Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Dekabr, 2024   |   24 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
25 Dekabr, 2024, 24 Jumadul soni, 1446

04.01.2019 y. Yoshlik davri – g‘animat

29.12.2018   5519   11 min.
04.01.2019 y. Yoshlik davri – g‘animat

بسم الله الرحمن الرحيم

YOSHLIK DAVRI – G‘ANIMAT

الحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي قَالَ فِي كِتَابِهِ: "يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا" وَالصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى رَسُولِهِ الَّذِي قَالَ: "أَكْرِمُوا أَوْلَادَكُمْ وَأَحْسِنُوا آدَابَهُمْ" وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ أَجْمَعِينَ.

Muhtaram jamoat! Ma’lumki, dunyo hayoti – har bir insonga berilgan o‘tkinchi sinov muddatidir. Undagi har bir kun, soat, daqiqa va hatto soniya inson uchun ko‘p foyda keltiradigan g‘animat bir fursatdir, bunda inson onadan tug‘ilib, vafot etguncha oxirat uchun say-harakat qiladi. Umr bo‘yi qilgan yaxshi amallari evaziga savob, yomon amallari uchun gunoh yozilib turadigan bir muddatdir. Yoshlik va o‘spirinlik davri esa hayotning eng jo‘shqin va g‘animat davri hisoblanib, unda tana a’zolari kuch-quvvatga to‘lgan va harakatlar jo‘shqin bo‘lib, kishi ko‘p yutuqlarni qo‘lga kiritishi mumkin bo‘ladi. Yoshlik davri g‘animatligi haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassallam shunday marhamat qilganlar:

" ...اِغْتَنِمْ شَبَابَكَ قَبْلَ هَرَمِكَ وَفَرَاغَكَ قَبْلَ شُغْلِكَ..."

(رواه الإمام الترمذى)

ya’ni: “Yoshlik, o‘spirinlik davrini keksayib, munkillab qolishdan avval g‘animat biling va bo‘sh vaqni biror ish bilan mashg‘ul bo‘lib qolishdan oldin g‘animat biling!” (Imom Termiziy rivoyati).

Demak, yoshlikda qilingan ishlar puxta va mustahkam bo‘ladi. Shuning uchun ham yurtning kelajagi, uning mustahkamligi, kuch-qudrati va taraqqiyoti o‘sha yurt yoshlarining salohiyati bilan chambarchas bog‘liqdir.

Ulug‘ hakimlarning mashhur gaplari bor:

اَلْعِلْمُ فِي الصِّغَرِ كَالنَّقْشِ عَلَى الْحَجَرِ

ya’ni: “Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir”.

Demak, har bir ota-ona farzandlariga yoshlik davrining bo‘sh kunlarini g‘animat bilishni va undan unumli foydalanish zarurligini tushuntirishlari lozim. Ularni yoshligidan boshlab, odob-axloqli qilib tarbiyalash bilan birga, ilmu fanning barcha qirralarini egallashga qiziqtirib, halol mehnatga o‘rgatib, peshona teri bilan topilgan rizq-ro‘zida baraka bo‘lishi haqida pandu nasihatlar qilishlari ayni muddaodir.

Shunday ekan, har bir ota-ona farzandi yoshlik chog‘ini chiroyli, namunali, foydali va savobli ishlar bilan o‘tkazishiga yordamchi bo‘lmog‘i lozim. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا قُوا أَنْفُسَكُمْ وَأَهْلِيكُمْ نَارًا وَقُودُهَا النَّاسُ وَالْحِجَارَةُ

ya’ni: “Ey imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangiz” (Tahrim surasi, 6-oyat). Rasululloh sallallohu alayhi vasallam “o‘zlaringizni va ahl-oilangizni do‘zaxdan saqlanglar!” oyatini tilovat qildilar. Shunda: “Ey Rasululloh, biz oilamizni do‘zaxdan qanday qilib saqlaymiz?” – deyildi. Shunda u zot: “Ularni Alloh yaxshi ko‘radigan narsaga buyurasizlar, Alloh yomon ko‘radigan narsadan qaytarasizlar”, – dedilar” (Imom Ibn Mardavayh rivoyati).

Xalqimizda “Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum” degan hikmatli so‘z bor. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham quyidagi hadislarida kelajagi yaxshi bo‘ladigan kimsalar qatorida sanash asnosida yoshligidan Allohni tanib, ibodatda o‘sgan yoshlarni maqtamoqdalar: 

سَبْعَةٌ يُظِلُّهُمُ اللَّهُ فِي ظِلِّهِ يَوْمَ لاَ ظِلَّ إِلاَّ ظِلُّهُ... وَشَابٌّ نَشَأَ فِي عِبَادَةِ رَبِّهِ ...

(رواه الإمام البخاري والإمام مسلم)

ya’ni: “Allohning soyasidan boshqa soya yo‘q kunda (qiyomat kuni) Alloh yetti kishini O‘z soyasiga olur: (ulardan biri) Parvardigorning ibodatida o‘sgan yosh yigit” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Qur’oni karimda Luqmoni hakimning o‘g‘illariga qilgan nasihatlari shundan iboratdir:

يَا بُنَيَّ أَقِمِ الصَّلَاةَ وَأْمُرْ بِالْمَعْرُوفِ وَانْهَ عَنِ الْمُنْكَرِ وَاصْبِرْ عَلَى مَا أَصَابَكَ إِنَّ ذَلِكَ مِنْ عَزْمِ الْأُمُورِ

وَلَا تُصَعِّرْ خَدَّكَ لِلنَّاسِ وَلَا تَمْشِ فِي الْأَرْضِ مَرَحًا إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ كُلَّ مُخْتَالٍ فَخُورٍ

وَاقْصِدْ فِي مَشْيِكَ وَاغْضُضْ مِنْ صَوْتِكَ إِنَّ أَنْكَرَ الْأَصْوَاتِ لَصَوْتُ الْحَمِيرِ

ya’ni: “Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil! Albatta, mana shu puxta ishlardandir. Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki, Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas. (Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon surasi, 17-19-oyatlar).

Har bir ota-ona farzandi dunyoda baxt-saodatli, ilm-ma’rifatli, obro‘-e’tiborli bo‘lishini xohlaydi, oxiratda esa jannatiy bo‘lishi orzusida bo‘ladi. Shunday ekan, har birimiz yoshlarimizni odob-axloqli, ilm-ma’rifatli qilish bilan birgalikda, Yaratganni tanitib, Payg‘ambari kim, dini nima, kalimasini biladimi, mazhabi qaysi, mazhabida mahkam turish lozimligi, har xil oqimlardan qattiq hazar qilish va hokazo zaruriy narsalarni o‘rgatishimiz ham kerak. Chunki musulmonning farzandi bularni bilmasligi ota-onalarining kamchiligi hisoblanadi.

Farzandlarini yomon xulqli kimsalar ta’siridan himoya qilish ota-onaning burchidir. Ota-ona farzandlariga yaxshi, rostgo‘y do‘st tanlashda yordam berishi kerak. Chunki o‘spirinlik vaqti insonning fe’l-atvori va ruhiyati shakllanadigan asosiy davr hisoblanadi. Bunday paytda do‘stlarning ta’siri katta bo‘ladi.

Bu borada hazrati Umar o‘g‘illariga shunday nasihat qildilar: “Imon-e’tiqodli, aqlli va odobli kishi bilan do‘stlashgin. U muhtojligingda yordamching, qiyin kunlaringda qo‘llovching, ma’yusligingda quvonching, xotirjamligingda ziynating bo‘ladi”.

         Shayx Sa’diy Sheroziy rahmatullohi alayh “Guliston” kitobida inson uchun do‘st tanlashning ahamiyati haqida quyidagi ibratli baytni keltirgan:

              ﭘِسَرِ نُوحْ بَابَدَانْ بِنِشَسْتُ  

             خَانَدَانِ نُبُوَّتَشْ ﮔُومْ شُودْ

             ﺳَﮓِ أَصْحَابِ كَهْفْ رُوزِى چَنْدْ                       

  ﭘَيِ نِيْكَانْ ﮔِرِفْتُ مَرْدُومْ شُودْ

ya’ni: Nuh alayhissalomning (Yom ismli) farzandlari yomonlar bilan birga bo‘lib,

Payg‘ambarlikdan mahrum bo‘ldi, ya’ni, Nuh alayhissalomning barcha farzandlari payg‘ambar bo‘lganlar, faqat Yom ismli farzandlari yomon kimsalarga qo‘shilib, bu buyuk  martabadan mahrum bo‘ldi.

As'hobi kahfning iti bir necha kun,

Yaxshilar safida bo‘lib, insoniyat qatoriga kirdi, ya’ni, insonlarga o‘xshab, jannat ahlidan bo‘ldi.

Ulamolarimiz yoshlarni yangi ekilgan niholga o‘xshatadilar. Bog‘bon niholni parvarishlab, vaqtida suvini quyib, noto‘g‘ri o‘sgan shoxlarini butab tursa, yangi ko‘chat chiroyli va bog‘bon ko‘zlaganday bir go‘zal daraxt bo‘lib shakllanib, meva beradi. Agar ko‘chatni ekib, parvarishiga e’tibor berilmasa, u o‘zi xohlaganday o‘sib, har xil kerak bo‘lmagan shoxlarni chiqarib, natija bog‘bon ko‘zlaganday bo‘lmaydi.  Yoshlarni ham “hali yoshku” demasdan, uni o‘z vaqtida odob-axloqi, ta’lim-tarbiyasi, ilm-ma’rifati bilan har bir ota-ona va mas’ullar shug‘ullansa, kelajakda bizning farzandlardan ham Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Imom Nasafiy, Imom Zamaxshariy, Imom Marg‘iloniy, Imom Kosoniylar kabi buyuk olimu allomalar chiqadi. Inshaalloh. 

Bugungi kun yoshlariga juda ko‘p imkoniyatlar yaratib berilgan. Yoshlarimiz bu imkoniyatlardan oqilona va to‘g‘ri foydalanishlari lozim. Lekin, ming afsuslar bo‘lsinki, ba’zilarning farzandlari, xossatan, maktab yoshidagi yigitlar vaqtlarining aksarini internet va kompyuter o‘yinlari (playstation) klublarida har xil nojo‘ya o‘yin o‘ynab, insonning qalbi va imoniga zarar keltiradigan rasm va videolarni tomosha qilib va to‘g‘ri yo‘ldan adashtiruvchi notanish kishilar bilan suhbat o‘tkazib, umrlarining oltin davrini zoye qilmoqdalar.

Shuningdek, ba’zi oilalarda farzand tarbiyasi to‘lig‘icha televizor yoki telefon apparatlariga topshirib qo‘yilgan. Ularning farzandlarini o‘zlari emas, balki o‘sha texnik jihozlar “tarbiyalamoqda”. Har bir ota bolalari tarbiyasi uchun javobgar ekanini unutmasligimiz va oxiratda bu haqda aynan ota so‘ralishini yodimizdan chiqarmasligimiz kerak.

Hurmatli jamoat! Mav’izamiz davomida “Hayvonot olamiga nisbatan mehr-shavqat va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish” mavzusida suhbatlashamiz. Dinimiz hayvonot olamining hayotimizdagi ahamiyati va insoniyatga manfaatini voqe’likka muvofiq holda e’tiborga oladi hamda kerakli ko‘rsatmalarni beradi. Qur’oni karimning bir nechta suralari hayvonlarning nomlari bilan ataldi. Ba’zi oyatlarda chorva mollarining odamlarga manfaatlari ne’mat o‘laroq sanab o‘tilgan (Nahl surasi, 5-7 oyatlar).  Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hayvonlarning ham huquqlari borligini asoslab berdilar. Avvalambor hayvonlarga aziyat (ozor) bermaslik kerak. Payg‘ambarimiz  sallallohu alayhi vasallam yuz qismiga tamg‘a urilgan eshakni ko‘rib: “Bunga tamg‘a urganni Alloh la’natlasin!” – dedilar (Imom Muslim rivoyati). Yana hayvonlarni “musla” qilish (tirik hayvonlarni a’zolarini kesib o‘ldirish)dan ham qaytarilganmiz. Demak, hayvonlarga ozor berish, azoblash va ularga shafqat ko‘rsatmaslik shariatimizda jinoyat hisoblanadi. Hayvonlarni qamab qo‘yib, ochlikdan o‘ldirish haromdir. Hadisi sharifda bir mushukni qamab qo‘yib qiynagan ayolning azoblanishi haqida xabar berildi (Imom Buxoriy rivoyati).  Kunlarning birida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam eti suyagiga yopishib ketgan tuyani ko‘rib qoladilar va: “Bu tilsiz hayvonlar to‘g‘risida Allohdan qo‘rqinglar. Minishga yaroqli qilib mininglar, yeyishga yaroqli qilib yenglar”, – dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati). Har bir hayvonni nima uchun yaratilgan bo‘lsa, shu ishda foydalanish ham dinimizning ko‘rsatmalaridan biridir. Bir hadisi sharifda: “Ulovlaringiz ustini minbar qilib olishdan saqlaninglar...”, – deyilgan (Imom Abu Dovud rivoyati). Buning ma’nosi, kimnidir kutayotganda, savdo sotiq qilayotganda yoki boshqa ishlarni qilayotganda ulovni ustiga minib turmang, deganidir. Hadisi shariflarda tirik jonzot (tovuq, qo‘y, echki kabilar)ni o‘q otishga nishon qilib olishdan qaytariladi (Imom Buxoriy rivoyati).

Dinimizdagi hayvonlarga bog‘liq yana bir asl qoida ularga rahm-shafqat ko‘rsatishdir. Bu mavzuda ko‘plab hadislar rivoyat qilingan. Masalan, chanqagan itga shafqat ko‘rsatib, quduqdan suv olib chiqib bergan kishining gunohlarini Alloh taolo kechirgani rivoyat qilingan (Imom Buxoriy rivoyati). Sahobiylar safarda chumchuqqa o‘xshagan qushning paloponlarini olib qo‘yishganda, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam paloponlarni qaytarib o‘z joyiga qo‘yishni buyurdilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Hayvonlarga rahm-shafqatning bundan ham oliy darajasi go‘shti uchun so‘yilayotgan hayvonni ham qiynamaslikdir. Hadisi shariflarda so‘yilayotgan hayvonni qo‘pol ravishda sudramaslik, pichoqni hayvonni oldida qayramaslik, pichoqni o‘tkir qilish va boshqa hayvonlar oldida so‘ymaslik buyuriladi. Qo‘yni yiqitib qo‘yib, pichog‘ini qayrayotgan bir kishiga Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Uni bir necha marta o‘ldirmoqchimisan?!” – deb tanbeh berdilar (Imom Hokim rivoyati). Fatvo kitoblarida agar zarar yetkazmasa, hasharotlarni ham o‘ynab o‘ldirish mumkin emasligi zikr qilingan.

Alloh taolo ushbu yangi yilni barchalarimizga unumli qilib, farzandlarimiz tarbiyasiga yanada mas’uliyat bilan yondashuvimizni nasib aylasin! Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Allohdan so‘rang!

25.12.2024   894   2 min.
Allohdan so‘rang!

Mashhur ishbilarmon bilan bo‘lgan suhbatda undan hayotidagi esda qolarli voqea haqida so‘rashdi. U bunday hikoya qilib berdi: 
«Bir kuni o‘zimda ikkilanish, taraddudni his qilib, ochiq havoda sayr qildim. Eshigi ochiq turgan bir masjid yonidan o‘tarkanman, o‘zimga-o‘zim: “Kirib ikki rakat namoz o‘qiy”, deya masjidga burildim. Unda bir kishi qiblaga yuzlanib, qo‘llarini ko‘targancha yolvorib duo qilayotgan ekan. Bildimki, biror muammosi bor. U duo qilib bo‘lgach, sekin oldiga bordim: 
– Biror muammo bormi? 
– Bo‘ynimda qarzim bor, – dedi u. – Shu meni bezovta qilyapti.
– Qancha?
– To‘rt ming.
Saxiyligim tutdi. Cho‘ntagimdan pul chiqarib, unga to‘rt ming berdim. U juda xursand bo‘lib ketdi va menga rahmat aytib, haqqimga duo qildi. Men tashrif qog‘ozimni berib: “Biror ehtiyojingiz bo‘lsa qo‘ng‘iroq qiling yoki ishxonamga keling”, dedim. Bu taklifdan yanada xursand bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Biroq uning javobi meni hayratda qoldirdi! U aytdiki: “Yo‘q, birodar! Alloh sizni mukofotlasin, bu tashrif qog‘oziga ehtiyojim yo‘q. Men biror ehtiyojim bo‘lsa, ikki rakat namoz o‘qib, qo‘limni duoga ochib, hojatimni Allohdan so‘rayman. Alloh tez orada hojatimni ravo qiladi. Xuddi hozir sizni bu yerga boshlab kelib, vosita qilganidek!..”
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan bir hadis yodimga keldi: “Agar Allohga haqiqiy tavakkal qilsangiz, Alloh xuddi qushlarga rizq berib qo‘yganidek rizqingizni yetkazadi. Ular tongda hech vaqosiz chiqib ketib, kech bo‘lganda qorinlarini to‘yg‘azib qaytgani kabi”.
Masjiddan Alloh taoloning quyidagi oyatini takrorlab chiqdim: “Va barhayot, o‘lmaydigan Zotga tavakkal qil hamda Uni hamdu sano ila poklab yod et. Bandalarining gunohlaridan o‘ta xabardor bo‘lishda Uning O‘zi kifoyadir” (Furqon surasi, 58-oyat)».