Kunlarning birida do‘stimning uyiga mehmon bo‘lib bordim, suhbat qurib o‘tirgan edik chamasi to‘rt yoshlik bolasi kelib uning bo‘yniga osilib, ota bugun biz jannatda bir qasr qurmadikku dedi. Men xato eshitdim deb o‘yladim. U yana shu gapini takrorladi. Qolgan farzandlari kelib ukalari aytgan gapni takrorlashdi. Shunda men xayratda qoldim va kuzattim. Do‘stim menga farzandalarim bilan qanday qilib jannatda qasr qurishimizni ko‘rishni xohlaysanmi dedi. Men esa albatta xohlayman dedim. Shunda ular jamlanib o‘tirishdida, Ixlos surasini 10 marta o‘qishdi. Tugagach farzandlar alhamdulillah bugun biz jannatda bir qasr qurdik deb xursand bo‘lishdi.
So‘ng do‘stim farzandlaridan u qasrda nima bo‘lishini xohlaysizlar deb so‘radi. Bolalar bizni xursand qiladigan ko‘p narsalar bo‘lishligini xohlaymiz dedilar. Do‘stim ularga “La havla vala quvvata illaa billah” ni aytdi, ular ham bu duoni takrorlashdi.
Do‘stim yana bolalariga savol berdi. Qiyomatda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni ko‘rishni va uzotning havzlaridan suv ichishni xohlaysizlarmi? dedi. Ular ha deyishdi. Shunda do‘stim ularga tashahhuddan keyin o‘qiladigan “Allohumma solli ala Muhammad va alaa aali Muhammad” ni o‘qib berdi, farzandalari esa takrorlashdi.
So‘ng bolalar xursand bo‘lib, biri dars qilishga, biri o‘yinini davom ettirishga yana biri ishini tugatish uchun tarqaldilar.
Men esa do‘stimning farzandlariga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini bu shaklda o‘rgatganligidan juda xayratlanib, men ham farzandlarimga shu shaklda o‘rgatsam bo‘lar ekan deya, uyga qaytdim.
Aziz do‘stim sizning ham bu tarbiya shaklini aziz farzandalaringizga o‘rgatish imkoningiz bor.
Toshkent shaharidagi “Shayx Zayniddin” jome’ masjidi imom xatibi Abduraxmanov Yaxyo
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV