Avvalroq, O‘zbekiston delegatsiyasi Misr Arab Respublikasiga jo‘nab ketgani haqida xabar bergan edik. Safar doirasida Misrning al-Azhar majmuasi bilan diniy kadrlar tayyorlash, ularning kasb-mahoratini oshirish, xalqaro konferensiyalar va seminarlar o‘tkazishga oid diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlik masalalari muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan.
Misr poytaxti Qohira shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimizning Misrdagi elchixonasi bilan hamkorlikda al-Azhar majmuasi rahbarining boshlang‘ich va o‘rta ta’lim bo‘yicha boshqarma boshlig‘i Shayx Ali al-Xaliliy, al-Azhar shayxining maslahatchisi professor Abdurahmon Muso hamda al-Azhar rektori, professor Muhammad Mahrasoviy bilan uchrashdi.
Uchrashuv doirasida al-Azhar majmuasi hamda O‘zbekistondagi diniy sohaga oid markazlar o‘rtasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi memorandum loyihasi ustida muhokama o‘tkazilib, al-Azhar va O‘zbekistondagi diniy ta’lim muassasalari o‘rtasida talabalar almashinuvi yo‘lga qo‘yish alohida qayd qilindi. Kelishuvga muvofiq, har yili o‘zbekistonlik 25 nafar talaba uchun al-Azhar tomonidan grant ajratiladi. Shundan 20 nafar bakalavr bosqichi uchun 5 nafari esa magistratura bosqichi uchun ajratilishi belgilab quyildi.
Safar davom etmoqda, xushxabarlarni bizdan eshiting.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati