Mamlakatimiz taraqqiyotning yangi davrida muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan diniy sohada olib borayotgan islohotlar ayniqsa diqqatga sazovordir. Ushbu islohotlarning hayotga tatbiq etilishida diniy soha xodimlari ham munosib ishtirok etishlarini ta’minlash O‘zbekiston musulmonlari idorasi oldida turgan eng oliy vazifalardan biridir.
Bugun, 20 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan "ENG MA’RIFATLI IMOM – 2018" ko‘rik tanlovining respublika bosqichi boshlandi.
Unda tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bosqichida birinchi o‘rinni egallagan 14 nafar imom-xatib bellashmoqda.
"ENG MA’RIFATLI IMOM– 2018” ko‘rik-tanlovini o‘tkazishdan maqsad, bugungi kun imom-xatibi ham diniy ham dunyoviy bilimlarni puxta egallashi, Qur’oni karim oyatlari tafsirini mukammal bilishi, dunyoda yuz berayotgan voqelikdan xabardor bo‘lib, xalqni ezgulik va birdamlikka chaqirishi, yoshlarga haq bilan botilni yetkaza bilishi kabi faoliyatlarni yanada jadallashtirishdan iborat.
Shuningdek, hozirgi paytda dunyoda kechayotgan murakkab siyosiy jarayonlarda Islom dini niqobi ostida ro‘y berayotgan urush va to‘qnashuvlar, buzg‘unchi g‘oyalar tahdididan aholini ogoh etib, ularga to‘g‘ri islomiy ta’limotni yetkazish kabi vazifalarni qay darajada uddasidan chiqayotganlarini bilish ham maqsad qilib qo‘yilgan.
Tadbir Qur’on karim tilovati bilan boshlandi. Shundan so‘ng hakamlar hay’ati va ishtirokchilar tanishtirildi.
Musobaqa davom etmoqda. Tanlov haqidagi batafsil ma’lumotlarni muslim.uz portali va uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida kuzating.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Vafot etganingizdan keyin nimalar bo‘lishini tasavvur qilasizmi? Bir necha soat o‘tib, siz uchun yig‘layotgan odamlarning yig‘isi to‘xtaydi. Yaqin qarindoshlaringiz ham hayot tashvishlariga ovunadi.
Ko‘p o‘tmay, rahbaringiz o‘rningizga boshqa xodim topadi. Yaqinlaringiz, farzandlaringiz ishga, tirikchilik tashvishiga tushib ketadi.
Bir oy o‘tgandan so‘ng turmush o‘rtog‘ingiz ham sizni kamroq eslay boshlaydi. Ha, odam o‘zi o‘ylaganidan ko‘ra tezroq unutiladi.
Modomiki, odamlar sizni shunchalar tez esdan chiqarar ekan, bu o‘lchovli umringizni kim yoki nima uchun sarflamoqdasiz? Bir umr “Odamlar nima derkin?” deb yashab o‘tmayapsizmi? Yashashdan maqsadingiz nima o‘zi?
Bir lahza tin olib, shular haqda o‘ylab ko‘ring. Bu olamga keltirilish sababingiz haqida mulohaza yuriting. Yaqinlaringizni hayotlik chog‘ida qadrlangki, vaqti yetganda qadr topasiz. Alloh taolo O‘zi rozi bo‘ladigan hammamizga mazmunli hayot, xayrli oqibat nasib etsin!
Akbarshoh Rasulov