Alloh taolo o'ta mehribon va karami keng, fazli ulug' va hikmati benazir Zotdir. Zotan, buyuk Alloh yaratgan mavjudotlarining ba'zisini ba'zisidan o'zining hikmati o'laroq fazilatli qilib qo'ygan.
Ana shunday fazilatga muharram oyini misol qilishimiz mumkin. Bu oy muborak, fazli ulug' oy bo'lib, hijriy sananing birinchi oyidir. Shu bilan birgalikda, muharram oyi urush harom qilingan muqaddas oylarning biri hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda:
إِنَّ عِدَّةَ الشُّهُورِ عِنْدَ اللَّهِ اثْنَا عَشَرَ شَهْرًا فِي كِتَابِ اللَّهِ يَوْمَ خَلَقَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ مِنْهَا أَرْبَعَةٌ حُرُمٌ ذَلِكَ الدِّينُ الْقَيِّمُ فَلَا تَظْلِمُوا فِيهِنَّ أَنْفُسَكُمْ …
Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi – Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq – o'n ikki oydir. Ulardan to'rttasi (urush) taqiqlangan oylardir. Ana shu to'g'ri dindir. Bas, o'sha (oy)larda (jang qilib) o'zingizga zulm qilmangiz!… (Tavba surasi, 36-oyat).
Dinimizda urush taqiqlangan to'rt oy bor. Ular – Zulqa'da, Zilhijja, Muharram va Rajab oylaridir.
Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bir yil o'n ikki oydan iborat. Shulardan to'rttasi harom (urish taqiqlangan) oylardir. Uchtasi ketma-ket keladi. Zul-qa'da, Zul-hijja va Muharram oylari va to'rtinchisi Jumod va Sha'bon orasidagi Muzor qabilasining Rajab oyidir” (Buxoriy rivoyati).
Demak, bu oy Alloh subahanahu va taoloning nazdida juda maqomi ulug' oylardan ekan. Bu oyni qadrlab ko'proq yaxshi ezgu amallarga intilmog'imiz darkordir. Shariatimizda ham ko'proq nafl ibodatlarni qilishga targ'ib etilgan. Payg'ambarimiz alayhissalom: “Afzallikda Ramazon oyining ro'zasidan keyin Allohning oyi Muharram ro'zasi turadi”-deb marhamat qilganlar (Muslim rivoyati). Hadisi sharifda muharram oyini “Allohning oyi” deb aytilmoqda. Bu shu oyning ulug'ligidan hamda fazilatlarining ko'pligiga dalolat qiladi.
Muharram oyining eng afzal kuni o'ninchi kunidir. Bu kunni dinimizda “yavmu ashuro” ashuro kuni deb yuritiladi. “Ashuro” so'zi lug'atda “o'ninchi kun” degan ma'noni bildiradi. Muharram oyining o'ninchi kuni Ashuro nomi bilan mashhur bo'lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunda ro'za tutishga qiziqtirganlar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro ro'zasini o'ninchi kuni tutishga amr qilgandilar” (Termiziy rivoyati). Hanafiy mazhabimiz ulamolari ashuro kuni ya'ni muharram oyining to'qqizinchi va o'ninchi kunlari ro'za tutishni sunnat deyishgan.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu kun – Ashuro kuni ro'zasini boshqasidan afzal ko'rib, sog'inib va ushbu oy – Ramazon oyi ro'zasini istab sog'ingandek, boshqa kun va oy ro'zasini istaganlarini ko'rmadim, deganlar” (Buxoriy rivoyati).
Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan umid qilamanki, Ashuro kunining ro'zasini o'zidan oldingi sana (gunohlari)ning kafforoti bo'lsa”, dedilar” (Termiziy rivoyati). Bir kun nafl ro'za tutgan bandaga Yaratganning marhamatini qarang? To'liq bir yillik gunohlarni kechirilishi bo'lsa?! Bunday fazl Buyuk Allohning marhamatidandir.
Abu Sa'id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo'yi kenglik yaratadi”, dedilar”. Ushbu rivoyatdagi kenglik yaratishdan maqsad emoq, ichmoq, xursandchilik ma'nosidagi bemalollikdir.
Ulamolarimiz: “Kim Zul-hijja va Muharram oylarini ro'zasini tutsa, go'yo yilni toat-ibodat bilan tugatib, toat-ibodat bilan boshlabdi. Umid qilamiz-ki, yil davomida shu fazilat ega bo'linsa”-deb ta'kidlaganlar.
Demak, muharram oyini xususan, ashuro kunining fazilatidan umid qilib, yaxshi amallarga bel bog'lasak, Allohning ulug' fazlu barakotiga ega bo'lib, ham dunyomiz ham oxiratimiz, ham tiriklarimiz ham vafotlarimiz, ham xonadonimiz ham yurtimizga rahmat va mag'firatlar yog'ilsa deb umid qilamiz. Yaratgan barchamizni ulug' kunlar fazlidan nasib etsin!
Jaloliddin Hamroqulov,
O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.
«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.
Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi.
Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».
Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».
Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.
«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».
Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.
Alloh taolo «Tahrim» surasida:
«Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: «Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan najot bergin va menga zolim qavmdan najot bergin», deb aytdi», degan (11-oyat).
Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.
Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.
«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni (misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan bo‘ldi» (12-oyat).
Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.
«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».
Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.
O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.
Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!
Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.
Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:
«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.
«Oisha», dedilar.
«Erkaklardan-chi?» dedim.
«Uning otasi», dedilar.
«So‘ngra kim?» dedim.
«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».
Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?
Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?
Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.
Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:
«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.
– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.
– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.
– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.
– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.
– Men pokning huzurida pok yaratilganman.
– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».
Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:
«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:
«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.
Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.
Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».
Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?
Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.
"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.