, men ham qarshilik qilolmadik. Ammo o‘sha kundan boshlab, ko‘nglimiz g‘ash, ibodatlarimiz ham sustlashgandek, farzandlarim injiq bo‘lib qolyapti”, deb kelinchak gapini tugatdi.
Bunday vaqtda nima qilish kerak? Oramizda hali hanuz shirk amallarni qiladiganlar topiladi.
O‘sha singlimizga “Avvalo bunday ishlar shariatga xilof ekanligini kattalarga tushuntirasiz. Uyga borgandan keyin, deraza romlariga surilgan qon izlarini kimyoviy tozalash vositasi bilan tozalash zarur. Qon tarkibida juda ko‘plab mikrob, viruslar bo‘ladi. Yozning issiq pallasi pashsha va chivinlar ko‘payadigan vaqt. Qon esa bunday hasharotlarning sevimli ozuqasi. Bu holat birgina sizning xonadoningiz emas, balki atrofdagilarga ham o‘ta xavflidir. Har qanday mushkullarni bartaraf etishni esa yolg‘iz Alloh taolodan so‘raladi. Ibodatlaringizda mahkam bo‘ling!” deb nasihat qildik.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
“Men jinlar va insonlarni faqat O‘zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim”. (Vaz-Zaariyot: 56)
Shunga o‘xshash voqeani o‘qigan edim. Ibodatda, ilmdan xabari bor bir yigit yangi uyga ko‘chib o‘tgandan keyin g‘ayritabiiy holatlar haqida so‘rash uchun olimlardan birining oldiga boradi. U kishi Qur’on oyatlarini o‘qish kerakligini aytadi. Bir necha kun o‘tgandan keyin yigit olimning oldiga keladi. Shunda olim “Siz qandaydir shariatga xilof ish qilgan bo‘lsangiz kerak. Agar o‘shani eslab, undan tavba qilsangizgina bu notinchlik barham topishi mumkin", dedi.
Shunda yigit “Bir ish qilmoqchi bo‘lganimda, ibodatli o‘rtoqlarimdan biri uni shariatga zidligini aytdi. Men, axir bu urf-odat, otam qilgan, deb uyning qurilishi bitish arafasida odatimizga ko‘ra, bir qo‘yni tomga olib chiqib, uni yangi qurilgan bino g‘ishtlariga qonini oqizish uchun o‘sha yerda so‘ydik”, dedi. Shunda olim boshini qimirlatib: “Uyingizdagi barcha notinchliklarning sababi shu. Endi chin dildan Allohga yuzlanib tavba qiling”, dedi.
Alloh taolo hadisi qudsiyda shunday marhamat qiladi:
«Qulim menga shirk keltirmasa, huzurimga bir dunyo gunoh bilan kelsa ham, uni bir dunyo mag‘firat bilan qarshi olgayman» (Tabaroniy Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilgan).
Alloh taolo barchalarimizni faqat O‘zigagina ibodat qiladigan, mushkulotlarimizni bartaraf etishini O‘zidangina so‘raydigan solih bandalari qatorida qilsin.
Munira ABUBAKIROVA
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Shu yilning 16–18 aprel kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligidagi delegatsiya ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish va vatandoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish maqsadida Rossiya Federatsiyasida xizmat safarida bo‘ladi.
Safar doirasida:
diniy idoralar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash;
imzolangan kelishuvlarni amalga oshirish;
o‘zaro tajriba almashish;
ta’lim dargohlarida bo‘lish;
jome masjidlar faoliyati bilan yaqindan tanishish kabilar reja qilingan.
Shuningdek, Moskva shahrida o‘qish yoki ish bilan yurgan hamyurtlarimiz bilan muloqotlar qilish, ularning fikr-mulohazalarini tinglash va e’tiqod sog‘lomligiga qaratilgan suhbatlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati