Ma’lumki, Respublikamiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida bo‘lgani kabi ta’lim sohasida ham tub o‘zgarishlar jarayoni kechmoqda. O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonuni va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» ta’lim tizimi jumladan, oliy ta’lim muassasalari oldiga pedagogik kadrlarni tayyorlashni tubdan yaxshilash vazifasini qo‘ymoqda.
Kitob shahar «Xoja Buxoriy» o‘rta maxsus islom bilim yurtida Toshkent islom institutining 5 nafar amaliyotchi talabalari pedagogik amaliyot o‘tkazib kelmoqdalar.
Albatta, bo‘lajak o‘qituvchilarni tayyorlashning muhim bosqichlaridan biri pedagogik amaliyot sanaladi. Oliy ta’lim muassasasi auditoriyasida egallangan nazariy bilimlar, malaka va ko‘nikmalar amaliyot davomida sinovdan o‘tadi, rivojlantiriladi. Aynan shu amaliyot jarayonida talabalar o‘quvchilarni tarbiyalashga, o‘quv va tarbiyaviy jarayonlarni uzviy birlikda amalga oshirishga, bolalarni g‘oyaviy-siyosiy, aqliy, ahloqiy, mehnat, jismoniy hamda estetik jihatdan tarbiyalashning birligini ta’minlashga o‘rganadilar.
Bilim yurtida 21 dekabr kuni amaliyotchilar rahbari Toshkent islom institutining tillar kafedrasi mudiri Sherzod Cho‘lponov amaliyotchi talabalar bilan uchrashib, dars jarayonlarida ishtirok etdi va amaliyotchi talabalarga o‘z taklif va tavsiyalarini berdi.
Shuningdek, Sherzod Cho‘lponov va bilim yurtining “Talabalar ilmiy jamiyati” a’zolari o‘rtasida mazmunli suhbat tashkil etildi. Suhbatda bilim yurti mudiri O‘.G‘uzarov ham ishtirok etdi. Suhbat davomida Sherzod Cho‘lponov “Talabalar ilmiy jamiyati” a’zolari tomonidan bajarilgan ilmiy ishlar bilan tanishdi hamda talabalarga ilmiy izlanishda bardavom bo‘lib, el yurt manfaati va dinimiz taraqqiyoti yo‘lida astoydil harakat qilishlarini tilab qoldi.


Azamat Usmonov
Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.
Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.
Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati