Kuni kecha, O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Misr davlatida xizmat safarida bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va al-Azhar universiteti tomonidan Shayx Solih Abbos o‘rtasida “Yo‘l xaritasi” imzolangani haqida xabar bergan edik.
Endilikda, har yili O‘zbekistondagi masjidlarda mehnat qilayotgan yigirma nafar imom Misr davlatidagi malaka oshirish kurslarida ta’lim oladi. Misr davlatida imomlar uchun ikki oylik malaka oshirish kurslari tashkil etiladi. Imomlarga ikki oy davomida al-Azhar universitetining fazilatli shayxlari, taniqli ulamolari va yetuk olimlari tomonidan diniy fanlar bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari olib boriladi.
Malaka oshirish kurslari so‘ngida imomlarga Qur’on qiroati, tajvid, tafsir, hadis, aqida va fiqh bo‘yicha ijoza (maxsus sertifikat) olishi belgilab qo‘yilgan.
Misr safari davom etmoqda.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Jizzax shahridagi “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oilalar farzandlariga mehr-e’tibor ko‘rsatish maqsadida ularning xatna to‘yi o‘tkazildi.
“Vaqf” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston musulmonlari idorasining Jizzax viloyatidagi vakilligi hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan xayriya tadbirida 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan 35 nafar bolajonlarga xursandchilik ulashildi.
Bolalarga bayram munosabati bilan velosiped, kostyum-shim, ko‘ylak, oyoq kiyimlari hamda yana boshqa turli xil sovg‘a-salomlar taqdim etildi.
Bolalarning yaqinlari va jamoatchilik vakillari uchun bayram dasturxoni yozildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Jizzax viloyati matbuot xizmati