Yoshlarning ilm olishiga munosib hissa qo‘shgan ustoz – Malika opa Normuhamedova 2018 yil 23 dekabr kuni vafot etdi.
Malika opa Normuhamedova 1944 yil Toshkent shahrida ziyoli oilada tavallud topgan. 1966 yil Toshkent davlat universiteti va 1997 yil Toshkent islom institutini tamomlagan, pedagogika fanlari nomzodi edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida ko‘p yillar samarali xizmat qilgan ustoz 1993 yil Toshkent shahridagi Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurtining tashkil etilishiga ulkan hissa qo‘shgan. Shu bilan birga Toshkent islom institutida ayol-qizlarni ham ta’lim olishi uchun juda ko‘p tashabbus ko‘rsatgan.
Ustoz Malika opa 1993-2009 yillarda Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurtida mudira vazifasida ishlab, qizlarning yaxshi ta’lim-tarbiya olishiga tinmay harakat qilgan. Ustozning bilim yurtiga mehri bo‘lakcha bo‘lgani sababli nafaqaga chiqqandan keyin ham turli tadbirlarda duolari va ezgu tilaklari bilan madrasa faoliyatida hamnafas bo‘ldi.
Haq taolo Malika opaning oxiratlarini obod aylasin. Ustozning oila a’zolariga, yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz. Alloh taolo ustozni O‘z mag‘firatiga doxil qilsin, farzandu nabiralariga sabru jamil berib, sabrlariga ajru mukofotlar ato etsin.
Nozima IBROHIMOVA,
bilim yurti mudirasi
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayriya tadbirlari davom etmoqda.
Xususan, joriy yilning 9 avgust kuni «Vaqf» xayriya jamoat fondi Buxoro viloyati filiali, hududdagi masjidlar xodimlari va saxovatpesha homiylar hamkorligida ehtiyojmand oilalarning 35 nafar farzandi uchun sunnat to‘ylari tashkil etildi.
Tadbir doirasida to‘ybolalarning har biriga 35 ta velosiped, 35 to‘plam o‘quv qurollari hamda yangi kostyum-shim, ko‘ylak va oyoq kiyimlar to‘plami tantanali ravishda topshirildi.
Tantanali marosimda so‘z olganlar bolajonlar va ularning ota-onalariga ezgu tilaklar bildirib, farzandlarni sog‘lom, barkamol va dinu diyonatli insonlar etib tarbiyalash, ularga munosib ta’lim berish eng muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladilar.
Dinimiz va xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lgan bu kabi xayrli tadbirlarni «Vaqf» fondi tomonidan izchil davom ettirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati