Joriy yilning 21-22 dekabr kunlari Turkiya Respublikasining Istambul shahrida Yevrosiyo Fatvo kengashining III-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish “Zamonaviy davrda fatvo mavzusida duch kelinayotgan muammolar hamda dolzarb iqtisodiy masalalar” mavzusi ostida bo‘ldi.
Mazkur yig‘ilishda Yevropa, Rossiya, Kavkaz, Markaziy Osiyo, Afg‘oniston kabi bir qator davlatlardan Fatvo masalalari bo‘yicha mutasaddi ulamolar ishtirok etishdi. O‘zbekistondan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mudiri Homidjon Ishmatbekov qatnashdi.
Yig‘ilish kun tartibidan:
- hozirgi kunda diniy masalalarga javob berishda uchrayotgan uslubiy muammolar;
- qonuniy jihatdan tartibga solingan masalalarda fatvo berish siyosati;
- ba’zi zamonaviy iqtisodiy masalalar va ularning shar’iy ahkomlari kabi mavzular o‘rin olgan edi.
Yig‘ilishning birinchi kunida kun tartibidagi birinchi va ikkinchi masala yuzasidan ulamolar o‘zaro fikr almashdilar. Jumladan, hozirgi zamonda Fatvo berish masalasida ba’zi bir kishilar tomonidan biror-bir mazhabning usuliy qoidalariga rioya qilmagan holda, umumiy qoidalardan kelib chiqib fatvo berish mo‘min-musulmonlar orasida ziddiyatli holatlarni keltirib chiqarayotganligini ta’kidlab o‘tdilar.
Xususan, internet tarmog‘i orqali aholidan berilayotgan savollarga javob berayotgan kimsalar savol berayotgan jihatning ijtimoiy, iqtisodiy ahvolini hatto diniy saviyasini ham bilmay turib javob berishlari to‘g‘ri emasligi aytib o‘tildi.
Ikkinchi kuni hozirgi zamonda uchrayotgan ba’zi iqtisodiy-tijoriy masalalar (oltin asosidagi veksel savdosi va uni ijaraga olish-berish, foreks, raqamli kriptopullar savdosi, tarmoqli savdo va h.k.z) ustida bahs va munozara olib bordilar hamda ularning shar’iy hukmlari bo‘yicha bir to‘xtamga keldilar.
Eslatib o‘tamiz, Yevroosiyo fatvo kengashi 2016 yilning oktyabr oyida Yevroosiyo Islom kengashining IX-yig‘ilishida ta’sis etilgan. Uning asosiy vazifasi yevroosiyo hududida istiqomat qilayotgan musulmonlarning hayotida uchrayotgan diniy masalalarni hamkorlikda hal etishdan iboratdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun, 16 may kuni Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov Tayloq tumanidagi “O‘rta” masjidga bordi. Domla juma namozidan oldin “Kamtarga kamol, manmanga zavol” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy ma’ruza qildi.
Ma’ruzada insonning ichki kamolotga erishishida kamtarlikning naqadar muhim ekani, manmanlik va kibr kabi xulqlarning inson va jamiyat uchun keltirishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, Islom axloq-odobining oliy qoidalari, nafsni tarbiyalash, jamiyatda o‘zaro hurmat va insofni qaror toptirish kabi mavzular keng yoritildi.
Juma namozini o‘qish asnosida yurt tinchligi, el-yurt farovonligini so‘rab duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati