بسم الله الرحمن الرحيم
YOSHLIK DAVRI – G‘ANIMAT
الحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي قَالَ فِي كِتَابِهِ: "يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا" وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الَّذِي قَالَ: "أَكْرِمُوا أَوْلَادَكُمْ وَأَحْسِنُوا آدَابَهُمْ" وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ.
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, dunyo hayoti – har bir insonga berilgan o‘tkinchi sinov muddatidir. Undagi har bir kun, soat, daqiqa va hatto soniya inson uchun ko‘p foyda keltiradigan g‘animat bir fursatdir, bunda inson onadan tug‘ilib, vafot etguncha oxirat uchun say-harakat qiladi. Umr bo‘yi qilgan yaxshi amallari evaziga savob, yomon amallari uchun gunoh yozilib turadigan bir muddatdir. Yoshlik va o‘spirinlik davri esa hayotning eng jo‘shqin va g‘animat davri hisoblanib, unda tana a’zolari kuch-quvvatga to‘lgan va harakatlar jo‘shqin bo‘lib, kishi ko‘p yutuqlarni qo‘lga kiritishi mumkin bo‘ladi. Yoshlik davri g‘animatligi haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassallam shunday marhamat qilganlar:
" ...اِغْتَنِمْ شَبَابَكَ قَبْلَ هَرَمِكَ وَفَرَاغَكَ قَبْلَ شُغْلِكَ..."
(رواه الإمام الترمذى)
ya’ni: “Yoshlik, o‘spirinlik davrini keksayib, munkillab qolishdan avval g‘animat biling va bo‘sh vaqni biror ish bilan mashg‘ul bo‘lib qolishdan oldin g‘animat biling!” (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, yoshlikda qilingan ishlar puxta va mustahkam bo‘ladi. Shuning uchun ham yurtning kelajagi, uning mustahkamligi, kuch-qudrati va taraqqiyoti o‘sha yurt yoshlarining salohiyati bilan chambarchas bog‘liqdir.
Ulug‘ hakimlarning mashhur gaplari bor:
اَلْعِلْمُ فِي الصِّغَرِ كَالنَّقْشِ عَلَى الْحَجَرِ
ya’ni: “Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir”.
Demak, har bir ota-ona farzandlariga yoshlik davrining bo‘sh kunlarini g‘animat bilishni va undan unumli foydalanish zarurligini tushuntirishlari lozim. Ularni yoshligidan boshlab, odob-axloqli qilib tarbiyalash bilan birga, ilmu fanning barcha qirralarini egallashga qiziqtirib, halol mehnatga o‘rgatib, peshona teri bilan topilgan rizq-ro‘zida baraka bo‘lishi haqida pandu nasihatlar qilishlari ayni muddaodir.
Shunday ekan, har bir ota-ona farzandi yoshlik chog‘ini chiroyli, namunali, foydali va savobli ishlar bilan o‘tkazishiga yordamchi bo‘lmog‘i lozim. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ
ya’ni: “Ey imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangiz” (Tahrim surasi, 6-oyat). Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “o‘zlaringizni va ahl-oilangizni do‘zaxdan saqlanglar!” oyatini tilovat qildilar. Shunda: “Ey Rasululloh, biz oilamizni do‘zaxdan qanday qilib saqlaymiz?” – deyildi. Shunda u zot: “Ularni Alloh yaxshi ko‘radigan narsaga buyurasizlar, Alloh yomon ko‘radigan narsadan qaytarasizlar”, – dedilar” (Imom Ibn Mardavayh rivoyati).
Xalqimizda “Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum” degan hikmatli so‘z bor. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham quyidagi hadislarida kelajagi yaxshi bo‘ladigan kimsalar qatorida sanash asnosida yoshligidan Allohni tanib, ibodatda o‘sgan yoshlarni maqtamoqdalar:
سَبْعَةٌ يُظِلُّهُمُ اللَّهُ فِي ظِلِّهِ يَوْمَ لاَ ظِلَّ إِلاَّ ظِلُّهُ... وَشَابٌّ نَشَأَ فِي عِبَادَةِ رَبِّهِ ...
(رواه الإمام البخاري والإمام مسلم)
ya’ni: “Allohning soyasidan boshqa soya yo‘q kunda (qiyomat kuni) Alloh yetti kishini O‘z soyasiga olur: (ulardan biri) Parvardigorning ibodatida o‘sgan yosh yigit” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Qur’oni karimda Luqmoni hakimning o‘g‘illariga qilgan nasihatlari shundan iboratdir:
يَا بُنَيَّ أَقِمِ الصَّلَاةَ وَأْمُرْ بِالْمَعْرُوفِ وَانْهَ عَنِ الْمُنْكَرِ وَاصْبِرْ عَلَى مَا أَصَابَكَ إِنَّ ذَلِكَ مِنْ عَزْمِ الْأُمُورِ
وَلَا تُصَعِّرْ خَدَّكَ لِلنَّاسِ وَلَا تَمْشِ فِي الْأَرْضِ مَرَحًا إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ كُلَّ مُخْتَالٍ فَخُورٍ
وَاقْصِدْ فِي مَشْيِكَ وَاغْضُضْ مِنْ صَوْتِكَ إِنَّ أَنْكَرَ الْأَصْوَاتِ لَصَوْتُ الْحَمِيرِ
ya’ni: “Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil! Albatta, mana shu puxta ishlardandir. Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki, Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas. (Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon surasi, 17-19-oyatlar).
Har bir ota-ona farzandi dunyoda baxt-saodatli, ilm-ma’rifatli, obro‘-e’tiborli bo‘lishini xohlaydi, oxiratda esa jannatiy bo‘lishi orzusida bo‘ladi. Shunday ekan, har birimiz yoshlarimizni odob-axloqli, ilm-ma’rifatli qilish bilan birgalikda, Yaratganni tanitib, Payg‘ambari kim, dini nima, kalimasini biladimi, mazhabi qaysi, mazhabida mahkam turish lozimligi, har xil oqimlardan qattiq hazar qilish va hokazo zaruriy narsalarni o‘rgatishimiz ham kerak. Chunki musulmonning farzandi bularni bilmasligi ota-onalarining kamchiligi hisoblanadi.
Farzandlarini yomon xulqli kimsalar ta’siridan himoya qilish ota-onaning burchidir. Ota-ona farzandlariga yaxshi, rostgo‘y do‘st tanlashda yordam berishi kerak. Chunki o‘spirinlik vaqti insonning fe’l-atvori va ruhiyati shakllanadigan asosiy davr hisoblanadi. Bunday paytda do‘stlarning ta’siri katta bo‘ladi.
Bu borada hazrati Umar o‘g‘illariga shunday nasihat qildilar: “Imon-e’tiqodli, aqlli va odobli kishi bilan do‘stlashgin. U muhtojligingda yordamching, qiyin kunlaringda qo‘llovching, ma’yusligingda quvonching, xotirjamligingda ziynating bo‘ladi”.
Shayx Sa’diy Sheroziy rahmatullohi alayh “Guliston” kitobida inson uchun do‘st tanlashning ahamiyati haqida quyidagi ibratli baytni keltirgan:
ﭘِسَرِ نُوحْ بَابَدَانْ بِنِشَسْتُ
خَانَدَانِ نُبُوَّتَشْ ﮔُومْ شُودْ
ﺳَﮓِ أَصْحَابِ كَهْفْ رُوزِى چَنْدْ
ﭘَيِ نِيْكَانْ ﮔِرِفْتُ مَرْدُومْ شُودْ
ya’ni: Nuh alayhissalomning (Yom ismli) farzandlari yomonlar bilan birga bo‘lib,
Payg‘ambarlikdan mahrum bo‘ldi, ya’ni, Nuh alayhissalomning barcha farzandlari payg‘ambar bo‘lganlar, faqat Yom ismli farzandlari yomon kimsalarga qo‘shilib, bu buyuk martabadan mahrum bo‘ldi.
As'hobi kahfning iti bir necha kun,
Yaxshilar safida bo‘lib, insoniyat qatoriga kirdi, ya’ni, insonlarga o‘xshab, jannat ahlidan bo‘ldi.
Ulamolarimiz yoshlarni yangi ekilgan niholga o‘xshatadilar. Bog‘bon niholni parvarishlab, vaqtida suvini quyib, noto‘g‘ri o‘sgan shoxlarini butab tursa, yangi ko‘chat chiroyli va bog‘bon ko‘zlaganday bir go‘zal daraxt bo‘lib shakllanib, meva beradi. Agar ko‘chatni ekib, parvarishiga e’tibor berilmasa, u o‘zi xohlaganday o‘sib, har xil kerak bo‘lmagan shoxlarni chiqarib, natija bog‘bon ko‘zlaganday bo‘lmaydi. Yoshlarni ham “hali yoshku” demasdan, uni o‘z vaqtida odob-axloqi, ta’lim-tarbiyasi, ilm-ma’rifati bilan har bir ota-ona va mas’ullar shug‘ullansa, kelajakda bizning farzandlardan ham Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Imom Nasafiy, Imom Zamaxshariy, Imom Marg‘iloniy, Imom Kosoniylar kabi buyuk olimu allomalar chiqadi. Inshaalloh.
Bugungi kun yoshlariga juda ko‘p imkoniyatlar yaratib berilgan. Yoshlarimiz bu imkoniyatlardan oqilona va to‘g‘ri foydalanishlari lozim. Lekin, ming afsuslar bo‘lsinki, ba’zilarning farzandlari, xossatan, maktab yoshidagi yigitlar vaqtlarining aksarini internet va kompyuter o‘yinlari (playstation) klublarida har xil nojo‘ya o‘yin o‘ynab, insonning qalbi va imoniga zarar keltiradigan rasm va videolarni tomosha qilib va to‘g‘ri yo‘ldan adashtiruvchi notanish kishilar bilan suhbat o‘tkazib, umrlarining oltin davrini zoye qilmoqdalar.
Shuningdek, ba’zi oilalarda farzand tarbiyasi to‘lig‘icha televizor yoki telefon apparatlariga topshirib qo‘yilgan. Ularning farzandlarini o‘zlari emas, balki o‘sha texnik jihozlar “tarbiyalamoqda”. Har bir ota bolalari tarbiyasi uchun javobgar ekanini unutmasligimiz va oxiratda bu haqda aynan ota so‘ralishini yodimizdan chiqarmasligimiz kerak.
Hurmatli jamoat! Mav’izamiz davomida “Hayvonot olamiga nisbatan mehr-shavqat va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish” mavzusida suhbatlashamiz. Dinimiz hayvonot olamining hayotimizdagi ahamiyati va insoniyatga manfaatini voqe’likka muvofiq holda e’tiborga oladi hamda kerakli ko‘rsatmalarni beradi. Qur’oni karimning bir nechta suralari hayvonlarning nomlari bilan ataldi. Ba’zi oyatlarda chorva mollarining odamlarga manfaatlari ne’mat o‘laroq sanab o‘tilgan (Nahl surasi, 5-7 oyatlar). Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hayvonlarning ham huquqlari borligini asoslab berdilar. Avvalambor hayvonlarga aziyat (ozor) bermaslik kerak. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam yuz qismiga tamg‘a urilgan eshakni ko‘rib: “Bunga tamg‘a urganni Alloh la’natlasin!” – dedilar (Imom Muslim rivoyati). Yana hayvonlarni “musla” qilish (tirik hayvonlarni a’zolarini kesib o‘ldirish)dan ham qaytarilganmiz. Demak, hayvonlarga ozor berish, azoblash va ularga shafqat ko‘rsatmaslik shariatimizda jinoyat hisoblanadi. Hayvonlarni qamab qo‘yib, ochlikdan o‘ldirish haromdir. Hadisi sharifda bir mushukni qamab qo‘yib qiynagan ayolning azoblanishi haqida xabar berildi (Imom Buxoriy rivoyati). Kunlarning birida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam eti suyagiga yopishib ketgan tuyani ko‘rib qoladilar va: “Bu tilsiz hayvonlar to‘g‘risida Allohdan qo‘rqinglar. Minishga yaroqli qilib mininglar, yeyishga yaroqli qilib yenglar”, – dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati). Har bir hayvonni nima uchun yaratilgan bo‘lsa, shu ishda foydalanish ham dinimizning ko‘rsatmalaridan biridir. Bir hadisi sharifda: “Ulovlaringiz ustini minbar qilib olishdan saqlaninglar...”, – deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati). Buning ma’nosi, kimnidir kutayotganda, savdo sotiq qilayotganda yoki boshqa ishlarni qilayotganda ulovni ustiga minib turmang, deganidir. Hadisi shariflarda tirik jonzot (tovuq, qo‘y, echki kabilar)ni o‘q otishga nishon qilib olishdan qaytariladi (Imom Buxoriy rivoyati).
Dinimizdagi hayvonlarga bog‘liq yana bir asl qoida ularga rahm-shafqat ko‘rsatishdir. Bu mavzuda ko‘plab hadislar rivoyat qilingan. Masalan, chanqagan itga shafqat ko‘rsatib, quduqdan suv olib chiqib bergan kishining gunohlarini Alloh taolo kechirgani rivoyat qilingan (Imom Buxoriy rivoyati). Sahobiylar safarda chumchuqqa o‘xshagan qushning paloponlarini olib qo‘yishganda, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam paloponlarni qaytarib o‘z joyiga qo‘yishni buyurdilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hayvonlarga rahm-shafqatning bundan ham oliy darajasi go‘shti uchun so‘yilayotgan hayvonni ham qiynamaslikdir. Hadisi shariflarda so‘yilayotgan hayvonni qo‘pol ravishda sudramaslik, pichoqni hayvonni oldida qayramaslik, pichoqni o‘tkir qilish va boshqa hayvonlar oldida so‘ymaslik buyuriladi. Qo‘yni yiqitib qo‘yib, pichog‘ini qayrayotgan bir kishiga Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Uni bir necha marta o‘ldirmoqchimisan?!” – deb tanbeh berdilar (Imom Hokim rivoyati). Fatvo kitoblarida agar zarar yetkazmasa, hasharotlarni ham o‘ynab o‘ldirish mumkin emasligi zikr qilingan.
Alloh taolo ushbu yangi yilni barchalarimizga unumli qilib, farzandlarimiz tarbiyasiga yanada mas’uliyat bilan yondashuvimizni nasib aylasin! Omin!
Mustaqillik bayrami arafasida Vatan ozodligi yo‘lida kurashgan qahramon ajdodlarimizni minnatdorlik bilan yod etamiz, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ularning jasorati bugungi erkin hayotimiz va milliy istiqlolimizning qadrini yanada teran anglatadi.
28 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, nuroniylar va ziyolilar yig‘ildi.
Qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Vatan fidoyilari haqiga Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Elga osh tortildi.
Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Shu yerda davlatimiz rahbarining ulamolar va ziyolilar bilan tarixiy xotirani asrash, qatag‘on qurbonlari nomini tiklash hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan muloqoti bo‘ldi.
– Shu kunlarda el-yurtimiz bilan birgalikda mustaqilligimizning 35 yilligini katta xursandchilik bilan kutib olyapmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – O‘ttiz besh yildan buyon hech kimga qaram bo‘lmasdan, mana shunday tinch va tiniq osmon ostida erkin va farovon yashayapmiz. Bu – katta baxt, bebaho boylik. Shunday ulug‘ kunlarda istiqlol va ozodlik yo‘lida halok bo‘lgan qahramon ajdodlarimizni eslash, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirish – muqaddas burchimiz.
Davlatimiz rahbari fidoyi ajdodlarimizning qahramonligi hech qachon unutilmasligi, ularning jasorati xalqimiz uchun hamisha ma’naviy kuch manbai bo‘lib qolishini ta’kidladi.
– Barcha islohotlarimiz markazida turgan “Inson qadri uchun!” degan ezgu g‘oya jasur ota-bobolarimizning ruhlarini shod etish, orzu-niyatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlarimizni yanada kuchaytirishni talab etadi. Bu aziz insonlar xotirasi qancha e’zozlansa, bugungi tinch hayotimiz, milliy istiqlolimiz qadri shuncha oshadi, – dedi Prezident.
Keyingi yillarda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni tiklash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shahidlar xotirasi xiyobonidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi to‘liq rekonstruksiya qilinib, ekspozitsiyasi boyitildi, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Raqamli tizimlar va sun’iy intellekt yordamida ko‘rgazmalarning ta’sirchanligi oshirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda tashkil etilgan qatag‘on qurbonlari muzeylari ham zamon talablari asosida jihozlandi. Ularning fondlari dunyoning turli nuqtalaridan keltirilgan noyob hujjatlar va fotosuratlar bilan boyitilmoqda.
2021-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qatag‘on qurboni bo‘lgan 1 ming 200 dan ziyod yurtdoshimiz oqlandi. Joriy yilda sobiq mustabid tuzum davrida nohaq ayblanib, turli muddatlarga qamalgan yoki o‘limga hukm etilgan yana 161 nafar vatandoshimizning nomi oqlandi.
So‘nggi besh yilda jadid bobolarimiz merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Mustabid tuzumda nohaq qurbon bo‘lgan vatandoshlarimizning nomlari aniqlanib, ularning faoliyati, ilmiy va ijodiy merosi o‘rganilmoqda. Yuzlab, minglab fidoyi yurtdoshlarimiz haqidagi ma’lumotlar kitoblar, matbuot va ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga yetkazilmoqda.
Muloqotda o‘tgan asrning 80-yillarida ham minglab vatandoshlarimiz “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” degan soxta ayblovlar bilan siyosiy qatag‘onga uchragani qayd etildi. 1983-1990 yillarda 40 ming nafar o‘zbekistonlik tergov qilinib, 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bugun bu borada ham tarixiy adolat tiklanmoqda. Bunday ezgu ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari dunyoda qurolli mojarolar va siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayib, ular bizga yaqin mintaqalarga ham kirib kelayotgani tashvishli ekanini ta’kidladi. Bu yurtimizdagi tinchlikni qadrlash, yanada jips va hamjihat bo‘lib yashashni talab etadi.
– Bizning yo‘limiz – tinchlik, do‘stlik va hamkorlik yo‘li. O‘zbekiston ushbu yo‘ldan hech qachon ortga qaytmaydi, – dedi Prezident.
Bugun yurtdoshlarimiz dunyoning istalgan mamlakatiga emin-erkin borib kelmoqda, O‘zbekiston barcha davlatlar bilan tenglik asosida hamkorlik qilmoqda. Bu mustamlakachilik zanjirlari va “paxta qulligi”dan butunlay ozod bo‘lganimizning amaliy ifodasidir.
Hayot va kelajakni bilim hamda ma’rifat asosida qurish, uzoq-yaqin mamlakatlar bilan do‘stona hamkorlik qilish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim sharti ekani ta’kidlandi. Buyuk jadid bobolarimiz bejiz millatni uyg‘oqlikka, bilim va ma’rifatga chaqirmagan. Ularning kurash va ma’rifat maktabi bugun ham g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega.
Shu bois, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, vatanparvar insonlar bo‘lib voyaga yetishiga katta e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi o‘n yilda oliygohlar soni 77 tadan 205 taga yetkazildi, qabul kvotalari muntazam oshirib borildi. Jahondagi TOP-100 talikka kiradigan oliygohlarda 3 ming 500 dan ziyod farzandimiz ta’lim olmoqda. Maktab va maktabgacha ta’lim tizimlarida ham muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
– Yoshlarni milliy g‘urur asosida tarbiyalashga alohida ahamiyat berishimiz kerak. Milliy g‘urur – insonning qalbini, yuragini, butun vujudini kuch-g‘ayratga to‘ldiradigan qudratli kuch. Milliy g‘ururi bor odam hech qachon yengilmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi butunlay qaytadan bunyod qilindi, Marg‘ilonda Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi markaz ishga tushirildi. Bular Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li – tinchlik, do‘stlik va bunyodkorlik, bilim hamda ma’rifat yo‘li ekanini tasdiqlaydi.
So‘nggi o‘n yilda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilgan islohotlar tufayli 100 mingdan ziyod yurtdoshimiz hojilik maqomiga ega bo‘ldi. Davlatimiz rahbari diniy jamoatchilik jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yoshlarga to‘g‘ri tarbiya berish jarayonlarida yanada faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi.
– Bugun mana shu tabarruk maskanda turib, tinch-osoyishta hayotimiz, erishayotgan yutuqlarimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz. Mana shunday ozod va farovon kunlarni orzu qilib, armon bilan o‘tgan qahramon ota-bobolarimiz, jasur momolarimizning ruhlari shod bo‘lsin! Yurtimiz tinchlik, taraqqiyot va farovonlik diyori sifatida yanada gullab-yashnasin! Alloh taoloning o‘zi Vatanimizni panohida asrasin! – dedi Prezident.
Ulamolar qatag‘on qurbonlari va Vatan ozodligi yo‘lida jon fido etgan ajdodlarimiz ruhiga duo qilib, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka barqaror bo‘lishini tiladilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati