O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning Tursomoney moliyaviy-iqtisodiy jurnalining yillik reytingida “Yilning xorijiy davlat arbobi” deb topildi. Bu haqda Istanbulda hukumat, parlament, jamoatchilik va ishbilarmon doiralar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tantanali marosimda e’lon qilindi.
Mazkur reyting ikki asosiy — “Yilning xorijiy davlat arbobi” va “Turkiyaning atoqli davlat arbobi” — nominatsiya va 6 ta yo‘nalish bo‘yicha belgilanadi. Kollegial komissiya va jyuri qarori Turkiya hamda chet el siyosatchilari, biznes vakillari faoliyatini o‘rganish va tahlil qilish asosida qabul qilinadi. Jyuri tarkibiga jurnal ekspertlari, Turkiya hukumati va parlamenti a’zolari, mamlakat mintaqalari vakillari kiradi.
Xabar berishlaricha, O‘zbekiston davlat rahbarining tashqi dunyo, xususan, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlari bilan siyosiy-iqtisodiy aloqalar va o‘zaro hamkorlik mustahkamlanishiga qo‘shgan salmoqli hissasi e’tirof etilgan. Turkiyaning sobiq bosh vaziri, hozirda parlament spikeri Binali Yildirim reytingdagi ikkinchi asosiy nominatsiya g‘olibi bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev avvalroq Osiyo jurnalistlari uyushmasi tomonidan siyosat yo‘nalishi bo‘yicha “Osiyoda yil odami” deb topilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.
Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.
Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.
Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati