Ispaniya Qirolligining poytaxti bo‘lgan Madrid shahrida Islom madaniyati va diniy bag‘rikenglik markazi o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu marosimda Ispaniya oliy ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari va mamlakatda faoliyat olib borayotgan diplomatik vakolatxona rahbarlari ishtirok etgan.
iqna agentligining ma’lumotiga ko‘ra, Birlashgan Arab Amirliklarining Diniy bag‘rikenglik vaziri Shayx Nahyan bin Muborak ham Markazning ochilish marosimida ishtirok etgan. Ushbu shaxs tadbirda nutq so‘zlab, bu loyiha jahonda turli din vakillari o‘rtasida hamjihatlik ni ta’minlashni maqsad qilganini qayd etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV